13:48 / 29.11.2020
4 850

Xrushchev qanday qilib o‘yindan chiqarilgandi?

Xrushchev qanday qilib o‘yindan chiqarilgandi?
«MIR 24» muxbiri Roman Nikiforov qanday qilib Nikita Xrushchevning hokimiyatdan ketgani haqida atroflicha yozgan. Quyida bu haqda o‘qishingiz mumkin.

1964 yil aprelda Leonid Brejnev Kremlda Nikita Xrushchevni mukofotlaydi. Sotsialistik Mehnat Qahramonining uchta yulduzchasiga yana bittasi qo‘shiladi: «Sovet Ittifoqi Qahramoni». Birinchi kotibning 70 yilligini nishonlash arafasida katta bayram dasturxoni yoziladi. Hurmatli qahramonni hammaslaklari iliq kutib olishadi. Aynan ular oradan ma’lum vaqt o‘tib, Xrushchevni yo‘ldan olib tashlashadi. O‘yinga Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (KGB) raisi Vladimir Semichastniy ham qo‘shilgandi.

«Xrushchevni yo‘ldan olib tashlash uchun har xil variantlar ko‘rib chiqildi: zaharlash kerakmi yo... Keyin suhbat mavzusi Shvetsiyaga kelib to‘xtadi. Axir u hozir Shvetsiyada va qaytishi kerak-ku! Balki, poyezdni to‘xtatish lozimdir, ehtimol, hibsga olish...» – shunday eslaydi SSSR Ministrlar Soveti (1961 – 1967) huzuridagi KGB raisi Vladimir Semichastniy.

Fitnachilarning ko‘pi Xrushchevdan qarzdor edi. Shaxsan V.Semichastniyning o‘zi mamlakatning bosh komsomol a’zosidan asosiy chekistga aylanadi. Qandaydir 37 yil ichida. Yoki boshqa figuralarni olaylik: Nikolay Podgorniy. Xrushchev unga Ukraina Kompartiyasini ishonib topshiradi, so‘ng Moskvaga olib keladi – Markaziy Qo‘mita kotibligiga. Yana biri – Leonid Brejnev. Stalinning vafotidan keyin Brejnev ishsiz qoladi. Uni partiya ishiga esa aynan Nikita Sergeyevich qaytargan, g‘amxo‘rlik qilgandi. L.Brejnev 60-yillarda Oliy Sovet prezidiumi raisi bo‘ladi. Bu mamlakatdagi uchinchi katta amal edi (MQ birinchi kotibi va Ministrlar Soveti rahbaridan keyingi).

Xo‘sh, Xrushchevning ketishini istaydiganlar asosan kimlar edi? «Uning tagini kovlovchilar asosan Brejnev va Podgorniy edi», – deydi Ukraina Kompartiyasi MQ birinchi kotibi (1963 ­– 1972) Petr Shelest.

«Tayyorgarlik ishlari» yil boshidan boshlab yuboriladi: dala hovlilardagi maxfiy suhbatlar, respublika bo‘ylab sayohatlar... Bu haqdagi ma’lumotlar birinchi kotibga yetib borganda esa juda kech bo‘lgandi.

«Men uni barchasiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ogohlantirgan edim. Bu iste’foga chiqishidan bir oycha avval taxminan sentabr o‘rtalarida bo‘lgandi», – deydi Nikita Xrushchevning o‘g‘li Sergey Xrushchev.

Sergey Xrushchev hozirda Amerikada yashaydi. Eslashicha, otasi fitnaga qarshi hech qanday chora ko‘rmagan. «O‘z xohishiga ko‘ra» iste’foga chiqqan otasi o‘shanda yana bir islohot o‘tkazmoqchi bo‘lgan ekan.

«Otam yangi Konstitutsiya (loyihasi) tayyorlagandi, – deya davom etadi o‘g‘li: – Unda doimiy parlament bo‘lishi, hatto yangi partiya tuzish haqida ham gap borardi...»

Xrushchev o‘zgarishlarni xohlar, mamlakatdagi ahvol qoniqtirmasdi. Iqtisodiyot oqsagan, qishloq xo‘jaligidagi muammolar... U har qanday holatda ham natija talab qilardi. Stalinni yoqtirmagan bu shaxs hech kimga, hatto partiyaning taniqli vakillariyu hukumat amaldorlariga ham imtiyoz yo chegirmalar bermagan.

«N.S.Xrushchevning asosiy yutug‘i shundaki, sobiq ittifoqda destalinizatsiya (Stalin shaxsiga sig‘inishni bartaraf etish hamda uning davridagi siyosiy-mafkuraviy tuzumni yo‘q qilish) boshlanishiga aynan u sababchi edi. Eng katta muvaffaqiyatsizligi esa o‘zgaruvchanligida edi: islohotlarni boshlashga boshlab, keyin ularni ham isloh qilgan. Kezi kelsa, o‘sha islohotlarini bekor qilgan yoki g‘oyalaridan voz kechgan. Bu esa oxir-oqibat fuqarolarni, ayniqsa, siyosiy opponentlarini unga qarshi qildi», – deya ta’kidlaydi amerikalik tarixchi Uilyam Taubman.

Ular birinchi kotibning Pitsunda (Abxaziya)ga ta’tilga chiqishini kutishmoqda. Odatda bu yerda hayot qizg‘in edi: Xrushchevga iltimoslar bilan kelishar, uchrashuvlar o‘tkazilardi, ammo bu safar...

1964 yilning oktabri. Jimlik, hech kim bezovta qilmayapti. Qo‘riqchilar boshlig‘i o‘zgargani birinchi ogohlik qo‘ng‘irog‘i edi. Ko‘p yillar davomida N.Xrushchevni Nikifor Litovchenko qo‘riqlab kelardi, ammo kutilmaganda yangi shaxs paydo bo‘lsa deng – Vasiliy Bunayev.

12 oktabrda Baykonurdan «Vosxod» havoga ko‘tariladi – tarixda birinchi marta kema bortida 3 nafar astronavt bo‘lishi edi. Nikita Sergeyevich odatga ko‘ra qo‘ng‘iroq va hisobotlarni kutmoqda, biroq hech kim qo‘ng‘iroq qilmasa-ya! O‘sha damlarni o‘g‘li shunday eslaydi?

«O‘zimni yomon his qildim. Odatda hamma bunday kezlar birinchilardan bo‘lib qo‘ng‘iroq qilishga intilardi. Bugun esa N.Xrushchevni unutdilar, hisobdan chiqarishdi. U endi shunchaki yo‘qdek edi...»

O‘sha kuni kechqurun Moskvadan qo‘ng‘iroq bo‘ladi: Brejnev. Xrushchevni MQ Prezidiumiga chaqiryapti. Qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qandaydir muhim masalalarni hal qilish uchun. Xrushchev hammasini tushunib turibdi. Axir 10 yilcha oldin o‘zi ham shunday qilgandi-ku. Shunga qaramay, keyingi kuni yopiq majlisda qatnashgani poytaxtga uchadi.

«Hamma bir ovozdan uni chetlatishga qaror qildi. Endi hech kim qo‘rqmasdi, o‘ylagan barcha narsalarini aytishdi», – deydi Yuriy Jukov.

O‘shanda Brejnev shunday degan ekan: «Ariza yozing, siz bilan bahslashib-tortishib o‘tirmayman...» Xrushchev esa faqat bitta narsani so‘raganmish – plenumda xayrlashuv nutqi bilan chiqish qilishga imkon berilishini. Brejnev yo‘q degan, Suslov esa endilikda sobiq birinchi kotibni qo‘llagan ekan.

Bu Shelestning xotiralaridan (shularni eslayotganida yig‘idan ko‘z yoshlarini tiyib turolmaydi).

Plenum yakunida Nikita Xrushchev o‘rnini Leonid Brejnev egallaydi. N.Xrushchev yana dala hovliga yo‘l oladi. Bu safar Qora dengizdagi emas, Moskva yaqinidagiga. Bu gal ma’lum muddatga ta’tilga emas, bir umrlik «otpuska»ga ketadi.

Haligacha Stalinning o‘limiga aloqador deb hisoblanuvchi, Beriyani hokimiyatdan ketkazgan Nikita Xrushchev o‘zi ham fitnaga giriftor bo‘ldi, faqat tinch yo‘l bilan. Nikita Xrushchev 1971 yil 11 sentabrda 77 yoshida olamdan o‘tdi.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maftuna Karimova

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xrushchev qanday qilib o‘yindan chiqarilgandi?