Belgiyada devor orasidan 9 mln evrolik oltin topildi

Belgiyada devor orasidan 9 mln evrolik oltin topildi
Qisqacha

Belgiyaning Dendermonde shahrida qurilish paytida devor orasidan qiymati qariyb 9 million evroga baholangan oltin tangalar va quymalar topildi. Topilmani 18 yoshli talaba Kobi payqagan, shundan so'ng ishchilar bu haqda bino egasi va polisiyaga xabar bergan. Oltinlar hozir polisiya nazoratida saqlanmoqda, Sharqiy Flandriya prokuraturasi esa xazina devorga qachon va nima maqsadda yashirilganini tekshirmoqda.

Belgiyaning Dendermonde shahrida qurilish ishlari olib borilayotgan vaqtda devor orasidan qiymati qariyb 9 million evroga baholanayotgan oltin tangalar va quymalar topildi. Topilma haqida VRT NWS xabar berdi.

Hodisa 12 avgust kuni Sint-Gillis-Dendermonde hududidagi Van Langenxovestraat ko'chasida joylashgan binoda buzish ishlari paytida aniqlangan. Ishchilar kanalizasiya quvurini o'tkazish uchun poydevorning bir qismini buzganida, g'ishtlar orasidan yaltiroq tangalar va oltin quymalari chiqqan.

Xazinani birinchi bo'lib 18 yoshli talaba Kobi payqagan. U dastlab topilgan tangalarni oddiy 1 evrolik tangalar deb o'ylagan. Biroq ular orasidan oltin bo'lagi ham ko'rinishi bilan ishchilar g'ayrioddiy topilmaga duch kelishganini anglagan.

Qurilish maydoni rahbarining aytishicha, qazish ishlari davom ettirilganida yana ko'plab oltin tangalar va quymalar topilgan. Shundan so'ng ishchilar bu haqda ob'ekt egasi va polisiyaga xabar bergan. Hozirda topilgan oltinlar polisiya nazorati ostida xavfsiz joyda saqlanmoqda.

Sharqiy Flandriya prokuraturasi mazkur xazinaning bino devori orasiga qachon va nima maqsadda yashirilganini aniqlash uchun tergov olib bormoqda. Bino egasining vakili esa oltinlarning yashirilishi ehtimoliy firibgarlik bilan bog'liq bo'lishi mumkinligini istisno qilmagan.

Ayni paytda qimmatbaho topilmaning qonuniy egasi kim ekani, shuningdek, uni aniqlagan qurilish ishchilariga mukofot beriladimi-yo'qmi ma'lum emas. Bu masalalar tergov natijalari va Belgiya qonunchiligi asosida hal etiladi.

Qurilish maydoni rahbari esa 33 yillik ish tajribasi davomida bunday holatga birinchi marta duch kelganini aytgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar