“Juda”, “o‘ta” degan so‘zni ishlatmoqchi bo‘lganingizda uning o‘rniga har safar “haddan ortiq” yoki “behad” iborasini qo‘llang. Shunda muharrir bu so‘zlarni o‘chirib tashlaydi va yozganlaringiz binoyiday bo‘ladi-qoladi.
Xulosa: ortiqcha so‘zlarsiz, aniq, ravon, ta’sirli yozing. O‘rinsiz hayajon yoki yasama mubolag‘a sun’iylikka olib keladi.
Sizga birov qalamhaqi taklif qilmagunicha, tekinga yozavering.
Ijodkor bo‘lishni chin yurakdan istang, o‘z ishingizni seving. Faqat pul yo shon-shuhrat uchun yozsangiz, yaxshi natijaga erisha olmaysiz. Bundan hafsalangiz pir bo‘ladi va ijoddan tezda ko‘nglingiz qoladi.
Maqola yozish uchun eng qulay fursat – uni o‘zingiz uchun yozib tugatgan paytingizdir. Faqat shundagina asli nima demoqchi ekaningizni aniq-tiniq anglaysiz.
Ilk urinishlar faqat qoralamalar, xolos. Buyuk yozuvchilarning aksariyati asarlarini qayta-qayta yozgan, tahrir qilgan. Ishlashdan, fikrlashdan erinmang.
G‘oya, fikr hammada bor. Biroq hamma ham uni keragicha ifodalay olmaydi. Bitta xatboshida aytish mumkin bo‘lgan fikrni uzundan-uzoq cho‘zadiganlar ko‘p.
So‘zlarni tejang, lo‘nda yozishni o‘rganing. “So‘z bo‘tqasi” hech kimga kerak emas. Ortiqcha iboralar tushunarlilik darajasini tushirib yuboradi.
Bir safar baxtli tasodif tufayli bir narsani anglab etdim: yarmiga kelib “to‘xtab” qolgan kitob – agar ozgina nafas rostlab, unga yangi kuch va g‘ayrat bilan kirishsangiz – yurishib ketadi. Xom va pala-partish maqolalarga ham biroz tanaffusdan so‘ng yangi ruh berish mumkin.
Ish unmay qolishi hammada kuzatiladi. Ijodiy kayfiyat o‘zgaruvchan bo‘ladi. Dam oling, boshqa yumushlar bilan shug‘ullaning. Biroq tanballashib qolmang ham.
Buyuk kitoblar uslubi va mohiyatiga qarab baholanadi, qoliplangan grammatikasiga qarab emas.
Diqqatni g‘oya, uslub va syujetga qarating. Yozib bo‘lgandan keyingina grammatika, ega-kesimning o‘rni haqida bosh qotirishingiz mumkin.
Sifatlar masalasida bir gap: ikkilanyapsizmi, o‘chirib tashlang.
So‘zlarni, ayniqsa, sifatlarni qo‘llashda e’tiborli bo‘ling. Ma’nosini yoki o‘rnini bilmay ishlatgan so‘zingiz teskari, kulgili yoki mavhum ma’no keltirib chiqarishi mumkin.
Qisqa ibora va gaplar, oddiy til ta’sirchan ekanini angladim. Chin ko‘ngildan yozyapsizmi, shu uslubni mahkam tuting. “Parday mayin va gulday chiroyli” iboralar o‘quvchini chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymang.
Qanday usulni tanlash – o‘zingizga havola. Eng muhimi – mohiyat. Yozganingizni o‘qigan odam nima deyayotganingizni, nima demoqchiligingizni tushuna olsin.
“Ayol baqirdi”, demang. Uni shunday vaziyatga olib kelingki, o‘zi baqirsin.
Voqealarni xuddi ko‘rib turganday, o‘zingiz qatnashayotganday tasvirlang. Shunda o‘quvchi ham shu tarzda mutolaa qiladi.
Bir xil usulda yozadigan adiblarni umuman tushuna olmayman.
Yangicha usullarni qidiring, so‘z yasab ko‘ring. Tasvir va ifodada tajribalar qiling.
To‘g‘ri so‘z va deyarli to‘g‘ri so‘z o‘rtasidagi farq xuddi chaqmoq bilan tillaqo‘ng‘iz o‘rtasidagi farqqa o‘xshaydi.
So‘zlarni tanlash va qo‘llashga jiddiy ahamiyat bering.
Siz qancha ko‘p tushuntirsangiz, men shuncha kam tushunaman.
Yana o‘sha gap: ravonlik, lo‘ndalik. Ortiqcha tafsilotlarga umuman o‘rin bermang.
Mark Tven (1835 – 1910) sarguzasht romanlaridan tashqari, o‘tkir hajvi, hikmatli so‘zlari bilan ham mashhur. Dunyo e’tirof etgan adibning boshlovchi yozuvchilarga bergan maslahatlari, shubhasiz, maktab vazifasini o‘taydi.
Orif Tolib tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
“Roma”: Argentinalik yulduz Shomurodovdan zo‘r emas!
Ukraina bir qator shaxslarga berilgan davlat mukofotlarini bekor qildi