AQSH Oliy sudi Tramp joriy etgan tariflarni noqonuniy deb topdi

AQSH Oliy sudi prezident Donald Tramp davrida joriy etilgan import bojlarining katta qismini noqonuniy, deb topdi. Xulosa sud qarori materiallariga tayanilgan holda tarqatildi: gap shundaki, ma’muriyat Kongressning to‘g‘ridan to‘g‘ri roziligisiz keng qamrovli tariflarni kiritish uchun 1977-yilda qabul qilingan IEEPA — Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga suyangan, sud esa buni vakolatdan chiqish, deb baholadi.
Sud nima dedi?
Aksariyat sudyalar pozitsiyasiga ko‘ra, IEEPA prezidentga qonun chiqaruvchi hokimiyatni chetlab o‘tib, deyarli butun dunyodan keladigan tovarlarga ommaviy tarzda “soliq” qo‘yib yuborish vakolatini bermaydi. Ya’ni tarif — bu shunchaki tashqi savdo “knopkasi” emas, Konstitutsiya va qonunlar nuqtayi nazaridan Kongress nazoratida bo‘lishi kerak bo‘lgan katta qaror.
Qaysi bojlar bekor bo‘lyapti?
Qaror, asosan, o‘nlab davlatlar importiga qaratilgan keng “global/o‘zaro (reciprocal)” va “javob” tariflariga tegishli. Ular savdo taqchilligini qisqartirish, hamkorlarga bosimni kuchaytirish kabi maqsadlar bilan tushuntirilgan edi. Shuningdek, ayrim “milliy favqulodda holat” asosida kiritilgan tariflar ham IEEPA doirasida bo‘lgani uchun zarba ostida qoldi.
Pul masalasi nima bo‘ladi?
Eng qiziq joyi — iqtisodiy oqibat. Tahlilchilar hisob-kitoblarida oldin yig‘ilgan 175 milliard dollardan ortiq tarif tushumlari “talab qilib olinishi mumkin bo‘lgan mablag‘” toifasiga tushib qolyapti. Bu qaror importchilarga kompensatsiya/qaytarim talab qilish uchun huquqiy eshik ochishi ehtimolini kuchaytiradi. Lekin amaldagi jarayon oson bo‘lmasligi — alohida sud ishlari, texnik hisob-kitoblar, tartib-qoidalar masalasi bor.
Nega bu qaror katta ahamiyatga ega?
Bu qaror amalda prezidentning yakka o‘zi katta masshtabda savdo cheklovlarini “shoshilinch” qonunga suyanib joriy etish imkonini qisqartiradi. Demak:
- import tovarlari narx siyosati va ta’minot zanjirlariga ta’sir qilishi mumkin;
- AQSH savdo siyosatida “men aytdim — bo‘ldi” uslubi cheklanadi;
- Oq uy endi bojlarni tiklash uchun boshqa qonunlar yoki Kongress orqali yangi mexanizm izlashga urinishi mumkin.
Qisqasi, bu qaror — savdo frontidagi katta burilish. Tariflar masalasi endi ham siyosat, ham iqtisod, ham sud maydonida uzoq davom etadi. “Savdo urushi” serialining yangi mavsumi boshlandi, xolos — lekin ssenariyni endi hamma birga yozadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!