22:03 / 05.01.2017
34 585

Er-xotin o‘rtasida muhabbatni kuchaytirish uchun bir nechta tavsiyalar

Er-xotin o‘rtasida muhabbatni kuchaytirish uchun bir nechta tavsiyalar

Kimda kim bankka qo‘ygan puli ko‘payishini istasa, buning chorasini izlaydi. Xuddi shuningdek, kimki ayoli bilan o‘zaro muhabbati yanada kuchayishini istasa, buning sabablarini qidirishi lozim bo‘ladi. Quyida o‘sha vositalardan 10 tasini keltirib o‘tamiz.

1. O‘zaro hadyalar ulashish.

Masalan, uyquga yotish oldidan chiroyli atirgulni yoki chiroyli rangli qog‘oz (otkritka)ga go‘zal so‘zlar yozib, ayolingizning yostig‘i ustiga qo‘yib qo‘ysangiz, bu narsa juftingizga qanchalik ijobiy ta’sir etishini ko‘rasiz. Er ayoliga hadyani kulgu va tabassum hamda yoqimli so‘zlar bilan beradigan bo‘lsa, uning qalbida eriga nisbatan kuchli mehr uyg‘onadi. O‘z navbatida ayol ham eriga qo‘lidan kelganicha uning mehrini jo‘shtiradigan biror hadya berishga intilmog‘i kerak. Zero, xalqimizda “Qarsak ham ikki qo‘ldan chiqadi” degan maqol bor.

2. O‘zaro gaplashib o‘tirish uchun alohida vaqt ajratish.

Suhbat chog‘ida ham bir-birlarining so‘zini betoqatlik, besabrlik va katta ehtimom bilan eshitishga urinishlari kerak. Albatta, bunda samimiylik yo‘qolmasligiga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Zero, Ummu Zar’ roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom Oisha roziyallohu anhoning uzun so‘zlarini e’tibor bilan, jim turib eshitganlar.

3. Erning ayoliga va ayolning eriga o‘tli qarashi.

Er-xotin o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar, ya’ni erning o‘z vazifalarini bajarishi va ayolning o‘z vazifalarini bajarishi yoki bir-birlariga sevishlarini izhor qilishlarining o‘zi muhabbatni kuchaytirishga kifoya qilmaydi. Ba’zida gap-so‘zsiz, imo-ishoralar, qarashlar, ovozdagi o‘ziga xos ohanglar, ko‘zning muhabbatga limmo-lim o‘tli nigohi ham ishni bitirishi mumkin. Bularning hammasi ko‘ngil, ruhiyat orqali amalga oshiriladigan ishlardir.

4. Ishga ketayotganda iliq xayrlashuv va ishdan qaytganda iliq ko‘rishuv.

5. Ayolni maqtab turish. Uni hamma narsadan qizg‘onishini odob bilan izhor qilish.

6. Ba’zi ishlarda ayolga ko‘maklashish.

Masalan, uydagi shaxsiy kutubxona kitoblarini tartibga keltirish, ba’zi taomlarni pishirishda yordamlashish, bolalarga tegishli narsalarni birgalikda amalga oshirish va hokazo. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom uylarida onalarimizning ishlariga yordam berar, kiyimlarini o‘zlari tikar edilar.

7. Shirin so‘z.

Er ham, xotin ham bir-birlariga shunday so‘zlarni topib gapirsinlarki, natijada o‘rtalaridagi muhabbat yana ham kuchaysin. Masalan, bir-biriga sevishini aytsin, “Siz menga Allohning ne’matisiz” kabi so‘zlarni aytish ayni muddaodir.

8. Suhbat uchun hech kim xalaqit bermaydigan tinch joy tanlash.

Bunda xatto bolalarning ovozlari, shovqin-suroni ham eshitilmasin. Albatta, to‘la xotirjamlikni his qilib suhbatlashish er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va mehrni yanada jonlanishga hissa qo‘shadi.

9. O‘rtadagi muhabbat me’yorida bo‘lishiga e’tibor berish.

Bu juda muhim masala. Bir-birini juda qattiq ham sevmasin, juda begonalashib ham ketmasin. Hamma ishda mo‘’tadillik yaxshidir. Zero, muhabbatga mukkasidan ketishdan qaytarilgan. O‘rtada masofani saqlayman deb uzoqlashib ham ketmaslik kerak. Zero, o‘rtadagi masofani saqlashda qanchalik chuqur ketilsa, muhabbatga shuncha putur etadi. Ko‘pgina oilaviy muammolar ham aslida mana shu begonalashuvdan kelib chiqadi. Payg‘ambar alayhissalom “Do‘stingizni yengilroq sevingki, kuni kelib u dushman bo‘lib qolishi ham mumkin. Dushmaningizga ham yengilroq adovat qilingki, kuni kelib u do‘st bo‘lib qolishi mumkin” deganlar.

10. Er-xotin bir-biriga og‘ir damlarda dalda bo‘lishi.

Masalan, ayol kasal bo‘lib qolishi yoki homiladorlik davrida unga moddiy va ma’naviy suyanch kerakligini er doim yodida tutishi kerak. Shuningdek, erining biror sabab bilan kayfiyati tushkunligini, ayolining mehriga, daldasiga muhtojligini farosatli ayol darhol sezib, qo‘lidan kelgan yordamini berishi, bunday paytda erining yonida turishi matlubdir. Sherigining dardiga hamdard bo‘lish, uni qiynayotgan muammodan qiynalish o‘rtadagi muhabbatni misli ko‘rilmagan darajada oshirib yuboradi.

Alloh taolo yurtimizdagi barcha oilalarni mustahkam va baxtiyor oilalardan qilsin. Turmushimizni yanada obod etsin. Omin!


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Er-xotin o‘rtasida muhabbatni kuchaytirish uchun bir nechta tavsiyalar