«Himoya — bosh og‘rig‘imiz»: Kapadze kechagi o‘yindan so‘ng kamchiliklar haqida

«Himoya — bosh og‘rig‘imiz»: Kapadze kechagi o‘yindan so‘ng kamchiliklar haqida
Qisqacha

«Navbahor» Superliganing 17-turida «Bunyodkor»ni 4:3 hisobida mag'lub etdi. Temur Kapadze jamoa 2:0 hisobida oldinga chiqqach, o'yinni bo'shashtirib yuborgani va himoyadagi xatolar eng katta muammo ekanini ta'kidladi. Muhammadali G'iyosovning jarohati jiddiy emasligi, tarkibdagi o'zgarishlar esa tig'iz taqvim sabab futbolchilardagi toliqish bilan bog'liqligi aytildi.

O‘zbekiston Superligasi 17-turidan o‘rin olgan «Navbahor» hamda «Bunyodkor» klublari o‘rtasidagi bahs haqiqiy gollar shousiga aylandi. 7 ta gol urilgan murosasiz o‘yinda namanganliklar 4:3 hisobida irodali va muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv yakunlangach, «lochinlar» ustozi Temur Kapadze jurnalistlar qarshisida matbuot anjumanida qatnashib, bahsning murakkab jihatlari, himoyadagi muammolar va tarkib o‘zgarishlariga batafsil to‘xtaldi.

«2:0 dan keyin o‘yinni tashlab yubordik»

Temur Kapadze qiyin kechgan g‘alaba va himoya chizig‘idagi kamchiliklar haqida kuyunchaklik bilan fikr bildirdi:

«Avvalo, «Navbahor» muxlislarini qiyin g‘alaba bilan tabriklayman. Aslida o‘yinni bunchalik og‘irlashtirmasligimiz kerak edi. 2:0 hisobida oldinda borayotgandik, yana gollar urishimiz lozim edi.

Muhammadali G‘iyosovning jarohati ta’sir qildimi, bilmadim, ammo yigitlar o‘yinni biroz bo‘shashtirib yuborishdi. Raqibning har bir tepgan to‘pi darvozamizdan joy olgani alam qildi. Himoyadagi xatolarimiz — ayni paytda eng katta bosh og‘rig‘imiz. Kamchiliklar ustida ishlaymiz, chunki juda oson gollar o‘tkazib yubordik. Oldimizda «Nasaf» bilan jiddiy bellashuv kutib turibdi».

G‘iyosovning jarohati va tarkibdagi rotatsiya

Uchrashuv davomida majburiy o‘zgartirilgan va gol muallifi bo‘lgan Muhammadali G‘iyosovning holati haqida ustoz quvonarli yangilikni aytdi:

«Biz boshida jiddiy xavotirda edik. Shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazishdi, xayriyatki, jarohati unchalik og‘ir emas, oyog‘ini biroz qayirib olibdi, xolos.

Tarkibdagi o‘zgarishlarga kelsak, tig‘iz taqvim tufayli futbolchilarda toliqish kuzatilmoqda. Zaxiradagi har bir o‘yinchiga to‘liq ishonaman. Jiyanov, Usmonov, Abdurahmonov kabi yigitlar maydonga tushib, o‘yin tempini yaxshi kuchaytirib berishdi».

Abdulla Abdullayev nega bitta ham o‘yinda qatnashmay jamoani tark etdi?

Matbuot anjumanida jamoaga yaqinda kelib, tezda «Neftchi»ga o‘tib ketgan tajribali yarimhimoyachi Abdulla Abdullayev masalasiga ham aniqlik kiritildi:

«Abdullayev bilan 5 oylik, ya’ni yil oxirigacha shartnoma imzolagandik. Jarohati borligini bilardik va bir oyda tuzalishi kutilgandi. Biroq bir oy o‘tib qilingan takroriy rentgen uning suyagi bitishiga hali ancha vaqt kerakligini ko‘rsatdi.

Agar 1,5–2 yillik shartnoma bo‘lganida kutish mumkin edi. Biz oldindan kelishib olgandik: jarohat cho‘zilsa, bitim bekor qilinadi. Chunki uning to‘liq tiklanishiga 2-3 oy ketib, mavsum ham tugab qolardi. «Neftchi» unga uzoq muddatli shartnoma taklif qildi va bu to‘g‘ri qaror. Rahbariyat bilan do‘stona xayrlashdik. U kuchli futbolchi va terma jamoamizga hali ko‘p kerak bo‘ladi», — deya so‘zini yakunladi Kapadze.

Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashing.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar