date
views 2 080

«Bu hech kimga ravo koʻrilmas kechinmadir…». Ukrainaning birinchi xonimi Olena Zelenskaya intervyu berdi

«Bu hech kimga ravo koʻrilmas kechinmadir…». Ukrainaning birinchi xonimi Olena Zelenskaya intervyu berdi
2019 yil 20 maydan Ukrainaning birinchi xonimiga aylangan Olena Zelenskaya mamlakatdagi urush dahshatlari, ukrainaliklarning iztirobi, bolalar va onalar oʻlimining haddan tashqari koʻpligi, ogʻir sharoitda qahramonlik koʻrsatayotgan vatandoshlari haqida Amerikaning Vogue Ukraine jurnaliga intervyu berdi. Hozirda ikki farzandi bilan Ukrainada boʻlib turgan va yurtdoshlariga turli yoʻllar bilan gumanitar yordam berishga urinayotgan Zelenskaya xonim bilan oʻtgan suhbatni «Daryo» oʻzbek tiliga oʻgirdi.

— Maxsus operatsiya boshlangan ilk kunlarni eslay olasizmi? Yodingizda qolgan eng muhim voqeani aytib bersangiz.

— Hammasi qanday boshlanganini juda yaxshi eslayman. Odatdagi ish kuni tugab, kech kirayotgandi: bolalar maktabdan qaytgan, uydagi mayda-chuyda tashvishlar, ertangi dars mashgʻulotlariga tayyorgarlik... Hammamiz allaqanday asabiy holatda edik.

Foto: «diez.md»
Har yoqda boʻlishi muqarrar urush haqida gap-soʻz aylanib yurardi. Lekin oxirgi daqiqalargacha harbiy hujum boshlanishiga ishonish qiyin edi. XXI asrda yana! Zamonaviy dunyoda! Ertalab soat 4 yoki 5 oraligʻida gʻalati shovqindan uygʻonib ketdim. Avvaliga buning bomba ekanini anglolmadim. Nimaning ovozi ekaniga tushunolmadim. Turmush oʻrtogʻim oʻrnida emasdi. Joyimdan turib, qarasam, u allaqachon kiyinib olgandi (uni oʻshanda oxirgi marta oq koʻylak, kostyumda koʻrgandim, shundan keyin faqat harbiy kiyimda yuribdi). «Boshlandi!» – aytgan gapi shu boʻldi.

Buni xavotir-tahlika, deb aytolmayman. Balki dovdirash, sarosima deyish mumkindir. «Bolalar bilan nima qilamiz?», dedim. «Kut», dedi u. «Oʻzim xabar beraman. Hozircha eng muhim hujjatlar va kerakli narsalarni yigʻishtirib tur», deya xonadan chiqdi-ketdi.

— Oʻgʻlingiz 9, qizingiz esa 17 yoshda. Roʻy berayotgan voqealar haqida ularga nima dedingiz?

— Bu erda bolalarga tushuntirgulik hech nima yoʻq. Ular ukrainalik bolalar nimani koʻrayotgan boʻlsalar, oʻshani koʻrib-kuzatishyapti. Albatta, bu bolalar koʻradigan manzara emas, ammo ular juda bagʻrikeng va samimiy xilqat. Ulardan hech nimani yashira olmaysiz. Shu bois, eng toʻgʻri yoʻl – bor haqiqatni aytish. Qizim va oʻgʻlim bilan hammasini bir chekkadan muhokama qilganmiz. Ularning hamma savoliga imkon qadar javob berishga harakat qilganman. Nimaiki qalbimizni koʻp jarohatlasa, oʻsha haqida soatlab gaplashamiz, ichimizdagi jimlik, mutelik bilan qolishni xohlamaymiz – bu psixologik sinalgan usul. Chindan foyda beradi.

— Oilangiz xavfsizligi haqida qaygʻurayotganingiz ochiq-oydin bilinib turibdi – zoʻravonlik-u qattollik oddiy ukrain fuqarolariga ham qilinayotganini koʻrib turibsiz. Shaxsiy va fuqarolik hislaringiz qorishmasini tasvirlab berolasizmi?

