Sut mahsulotlarining xavfliligi haqidagi keng tarqalgan gap-so‘zlardan farqli o‘laroq, ularning ko‘pchiligi sog‘liq va go‘zallikka bebaho foyda keltirishi mumkin. Sut va sut mahsulotlari oson hazm bo‘ladigan protein, kalsiy va zarur aminokislotalarning beminnat manbaidir. Darhaqiqat, sut tarkibida vitaminlar, minerallar, probiotiklar va antioksidantlar kabi 22 ta oziq moddalarning 18 tasi mavjud bo‘lib, ulardan qaysi biri eng foydali ekanini diyetolog Marina Bessonova sanab o‘tdi.
Sut
Yangi sog‘ib olingan sut ajoyib bakteritsid ta’sirga ega va yuzdan ortiq foydali komponentlarni o‘z ichiga oladi. Sut tarkibida taxminan 5 foiz laktoza mavjud bo‘lib, uning asosiy roli bizni energiya bilan ta’minlashdir. Yangi sut radiatsiya, toksik moddalar va og‘ir metall tuzlarini zararsizlantirish xususiyatga ega.
Mahsulotdagi foydali xususiyatlarni saqlab qolish va saqlash muddatini oshirish uchun yangi sut sovitiladi va bir kundan ortiq saqlanadi.
Undagi foydali moddalarning tarkibi qayta ishlash tufayli biroz kamayadi, ammo baribir qiymati butunlay yo‘qolmaydi. Bir porsiya (taxminan 250 ml stakan) sut tarkibida: B12 vitamini kunlik qiymatining 55 foizi, kalsiyning 23 foizi, fosforning 20 foizi, D vitamini kunlik ehtiyojining 13 foizi va kaliyning 8 foizi mavjud.
Kefir
Bu fermentlangan sut kislotali ichimlik bo‘lib, uni ishlab chiqarish uchun sutdan xamirturush tayyorlanadi. Undagi sut kislotasi bakteriyalari sut laktozasini sut kislotasiga aylantiradi.
Kefir, shuningdek, sog‘liq uchun foydali bo‘lgan organik kislotalar va peptidlarni o‘z ichiga olgan ko‘plab bioaktiv birikmalardan iborat. Bundan tashqari, bu mahsulot kalsiy, oqsil va B vitaminlariga boy manba hisoblanadi.
Kefir tarkibida 61 tagacha turli mikroorganizmlar mavjud. Bu ko‘plab boshqa fermentlangan sut mahsulotlariga qaraganda uni kuchli probiotiklar manbayiga aylantiradi.
Bir stakan kam yog‘li kefir tarkibida quyidagilar uchraydi:
- Protein — 9 gramm;
- Kalsiy — kunlik qiymatning 24 foizi;
- Fosfor — 20 foiz;
- B12 vitamini — kunlik ehtiyojning 29 foizi;
- Riboflavin (B2) — kunlik qiymatning 25 foizi;
- Magniy — kunlik ehtiyojning 7 foizi;
- D vitamini — kunlik qiymatning 12 foizi.
Kefir kuchli antibakterial xususiyatlarga ega. Kefirda mavjud bo‘lgan ba’zi probiotiklar, masalan, kefirga xos bo‘lgan probiotik Lactobacillus infeksiyalardan himoya qiladi.
Yogurt
Yogurt kattalar organizmining bir maromda ishlashi va bolalarning normal rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan deyarli barcha oziq moddalarga boy.
U ichak mikroflorasini va immunitet tizimi faoliyatini yaxshilashga yordam beradigan muhim vitaminlar va minerallarga boy. Bir porsiya yogurt (taxminan 245 gramm) kunlik kalsiy ehtiyojining yarmini o‘z ichiga oladi.
Tvorog
Oson hazm bo‘ladigan mahsulotlar qatoriga kiradi. Qayta ishlashdan so‘ng tvorog tarkibidagi sut oqsili butun va fermentlangan sutga qaraganda fermentativ parchalanish uchun yanada qulayroq bo‘ladi. Tvorog tarkibida sut kislotali bakteriyalar (laktokokklar va tremofil sut kislotali streptokokklar) mavjud.
Bu bakteriyalar ichaklarimizdagi patogen mikroorganizmlarning ko‘payishidan saqlaydi. Shuning uchun antibiotiklar bilan davolashdan so‘ng, foydali mikroflorani tiklash uchun ko‘pincha fermentlangan sut mahsulotlari, jumladan, tvorog buyuriladi.
Pishloq
Pishloqda triptofan mavjud bo‘lib, u organizmga baxt gormoni — serotonin ishlab chiqarishga yordam beradigan muhim aminokislotadir. Uning tarkibida 15 dan 30 foizgacha protein, shuningdek, kattalar va bolalarning ovqatlanishi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar, minerallar, aminokislotalar va mikroelementlar mavjud.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring