19:19 / 09.09.2017
6 241

Kambag‘allikni yengish uchun g‘oya

Kambag‘allikni yengish uchun g‘oya
Kambag‘al insonlar ko‘pincha qarz olishadi, jamg‘arishga imkoniyatlari bo‘lmaydi, nosog‘lom turmush tarzini olib boradilar. Ba’zilar esa kambag‘allikni fe’l-atvordagi nuqson deb biladilar. Tarixchi va yozuvchi Rutger Bregman bu fikrga qo‘shilmaydi. Kambag‘al kishilarda shunchaki pul yo‘q va buni o‘zgartirish mumkin.

Yetishmovchilikning aql bilan bog‘liq tomoni

Prinston universiteti psixologiya professori Eldar Shafir hamkasblari bilan birgalikda shakarqamish yetishtiruvchi hind fermerlari o‘rtasida tadqiqot olib bordi. Ular o‘z yillik daromadlarining qariyb 60 foizini hosilni terib bo‘lgandan keyin birdan oladilar. Bundan kelib chiqadiki, fermerlar yilning bir qismini kambag‘allik bilan o‘tkazsa, qolgan qismida esa badavlat yashashadi.

Tadqiqotchilar ularni hosil yig‘imidan oldin va keyin IQ testini topshirishni so‘radilar. Hosilni terib olgungacha ular juda yomon ko‘rsatkichni ko‘rsatdilar. Kambag‘allikda yashash ularning 14 ballni yo‘qotishlariga olib keldi. Bu tunbo‘yi uxlamaslik yoki alkogolizm oqibatidagi ko‘rsatkich bilan teng.

Qachonki, kishilar nimadir yetishmayotganini his qilishsa, ular yomonroq qaror qabul qiladilar.


Bunday vaziyatda uzoq muddatli maqsadlar haqida o‘ylashning imkoni yo‘q. 1920 yillarda qashshoqlikni boshidan o‘tkazgan Jorj Oruell kambag‘allik «kelajakni o‘ldirishi»ni yozgan. Kambag‘al kishilar ahmoq bo‘lganlari uchun noto‘g‘ri qaror qabul qilmaydilar. Ularning yashash sharoitlarida hamma ham shunday aqlsizlik qilgan bo‘lardi.

Vaziyatdan chiqish – so‘zsiz asosiy daromad

Zamonaviy iqtisodchilar bu muammoni yechishning turli yo‘llarini taklif qilishadi. Misol uchun, bundaylarga hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam berish yoki ularga hisobni to‘ldirib turish, qarzlari yig‘ilib ketmasligini eslatib turuvchi xabarlar yuborish mumkin. Bunday usul ayniqsa siyosatchilarga manzur: unga deyarli mablag‘ sarflash shartmas. Lekin u ba’zi belgilarni yo‘qotishi mumkin, muammoni butunlay tugatmaydi.

Qashshoqlarning yashash sharoitlarini nega o‘zgartirish ilojsiz? 500 yil avval bu g‘oyani faylasuf Tomas Mor o‘zining «Utopiya» degan kitobida yozib o‘tgan. Bu so‘zsiz asosiy daromad bo‘lib, u har oy asosiy talablarni qondirish uchun to‘lanadi: yashash, ovqatlanish, ta’lim olish. U hech qanaqa shartlarsiz berilishi lozim.

Bu hukumatning xayrli ishi emas, barchaning huquqidir.


Bundan tashqari, so‘zsiz asosiy kirim bizning ishga bo‘lgan munosabatimizni ham o‘zgartirishga imkon beradi. Hozir millionlab kishilar o‘z ishlarini befoyda deb hisoblaydilar. 2013 yildagi so‘rovlarga ko‘ra 13 foiz respondentlargina o‘z ishlariga qiziqar ekanlar. Boshqa so‘rovnomada qatnashganlarning 37 foizi o‘z ishlarini umuman keraksiz deb hisoblaydilar.

Kanada tajribasi

Asosiy daromadlar bo‘yicha ko‘plab tajribalar qilingan. Ulardan eng muhimi 1974 yilda Kanadaning Dofina hududida o‘tkazilgan. 5 yil davomida ushbu kichik shahar aholisi kafolatlangan pulni doimiy olib turishgan. Hukumat almashishi bilan bu eksperiment to‘xtatiladi, uning natijalari esa oradan 25 yil o‘tib e’lon qilinadi.

Iqtisodchi Evelin Forget Dofina aholisi nafaqat boyroq, balki aqlliroq va sog‘lomroq bo‘lganini aniqladi. Maktab o‘quvchilarining o‘zlashtirishi ko‘rsatkichi esa sezilarli darajada yaxshilandi, shifoxonaga yotqizish 8,5 foizga qisqardi. Insonlar o‘z ishlarini tashlab qo‘ymadilar. Faqat yosh bolali ayollar va talabalarning ishlashi kamaydi. Bunday tajribalar boshqa davlatlarda ham bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida

Albatta, hamma davlat to‘laydigan asosiy mablag‘lar uchun pul qayerdan olinadi degan savol beradi. Aslida u o‘ylanganingizdek qimmatga tushmaydi. Masalan, 2013 yil iqtisodchilar hisobicha Amerikadagi barcha qashshoqlarni bu chuqurdan chiqarish uchun 175 milliard dollar kerak bo‘larkan. Bu AQSHning himoyaga sarflagan mablag‘larining ¼ qismi yoki Yalpi ichki mahsulotining 1 foizi.

Kambag‘allikdan qutilish mumkin, bu uchun barchamiz harakat qilishimiz kerak. Qashshoqlarga eski kiyim yoki o‘yinchoqlarni berishni to‘xtatishning vaqti keldi. Masalan, kambag‘allarga ko‘mak ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi mansabdor shaxslarga maosh to‘lashdan ko‘ra, shu pulni unga muhtojlarning o‘ziga bergan ma’qul.

Manba: Like It

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kambag‘allikni yengish uchun g‘oya