— Urush avval boshdan shaxsiy va jamoaviy boʻlib aralashib ketdi. Bu, ehtimol, bizga hujum boshlagan zolimning mash'um xatosidir. Hammamiz avvalo ukrainaliklarmiz, keyin boshqa narsa. U bizni boʻlib yuborishni, nifoq solishni, sindirishni, oʻzaro qarama-qarshi qoʻyishni xohlagandi, lekin buni ukrain xalqi bilan amalga oshirish imkonsiz. Oramizdan qay birimizgadir zulm qilinsa, zoʻrlansa yoki oʻldirilsa, buni barchamiz zulm koʻrgan, zoʻrlangan yo oʻldirilgan deb bilamiz.

Qarshilik koʻrsatish va fuqarolik ongini tuyish uchun bizga propaganda kerak emas. Bu biz his etadigan ogʻriq va gʻazab boʻlib, lahzadayoq barchamizning qonimizni qaynatadi, tajovuzkorlikka qarshi oyoqlantiradi, hurlikni himoya qiladi. Buni har kim qoʻlidan kelganicha uddalaydi: askarlar qoʻllaridagi qurollar bilan, muallimlar darsini oʻtishda bardavom boʻlib, shifokorlar hujumlar yomgʻiri ostida qolsa ham, murakkab jarrohlik operatsiyalarini davom ettirgan holda.

Vayron boʻlgan Mariupol shahrining yuqoridan olingan surati
Foto: AFP

Yurtimizni varvarlarcha talayotganlarida hamma – san'atkorlar, restoranlar egasi, sartaroshlar – koʻngilliga aylanadi. Bolalarimizda oʻta chuqur ildiz otgan vatanparvarlik hissi oʻsayotganini koʻrganman. Yoʻq, faqat mening bolalarimda emas, balki butun Ukraina bolalarida. Ular endi vatanparvar boʻlib ulgʻayib, ona zaminlari himoyachisiga aylanadilar.

— Hislaringizni qanday jilovladingiz? Shu vaqt davomida sizga koʻmak bergan, qoʻllab-quvvatlagan doʻstlaringiz yoki biror panohingiz boʻldimi? Urushning ilk haftalari turmush oʻrtogʻingiz bilan nechogʻlik tez-tez bogʻlanib turdingiz?

— Urush boshidanoq ortiqcha his-tuygʻularga oʻrin qolmagandi. Bu bolalarning xavfsizligi, ularning ruhiy-hissiy holati uchun ham zarur edi. Shuning uchun oʻzimni bosishga, jilmayishga, gʻayratli boʻlishga, nega ertoʻlaga tushib oʻtirishimizni va chiroqlarni yoqa olmasligimni tushuntirishga toʻgʻri keldi. Ularning har bir savoliga ochiq yuz bilan javob berishga urindim. «Dadamizni qachon koʻramiz?», deyishsa, «Hademay», derdim. Ilk kunlari biz hammamiz birga qolsak kerak deb oʻylagandim. Biroq prezident qarorgohi harbiy boshqarmaga aylantirilib, bolalarim bilan men u erdan koʻchirildik. Bizga xavfsizroq joyga koʻchish aytildi – Ukrainada ham hozir bexatar joy topish mumkin... Oʻshandan beri Volodimir bilan faqat telefon orqaligina bogʻlana olyapmiz.

Rossiya hujumi boshlangach, yurtingizdagi ayollar qanday oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda?

— Butun dunyo ahli ukrain ayollari tinch-osuda zamonda yashagani, zamon bilan hamnafas hayot kechirib, boshqa oʻlkalardagi odamlardek Vogue jurnalini oʻqib kelganini tushunishlarini istardim. Ular snaryadlar hujumi uchun bombapanohlar hozirlashmagandi. Biroq ilk kundanoq Rossiya tomoni turli shaharlarimizdagi hukumat qarorgohlariga raketalar yogʻdiravergach, Rossiya tinch aholiga ham omonlik bermasligi oydinlashdi. Ukrainaliklar xavf-xatardan xoli ekanmiz, degan oʻyni bir chetga surishdi. Xavf bongi chalinishi bilan zudlik bilan birodarlarimizni bir joyga yigʻishni, yaqin oradagi ertoʻla, metro bekatlariga yashirinishni oʻrgandik.

Kramatorskdan evakuatsiya qilinayotgan ayol turmush oʻrtogʻi bilan xayrlashmoqda
Foto: AFP

Urushning uchinchi kuni bir ukrain bolasi bombapanohda tugʻildi. Shundan keyin minglab ukrain ayollarining shunday bombapanohlarda koʻzi yoridi. Chunki Mariupoldagi tugʻuruqxonani rus harbiylari qanday bombardimon qilganini koʻrib boʻlgandik-da. Jiddiy kasallikka chalingan bolajonlarni qanday davolash muammosi muammosi koʻndalang turibdi endi. Onalar va buvilar shunday farzandlari bilan kasalxonalarda oylab yotishibdi. Endi ularni davo ilinjida xorijga chiqarib yuborishimiz shart.

Ayollar qamal qilingan hududlar, masalan, Bucha, Gostomelni otishmalar ichida, hayotini xavfga qoʻyib, bolalar va keksalar bilan ba'zan poy-piyoda, ba'zan er-xoʻjalarisiz tashlab ketishlariga toʻgʻri keldi. U erdagi erkaklarning chiqib ketishiga istilochilar ruxsat bermasdi. Butun dunyo mart oyining boshlarida odamlarning Irpen shahridagi koʻprikdan oʻtayotganda portlatib yuborilganiga guvoh boʻldi.

Bugun esa qamaldagi hududlar ozod etilgach, ukrain ayollari qanday fojialarni boshdan kechirganlarini koʻryapmiz: butunlay ojiz va qat'iyatsiz, zoʻravonlik qurboni... Xalqaro tergov boʻlinmalari bu borada nimadir deyishi shart.

Oʻgʻlining qabrida ustida turgan buchalik keksa ayol. Marhum uy bogʻiga dafn etilgan
Foto: AFP

Xerson, Melitopol, Beryanskda yana qanchadan qancha ayollar qamal holatida qolib ketgan ekan? Ular hatto yaqinlariga ham oʻzlari bilan nimalar sodir boʻlayotganini ayta olmaydilar. Chunki aloqaga chiqish uchun na vosita, na ular topa oladigan raqamlar bor.

Mariupol vayronalari orasida oʻn minglab ayollar bolalari bilan qolib ketyapti. Gumanitar yordam etib bormayotgani uchun bir oydan beri yarim kechasi koʻpi tashqariga chiqib, otishmalar ostida eyishga ovqat izlayotganini tasavvur qiling-a!

Toʻrt million ayol va bola muhojirga aylanib, hozir boshqa oʻlkalarda yashab yuribdi. Muhojir boʻlish har ruhan, ham jismonan oʻta mushkul ish. Negaki hammasini qayta boshlashingiz kerak boʻladi.

Oʻz kiyim-boshingni kiya olmasang, bu qanday yashash? Oʻz karavotida uxlashdan mahrum bolangga nega shundayligini qanday tushuntira olasan? Bu hech kimga ravo koʻrilmaydigan kechinmadir.

— Oʻsha minglab ayollar orasida siz ayta oladigan biror alohida hikoyasi bori uchraganmi?

— Yuzlab bunday hikoyalarni ayta olaman. Masalan, Kiev viloyati qaytarib olingach, Buchada qolgan shifokor Irina Yazovaning kechmishlarini eshitdik. U ruslarning otishmalaridan jarohatlangan, bombapanohlarga keltirilgan yaradorlar, begonalar va qoʻshnilarining hayotini saqlab qoladi. Ularning ogʻrigʻiga malham boʻlib, yarasini bogʻlaydi. Hatto chiroq, gazsiz sharoitda, tinmay oʻt ochilayotgan uyda ham tugʻuruqni eplaydi. Uning mardlikka toʻla kundalik hayotidan soʻzlaydigan hikoyasini undan juda koʻp yaxshiliklar koʻrgan qoʻshnilari soʻzlab yurishibdi.

Kievlik yana bir ona – Olganing qismatini olaylik. Uyini raketalar nishonga olib, bombardimon qilganida ikki oylik goʻdak qizining ustiga yotib, bolasiga balogardon boʻladi. Yoki Chernigovdagi etim-esirlar murabbiyasi, 30 chogʻli bola (ulardan biri oʻziniki) bilan ertoʻlalarda jon saqlagan oʻqituvchini olaylik. U bolalarni parvarishlab, qornini toʻydirib, qaerdandir transport topib, otishmalarga qaramay (chunki Chernigov avval boshdan portlashlar ostida qolayotgandi), ularni xavfsiz joyga koʻchiradi.

Chernigovdagi vayron qilingan uy. Shahar bir necha hafta davomida keng koʻlamda oʻqqa tutildi
Foto: EPA

Ukrainaliklar haqida keragidan koʻp kechmishlar bor. Telegram kanal ochib, unga yurtdoshlarimni taklif etib, urushda koʻrgan-kechirganlarini boshqalar bilan boʻlishishni soʻradim. Har bir shaxs kechmishi – bu mamlakatimiz tarixidir.

— Ukraina shaharlari va tumanlarining vayronaga aylantirilishi oʻta dahshatli. Putin va rus armiyasi qanchalik uzoqqa borishga tayyor ekanidan xabar beruvchi qandaydir erta hujum roʻy berganmi? Mariupoldagi tugʻuruqxonaga qilingan hujum-chi? Avval boshdagi hislaringiz bilan hozirgisi oʻrtasida bogʻliqlik bormi?

— Siz aytayotgan bogʻliqlik ilk kundanoq – ha, birinchi kundanoq boʻlgan! Rossiya oʻshanda (hozir ham) faqat harbiy ob'ektlarni moʻljalga olayotganini aytib, elni aldagan edi. Rosti, 24 fevraldagi hujumi oqibatida Chuguevda oddiy fuqaro, gaz xizmati dispetcheri Svetlana kundalik yumushini bajarayotganda halok boʻladi. Birinchi kundanoq!

Keyingi kunlari esa bolalarni yoʻqota boshladik. Ular oʻz uylarida snaryad parchalaridan bevaqt koʻz yumaverdilar. 200 dan ortiq bolani yoʻqotdik.

Shu bois, har bir jinoyat biz uchun nishona. Qamal qilingan, buzib tashlangan Mariupol eng ogʻriqli boʻlagimizdir. Hali yana davom etadi bular. Kiev shaharlari ham ayanchli holatga kelgan – rus armiyasi chekingan payti hammasi ochiq-oshkora koʻrina boshladi. Butun dunyo Bucha degan nomni bilib oldi. Bu poytaxt yaqinidagi eng chiroyli shaharlardan biri edi – biroq Kiev shaharlaridagi qishloq va posyolkalarda shunga oʻxshash dahshatlarning minglabini koʻrish mumkin. Odamlar shundoq koʻchalarda oʻldirilgan. Harbiylar emas – oddiy fuqarolar! Oʻyingohlar yaqinida esa qabrlar doʻmpayib turibdi. Ochigʻi, buni tasvirlab ham berolmayman. Bu manzara meni gung qiladi. Biroq vaziyatga tik qarash ham kerak.

Rossiya tomoni yuborayotgan mujdani yolgʻiz biz koʻrmayapmiz degan umiddaman. Ushbu munosabat faqat bizgagina qaratilmagan. Bu ularning butun dunyoga yoʻllagan mujdasidir! Rossiya yoqtirmasa, istagan mamlakatni biznikidek koʻyga solishi mumkin ekan.

