Yevropada qishki vaqt boshlandi: soatlar bir soat orqaga surildi

Yevropada qishki vaqt boshlandi: soatlar bir soat orqaga surildi

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 25 oktyabr kuni yozgi vaqtdan qishki vaqtga o‘tdi. Shu munosabat bilan soat millari bir soat orqaga surildi. Bu haqda «Deutsche Welle» xabar berdi.

Qayd etilishicha, Germaniya, Fransiya va boshqa Markaziy Yevropa mamlakatlarida mahalliy vaqt bilan soat 03:00 da soat millari 02:00 ga qaytarildi. Natijada aholi bir soat ko‘proq uxlash imkoniga ega bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqida yozgi va qishki vaqtga o‘tishning yagona tartibi amal qiladi. Unga ko‘ra, mart oyining oxirgi yakshanbasida soatlar bir soat oldinga, oktyabr oyining oxirgi yakshanbasida esa bir soat orqaga suriladi.

2019 yilda Yevropa parlamenti soatlarni mavsumiy o‘zgartirishdan voz kechish taklifini qo‘llab-quvvatlagan edi. Biroq Ittifoq mamlakatlari yagona qarorga kelmagani sababli amaldagi tartib saqlanib qolmoqda.

Yevropa Ittifoqida uchta vaqt mintaqasi mavjud. Irlandiya va Portugaliya qishda Grinvich vaqtidan foydalanadi. Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlarda Markaziy Yevropa vaqti, Finlyandiya va Boltiqbo‘yi davlatlarida esa Sharqiy Yevropa vaqti amal qiladi. Har bir mintaqada soatlar mahalliy vaqtga muvofiq o‘zgartiriladi.

Navbatdagi mavsumiy vaqt o‘zgarishi 2027 yil 28 mart kuni bo‘lib, o‘shanda soat millari bir soat oldinga suriladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar