Yoz faslida tarvuz deraza ostonasida, har bir xonadon dasturxonida ko‘p uchraydigan va salqinlik baxsh etadigan eng foydali poliz mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Tarkibining 90 foizdan ziyodi suvdan iborat bo‘lib, 100 grammida taxminan 6 gramm tabiiy shakar va turli mikroelementlar saqlaydi. Aslida tarvuz inson salomatligi uchun xavfli emas, ammo uni yetishtirish, saqlash va tashish davomida ba’zi xavfli moddalar yoki bakteriyalar tushishi orqali salomatlik uchun tahdid paydo bo‘lishi mumkin.
Xavfli bakteriyalar qaysi holatda xavf tug‘diradi?
Yoz faslida tarvuz po‘stida turli ichak infeksiyasi qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar ko‘payishi mumkin. Bunday bakteriyalar zaharlanish holatlarining asosiy sababchisi hisoblanadi. Masalan, Salmonella Enteritidis yoki Campylobacter bakteriyalari tarvuz saqlash va tashish paytida po‘stloqqa joylashib, kesish vaqtida meva ichiga kirib oladi. Natijada organizmga tushgan bu patogenlar:
- ich ketishi (diareya),
- ko‘ngil aynishi,
- qorin og‘rig‘i,
- tana haroratining ko‘tarilishi,
- bosh og‘rig‘i
kabi belgilarni keltirib chiqaradi. Bunday holatda zaharlanish bir necha soatdan bir necha kungacha davom etishi, organizmni suvsizlantirib yuborishi va ayniqsa bolalar, keksalar hamda immuniteti past odamlar uchun xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Nitratlar: qaysi holda xavfli?
Tarvuz yetishtirishda fermerlar hosildorlikni oshirish maqsadida nitratlardan foydalanadi. Ammo ba’zida ularning me’yori meva yoki tuproqda ortib ketadi va bu quyidagi alomatlarning paydo bo‘lishiga olib keladi:
- lab va terida ko‘karish,
- nafas olishda qiynalish,
- diareya va qayt qilish,
- tanada suvsizlanish,
- yurak urishining tezlashishi,
- holsizlik,
- ongning chalkashishi,
- titroq,
- og‘ir hollarda koma.
Kattalar uchun nitratning xavfsiz kunlik miqdori 200–300 mg deb belgilangan. Eng xavfli holatlar — bu sanoatda ishlatiladigan nitrat va natriy nitrati moddalari bilan bog‘liq. Ammo amalda tarvuz bilan bog‘liq nitrat zaharlanishlari kam uchraydi, ko‘pincha iflos suvga aloqador hollarda ro‘y beradi. Homilador ayollar, chaqaloqlar va kichik yoshdagi bolalar uchun nitratlar xavfli bo‘lishi mumkin.
Shuni unutmang: agar tarvuzdagi nitratlar me’yorda bo‘lsa, bu mahsulot salomatlik uchun xavfsiz.
Zaharlanganda birinchi yordam qanday bo‘lishi kerak?
Agar zaharlanish belgilari (diareya, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, tanada suvsizlanish va boshqa xavfli alomatlar) kuzatilsa, avval tez tibbiy yordam chaqirish kerak. Yordam kelguncha bemorga ko‘p miqdorda toza suv ichirish tavsiya etiladi. Agar bemor bola yoki keksaygan kishi bo‘lsa, dorixonalarda sotiladigan maxsus regidratatsiya eritmalaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Simptomlar kuchaysa yoki uzoq davom etsa, shifokorga murojaat qilish shart.
Zaharlanishning oldini olish: eng muhim tavsiyalar
- Tarvuzni sertifikati va tekshiruvi bor savdogarlardan xarid qiling.
- Yerda, yuk mashinasi polida yoki yo‘l chetida sotilayotgan tarvuzlarni sotib olmang.
- Butun, shikast yetmagan va kesilmagan tarvuzlarni tanlang. Sotuvchiga tarvuzni “ichini ko‘rsatish” uchun kesishga ruxsat bermang.
- Iste’mol qilishdan oldin tarvuzni yaxshilab yuving.
- Xom go‘sht yoki parranda go‘shti uchun ishlatiladigan taxtacha ustida tarvuzni kesmang.
- Kesilgan tarvuzni 2 soat ichida sovitkichga joylashtiring. Yopiq idish yoki paketda saqlashni unutmang.
Yozda tarvuz iste’mol qilish salomatlik uchun foydali, faqat uning tozaligi, saqlanish sharoiti va zararli moddalardan himoyalanganligiga e’tibor berish kerak. O‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling!
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!