— Siz va turmush oʻrtogʻingiz xalqlarga murojaat etib, bu urushga koʻproq diqqat qaratishni soʻrayapsizlar. Aynan oʻzingiz AQShni parvozlar taqiqlangan hududni tashkil etishga chaqirdingiz. AQShning shunday yoʻl tutishini haliyam munosib harakat deb bilasizmi?

— Ha, biz shunday qilishni ham rasman, ham norasman soʻradik. Har bir ukrainalik kabi ijtimoiy tarmoqlarda, namoyishlarda talab etaverdik. Ruslarning Mariupoldagi qotilliklari boshlangach, Rossiya faqat raketadan foydalanmayotgani, yana havo orqali bombardimon qilayotgani ham oydinlashdi. Shunday bombalardan biri minglab inson yashiringan teatrga tashlandi. Uch mingga yaqin odam halok boʻldi. Oʻgʻli, qizi va nabirasini yoʻqotgan oilani bilaman. Faqatgina bobo-buvi bilan eng katta qizigina tirik qolishgan. Endi ular qanday kun kechiradi?

Ukrainaliklar halok boʻlmasligi uchun tepamizdagi osmonni yopib qoʻyishlarini soʻradik. Lekin NATO buni Rossiyaga toʻgʻridan-toʻgʻri qarshi chiqish deb hisobladi. Endi shu joyda jamiki qurbonlar uchun birgina Rossiya aybdor deb ayta olamanmi? Ritorik savol-a! AQSh uchun toʻgʻri harakatligini bilib turib soʻralgan, xolos. Tajovuzkorning xatti-harakatlariga munosib javob bering – bu nafaqat Qoʻshma Shtatlarga tegishli – yoki tajovuzkor badtar quturib, oldinga yurishiga yoʻl qoʻyiladi, deb aytaman.

Rossiya Gʻarbning osmonni yopmasligini yaxshi bilardi va bu imkoniyat uni yanayam shafqatsiz boʻlishga undadi. Demokratik dunyo birlashishi va qat'iy iroda koʻrsatishi shart. Chunki yigirma birinchi asr tinch aholini oʻldirish va boshqa oʻlka eriga koʻz olaytirish zamoni emas. NATO va xalqaro tashkilotlarning Ukraina bilan birga erparchin boʻlayotgan uylarni bemalol tomosha qilib oʻtirgan karikaturasiga koʻzim tushdi. Balki bu oʻta boʻrttirib yuborishdir – chunki Ukraina qurol-yaroq olib turibdi. Ammo shunda ham koʻmakka muhtojmiz!

Chetga ketayotganlar uchun ham shunday koʻmak berilishi ham ayni haqiqat. Millionlab ayol va bolalarimiz bir necha hukumatlardan yordam olmoqda, millionlab fuqarolarimiz Evropa Ittifoqi himoyasida. Buning uchun chin dildan minnatdorman.

— Rus armiyasining oxirgi harakatlariga nima deysiz? Rossiyaning deeskalatsiya qilmoqchiligiga biror belgi-ishora koʻryapsizmi?

— Bu erda nimani oʻylayotganim emas, haqiqatda nimalar boʻlayotgani muhim. Ochigʻi, hech bir ukrain narigi tomonning biror gapiga ishonmaydi. Deeskalatsiya ham mujmal masala. Ruslar Kievdan chiqib ketdi, lekin Donetsk va Odessada harbiy hujumlarni avvalgidan-da kuchaytirmoqda.

— Oddiy fuqaro ukrainaliklarga qanday koʻmak bera olishi mumkin?

— Asosiy masala – urushga toqat qilmaslik, uni statistik raqamlarga aylantirmaslik. Qarshilik namoyishlarini davom ettirish, hukumatingizni harakatga oʻtishini talab qilaverish kerak. Ukrainaliklar ham xuddi sizdek odam, lekin atigi bir necha oy avval hayotimiz butunlay yomon tomonga oʻzgardi. Ular ham boshqalardek issiq uyini tashlab ketishni xohlamaydi. Ammo qisqa fursatda orqadagi boshpanalari ham qolmadi.

