Yevropa davlatlari qishki vaqtga o‘tib, soatlarni bir soat orqaga surdi

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 25 oktyabrga o‘tar kechasi qishki vaqtga o‘tdi. Shu munosabat bilan soat millari bir soat orqaga surildi. Bu haqda «Deutsche Welle» xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlarida vaqtni o‘zgartirish belgilangan tartib asosida amalga oshirilgan. Jumladan, Bryusselda soat 03:00 bo‘lganida millar bir soat orqaga qaytarilib, 02:00 qilib belgilangan. Bu orqali mamlakatlar qishki vaqt rejimiga o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqida yozgi va qishki vaqtga o‘tishning yagona qoidasi 1996 yildan buyon amal qilib keladi. Unga ko‘ra, mart oyining oxirgi yakshanbasida soat millari bir soat oldinga suriladi, oktyabr oyining oxirgi yakshanbasida esa yana bir soat orqaga qaytariladi.
Biroq vaqtni mavsumga qarab o‘zgartirish tizimidan voz kechish masalasi bir necha yildan beri muhokama qilib kelinmoqda. 2019 yilda Yevropa parlamenti soat millarini almashtirish amaliyotini bekor qilish taklifini qo‘llab-quvvatlagan. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bu masalada hozirgacha yagona qarorga kela olmagan.
Yevropa Ittifoqi hududida jami uchta vaqt mintaqasi mavjud. Irlandiya va Portugaliyada Grinvich vaqti qo‘llaniladi. Finlyandiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlarini ham o‘z ichiga olgan sakkizta YEI davlatida Sharqiy Yevropa vaqti amal qiladi, u Grinvich vaqtidan ikki soat oldinda.
Yevropa Ittifoqining qolgan mamlakatlarida, jumladan, Germaniyada esa Markaziy Yevropa vaqtidan foydalaniladi. Bu vaqt mintaqasi Grinvich vaqtidan bir soat oldinda hisoblanadi.






























Izohlar 0
…