Hozircha afg‘on konlarida ma’danlar ibtidoiy usulda qazib olinmoqda.
Foto: dpa
Afg‘onistonda markaziy hokimiyatni nazoratga olgan «Tolibon» harakati dunyo iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega litiy koni ustidan ham nazorat o‘rnatdi, deb yozadi «Quartz» nashri.
«The New York Times» nashri 2010 yilda AQSH geologlari Afg‘oniston hududida taxminan 1 trillion dollarlik ulkan litiy konini topganlari haqida xabar bergan edi. Birgina G‘azni shahridagi litiy koni ayni paytda dunyoda eng yirik hisoblanuvchi Boliviya konlaridan ham ko‘proq zaxira ega ekani aytilgan edi. O‘tgan 11 yil davomida mamlakatdagi qurolli ziddiyatlar, korrupsiya va boshqa byurokratik to‘siqlar sabab litiy konlari istifoda etilmadi.
«Tolibon» dunyodagi eng muhim strategik minerallarga egalik qilmoqda. Ular bu ma’danlardan foydalana oladimi? Bu masala kelgusida muhim ahamiyat kasb etadi», – deydi Vashingtondagi ekologik xavfsizlik dasturi rahbari Rod Shunover.
Gap shundaki, kumushsimon tusdagi litiy elektromobillar, noutbuk va mobil telefonlar ishlab chiqarish hamda muqobil energiya tizimini yaratishda muhim o‘rin tutadi. Xalqaro energetika agentligi prognoziga ko‘ra, 2040 yilga borib, dunyo miqyosida litiyga bo‘lgan talab va ehtiyoj 2020 yilga qaraganda 40 baravarga oshadi. Demak, global miqyosda ekologik toza energetika tizimiga o‘tilishi Afg‘onistonga ulkan daromad keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, Afg‘oniston hududida oltin, temir, mis, kobalt kabi qimmatbaho ma’dan zaxiralari ham aniqlangan. Masalan, temir rudalarining rasman tasdiqlangan zaxirasi 2,2 milliard tonnani tashkil etadi.
Mavjud konlarni o‘zlashtirish va ma’danlarni qayta ishlash orqali mamlakat dunyoning konchilik markazlaridan biriga aylanishi mumkin. Ammo konlarni o‘zlashtirish va yerostidagi boyliklarni yuzaga chiqarish oson bo‘lmasligi aniq. Negaki, o‘n yillardan buyon urush davom etayotgan o‘lkada og‘ir sanoat va konchilik yo‘lga qo‘yilmagan, ma’danlar hozirga qadar ibtidoiy usullarda qazib olinadi. Zamonaviy kon infratuzilmasini shakllantirish uchun esa katta mablag‘ va uzoq vaqt talab etiladi. Boz ustiga, konlarni intensiv o‘zlashtirish ekologik muammolarni yuzaga keltirishini ham unutmaslik kerak.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, AQSHning siyosiy sahnadan chekinishi ortidan Afg‘oniston tuprog‘idagi ulkan tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish borasida Xitoy va Rossiya o‘zaro raqobatlashishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Moskva aeroportlarida 1000 ga yaqin tojikistonlik qolib ketdi
Xose Venansio Lopes: Ba’zi vaziyatlarda o‘zimiz nazoratni yo‘qotdik
Ilon Mask Pekinga e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi
Osiyo kubogi. O‘zbekiston penaltilar seriyasida Tojikistonni mag‘lub etdi va bronza medallarini qo‘lga kiritdi
Olmaotada o‘likxona qo‘riqchisi jasadlarni zo‘rlaganlikda gumon qilinmoqda
Toshkentda «prava» olib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
Gruziya poytaxtida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi
Husiylar Rossiya neftini olib ketayotgan kemaga raketalar uchirdi