Olti yoshli bola ochlikdan vafot etgan va hovliga koʻmilgan onasining qabriga qarab turibdi. Bucha
Foto: AP Photo

Ukrainaliklarning koʻpi Evropa shaharlari orasida vizasiz uzoq vaqt koʻchib yurgan – aksari sayohat qilgan. Son-sanoqsiz fuqarolarimiz ilgari xorijda bir necha marta boʻlib qaytgan. Lekin hech biri qochoqqa aylanishni rejalashtirmagan. Shu sabab, ularga xuddi birodaringizdek muomala qiling. Onalar va bolalarning birdan bir orzusi – qadrdon goʻshasiga qaytish, boʻlingan oilasini tiklash. Ortga qaytgunlaricha ularga moslashishga – uy, ish, bolalarga maktab topib berishda, oʻtinaman, yordam bering.

Dunyo ahli bilishi kerak – Rossiya jahon sahnasida urush bilan bogʻliq ulkan axborotni boshqaryapti. Ulardan kelayotgan har qanday axborot oʻta sinchkovlik bilan koʻrilishi va tanqidiy fikrlashdan oʻtkazilishi shart. Mana, oʻtgan kunlari Germaniya, Gretsiya va ba'zi davlatlarda Rossiyani qoʻllab-quvvatlagan bir qancha harakatlarga guvoh boʻldik. Bularning bari Rossiyaning ishi. Aqli-hushi joyida boʻlgan rossiyalik oʻz yurtining bunday qilmishlaridan, armiyaning shafqatsizligidan uyaladi. Men ularni zoʻravonlikka chaqirmayman. Ammo urushni yoqlayotganlarga ishonmaslik kerak.

— Hayotingiz hozir qanday kechyapti?

— Xuddi boshqa ukrainaliklardek yashab kelyapman. Barchamizning yagona, ulkan maqsadimiz bor: tinchlikka etish. Har bir ona va rafiqadek men ham turmush oʻrtogʻimdan mudom xavotirdaman va bolalarimni sogʻ-salomat boʻlishi uchun qoʻlimdan kelganini qilaman.

— Sizga nima umid bagʻishlaydi?

— Oilamda – har bir ukrainalik kabi – vatandoshlarim orasida ajoyib insonlar jam: ular armiyaga va bir-biriga yordam berishga hamisha shay. Hozir barcha ukrainalik armiyada. Har kim qoʻlidan kelganini qilyapti. Buvilar oʻz tashabbusi bilan armiyadagi yigitlarga non pishirib berayotgani haqida eshityapmiz. Ular gʻalabaning tezroq kelishini xohlashyapti. Mana, ukrainaliklar qanday xalq! Biz ular uchun, oʻzimiz uchun umid qilishdan charchamaymiz.

— Oxirgi oyda yodingizdan bir umr chiqmaydigan qandaydir voqea roʻy berdimi?

— Urush boshlanganidan taxminan bir hafta oʻtib, yaqinlarimga telefon orqali bogʻlanishga, ularning sogʻ-omonligini bilishga urinayotgandim. Bir lahza qadrdonu mehribonlarimni yana koʻrarmikanman, degan oʻy xayolimdan oʻtdi. Ehtimol, umrimda birinchi marta baqirgandirman – ilk marta hissiyotlarimni tashqariga chiqargandirman. Chunki bunga dosh berolmasdim-da!

Yaqinlarim va doʻstlarim, harbiy formadagi jamiki erkak, yigitlar har doim yodimda. Dugonalarim naqadar jasur va mard boʻlganini hamisha xotiramda saqlayman. Oʻsha ayollar – tinchlik zamonida zaif va bashang boʻlishgan esa-da – atrofida urush vahshati kezib yurgan chogʻ har ishni qilishga qodir! Ularning kechmishlari meni lol qoldiradi. Ular bilan chinakamiga faxrlanaman. Ular bilan yana yuz koʻrishish umididaman.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Bu hech kimga ravo koʻrilmas kechinmadir…». Ukrainaning birinchi xonimi Olena Zelenskaya intervyu berdi