15:09 / 21.01.2025
177

Goʻzallik salonlarida soch yuvdirishning kutilmagan xavfi aniqlandi

Goʻzallik salonlarida soch yuvdirishning kutilmagan xavfi aniqlandi
Insonlar uchun sartaroshxonaga borish dam olish va oʻzini tartibga keltirishning bir usulidir, ammo goʻzallik saloni sindromi (GSS) deb nomlanuvchi kamdan-kam uchraydigan holat borki, u sochlarni yuvish natijasida yuzaga kelishi mumkin.

Foto: Hi-tech.mail.ru
Tadqiqotlarga koʻra, sartaroshxonalarda soch yuvdirganda bosh va boʻyinning noqulay holatda turishi ogʻriq, shikastlanish va juda ogʻir holatlarda insultga olib kelishi mumkin.

Goʻzallik saloni sindromi birinchi marta 1993 yilda amerikalik nevrolog Maykl Vayntraub tomonidan yoritilgan. U ba'zi bemorlarda sochlarini salonda yuvgandan keyin insult bilan bogʻliq alomatlar paydo boʻlganini aniqlagan.

Insult — bu qon oqimining keskin kamayishi natijasida miyada qon aylanishining buzilishi. Kasallik tomirda tromb hosil boʻlishi, yorilishi yoki qon ketishi tufayli yuzaga keladi. Ikkala holatda ham miyaga etarli miqdorda kislorod etib bormaydi, bu esa hujayraning shikastlanishiga yoki oʻlimga olib keladi.

Goʻzallik saloni sindromining asosiy sababi sochlarni yuvishda bosh va boʻyinni rakovinaning qattiq chetiga egishdir. Bunday noqulay holat, boʻyinning uzoq shunday qolib ketishi yoki keskin harakatlar miyani qon bilan ta'minlaydigan yirik qon tomirlarini siqa boshlaydi. Insult koʻpincha keksa odamlarda yoki gipertoniyasi borlarda kuzatilsa-da, goʻzallik saloni sindromi hatto yosh va sogʻlom odamlarda ham paydo boʻlish ehtimoli yoʻq emas.

GSS kamdan-kam uchraydigan sindrom, ammo uning belgilarini bilib olish ziyon qilmaydi. Simptomlarga bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, koʻz oldining xiralashishi, koʻngil aynishi, qayt qilish, boʻyin ogʻrishi, tananing bir tomonida zaiflik yoki falajlik kabilar kiradi. Bunday alomatlar darhol paydo boʻlmasligi mumkin.

Foto: Hi-tech.mail.ru
Quyidagi ehtiyot choralar GSS ning oldini olishga yordam beradi:
  • Sartaroshdan sochingizni orqaga emas, balki oldinga egilgan holda yuvishni soʻrash;
  • Agar buning iloji boʻlmasa, boʻyinning tagiga maxsus yostiq yoki rulon shakliga keltirilgan sochiqdan foydalanish;
  • Keskin harakatlardan va uzoq vaqt davomida noqulay holatda qolishdan qochish.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali