14:06 / 02.10.2017
5 046

Omonat g‘or siri (38-qism)

Omonat g‘or siri (38-qism)
Oradan bir oy o‘tdi. Qizlar birin-ketin sog‘ayib oyoqqa turishdi. Endi kasalxona hovlisini aylanib sayr qilishardi. Bobur bilan Mirkomil ularni deyarli har kuni yo‘qlab turishardi. Mirkomilning serqatnov bo‘lib qolgani avvaliga Boburning g‘ashini qo‘zg‘adi: “Men-ku opamdan xabar olgani kelaman, senga nima bor? Borib o‘qishingni o‘qimaysanmi?! Nima qilasan bo‘zchining mokisiday qatnab?” Lekin bu yigitning ochiqko‘ngilligiga ishondimi, Mirkomilning kelib-ketishlariga keyinchalik e’tibor bermay qo‘ydi. Nargiza esa, Mirkomilga ancha ovunib qolgandi. U kirib kelganida ko‘zlari porlab ketar, ketayotganida ortidan ko‘nglida allaqanday ilinj bilan termilib qolardi. Bora-bora hatto uni Loladan ham rashk qila boshladi. Mirkomilning qorasi ko‘rinishi bilan dugonasidan avval salom berishga, ko‘proq gapirib, kulib e’tiborini o‘ziga tortib turishga urinardi. “Sevib qolganga o‘xshayman”, degan o‘y kechganda aqli ko‘ngil istagiga monelik qilar: “Shunchaki zerikkanimdan u bilan gaplashaman-da”, deb o‘zini ovutgan bo‘lardi.

Nihoyat kasalxonani tark etadigan kun ham keldi. Nargiza: “Ukam oyimga aytgan bo‘lsa, oyijonim meni olib ketgani keladi”, deb yuragi toshardi. Biroq uni olib ketgani Bobur bilan Mirkomil kelishdi.

— Oyim qani? — dedi qiz qovog‘i osilib.

— Uyga borganda aytaman hamma gapni… — ovozidan Boburning hayajonlanayotgani sezilib turardi.

— Yo‘q, hozir ayt. Nima bo‘lgan o‘zi, tinchlikmi?

Bobur “qult” etib yutindi.

— Gapir, Boburjon, nima gap? — Nargizaning ko‘ngli mudhish bir noxushlikni payqagandi.

Boburdan sado chiqmadi, faqat qo‘llarining titrab ketayotgani ko‘rinib turardi.

— Kasalmi, biron joyda yotibdimi? — baqirib yubordi toqati toq bo‘lgan qiz.

Bobur sekin boshini silkidi va stolga o‘tirib, ko‘zidagi yoshini kafti bilan artdi. Nargiza uning oyoq uchiga tiz cho‘kib, uzun barmoqlari bilan ukasining qo‘llarini ushladi.

— Boburjon, men hamma narsaga tayyorman, aytaver, — yig‘lamsiradi u ko‘zyoshlari shashqator bo‘lib.

— Opa, — Bobur chuqur xo‘rsindi. — Endi faqat ikkalamiz qoldik…

Nargizaning yuragi sezib yurgan, biroq ukasidan so‘rashga qo‘rqqan mash’um xabarni eshitdi-yu:

— Endi nima… — deganicha gapini tugatolmay yoniga “shilq” etib quladi.

— Nargiza! — baqirib yubordi shu paytgacha jim turgan Mirkomil va qizning boshini ko‘tardi. Lola esa do‘xtirga yugurdi.

— Opajon, endi siz ham meni tashlab ketasizmi?! — Nargizaning yuzini silagancha yig‘lashga tushdi Bobur.

Bir zumda yetib kelgan do‘xtirlar qizni karavotga yotqizishib, muolaja qilishdi. Hushiga kelgan Nargiza atrofiga ma’nosiz boqar, “churq” etmay yotardi.

Ular kasalxonada yana ikki soatcha qolib ketishdi. Nargizaning sog‘lig‘ini takror ko‘rikdan o‘tkazgan do‘xtirlar nihoyat uning ketishiga izn berishdi.

Uyga kelib ham Nargizaning yig‘isi to‘xtamadi. Ko‘zi qayerga, qay bir buyumga tushmasin, onasini ko‘rganday bo‘laverardi. Nargizaning kelganidan xabar topgan qo‘ni-qo‘shnilar chiqishib, qizga tasalli berishdi. Ularga ovungan Nargiza biroz o‘ziga keldi. Lola uning yonidan jilmas, yelib-yugurib xizmat qilardi.

Xuftonda uyiga qaytgan Mirkomil ertasiga tush qaytgan mahal yetib keldi. Bu payt Bobur uyda yo‘q edi. Eshikni Nargizaning o‘zi ochdi. Mirkomilni ko‘rib, yuzida tabassum paydo bo‘ldi. Uni ichkariga boshlab kirib, dasturxon yozdi.

— Lola ko‘rinmaydi? — so‘radi Mirkomil dasturxonning popugini o‘ynab o‘tirgan qizdan.

— Uxlayotgandi. Boshi og‘ribdi, — Nargiza yigitga qaradi, — uyg‘otib kelaymi?

— Yo‘q, shart emas, uxlayversin. O‘zimiz gaplashib o‘tirganimiz ma’qul.

— Ko‘pchilik bo‘lsak yaxshimasmi? — kulimsiradi qiz.

— Siz bilan o‘tirganimda orada begona bo‘lsa yayrab gaplasholmayman.

— Nega? — qoshlarini chimirdi Nargiza.

— Bilasizmi… Nima desam ekan? — biroz kalovlandi Mirkomil, chunki u gap bu tarzda his-tuyg‘ularga borib bog‘lanadi, deb o‘ylamagan, aslida esa ayni damni anchadan beri kutayotgandi. — Qanday tushuntirsam ekan?.. Siz hozir bu ishning mavridi emas, dersiz… Lekin… Men uyingizga oyimlarni jo‘natmoqchiman. Shunga nima deysiz?

— Voy! — yuzi qizarib ketdi Nargizaning. — Oyingizni?..

— Ha.

— Mayli, jo‘nating, — shaytonligi tutdi qizning. — Tanishamiz. Birontasiga uylanishni niyat qilib aytolmay yurgan bo‘lsangiz, o‘zim xizmat qilib beraman. Faqat o‘sha qizning kimligini bilishim kerak-da.

— O‘sha qiz… o‘zingiz-da!

— Kechirasiz, choyim qaynab ketdi. Hozir damlab kelay.

O‘rnidan qo‘zg‘algan Nargizaning bilagidan Mirkomil tutib qoldi.

— Agar hozir rostini aytmasangiz, ushlab turaveraman. Choynagingiz qaynayverib, qurib ketadi…

— Unda siz choy icholmay qolasiz.

— Mayli… Xo‘sh, nima deysiz, kelsinlarmi?

— Bilmadim, — Nargiza yerga qaradi.

— Unda bugun kechga keladi…

— Yo‘q-yo‘q, bugunmas, — birdan uning gapini bo‘ldi Nargiza.

— Unda ertaga. Xo‘pmi?

Nargiza ko‘zlarini yerdan uzmay boshini silkib roziligini bildirdi.

— Ura! Ura! — qichqirib yuborayozdi Mirkomil.

Uning qilig‘idan Nargiza ko‘zlarini katta ochib:

— Jinni. Jim! Lola eshitib qoladi, — dedi hayajon bilan.

— Eshitsa eshitsin, butun dunyo eshitsin. Havasi kelsin menga!

Yigitning soddaligidan zavqlangan Nargiza kulib yubordi. Uning kulgisidan ruhlangan Mirkomil qizning yuzidan bo‘sa olganini sezmay qoldi.

— Siz yomon bola bo‘p ketibsiz, — qiz arazlaganday tez-tez yurib oshxonaga kirib ketdi…
* * *
Mirkomilning onasi istarasi issiq ayol ekan. Nargizaga bu ayolning qay jihatlaridir onasini eslatdi. Shu bois, Nargiza uni ko‘rganida onasi yodiga tushib yig‘lab yubordi. Ayol bo‘lg‘usi kelinini bag‘riga bosib, yuzidan o‘pdi.

— Ko‘zingiz hecham yosh ko‘rmasin, o‘zimning ona qizim…

Bobur ota o‘rnida ota bo‘lib, Nargizaning to‘yiga hozirlik ko‘rdi, mahalla bilan bamaslahat to‘y kunini belgiladi.

Shirin tashvishlarga qorilib yurgan Nargiza Bobur bilan Lolaning ayvonda boshlari bir-biriga tekkuday shivirlashishayotganini ko‘rib ichida sevinib ketdi va hayajonini yashirmay:

— Tushunarli, — dedi ularga qarab jilmayib, — kishi bilmas qilib-a…

Yigit bilan qiz “yalt” etib unga qarashdi-yu, yuzlari qizarib ketdi.

— Bizning to‘yimizdan oldin sizlarnikini o‘tkazmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi, Boburjon? — kuldi Nargiza.

— Ja siznikidan oldin bo‘masayam… Sal keyinroq, — hazilga hazil bilan javob qildi Bobur.

— Yo‘q, ukajon. Avval sening baxtingni ko‘raman. Seni Lolaxonga ishonib topshiray, undan keyin…

— Sizdan boshlamasak uyat bo‘ladi, — dedi Lola biroz iymanib.

— Voy, shumtakalar, — mehri iyib ketgan Nargiza Lola bilan ukasini quchoqlab oldi.
* * *
Har ikki to‘y ham ixcham, shiringina o‘tdi. Lola Anbar opaning uyiga kelin bo‘lib tushdi. Nargiza esa Mirkomilning uyiga oyday kelinchak bo‘lib kirib keldi.

Oradan ikki oy o‘tib, kuz oyoqlab, qorli-qirovli kunlar boshlandi. Nargiza otasi qoldirgan meros haqida Mirkomilga bilganlarini aytdi.

— Yo‘g‘-e! — dedi Mirkomil ishonqiramay.

Nargiza unga xaritani ko‘rsatdi.

— Mana shu yerga, katta xarsangtosh ostiga ko‘mib qo‘yilgan ekan.

Mirkomil xotinidan xaritani oldi-da, chiroqqa tutib sinchiklab qaradi.

— Nima qilamiz? — dedi so‘ng maslahat so‘ragan ma’noda.

— Bilmadim.

— Boramiz. Hech kimga aytmaymiz. Agar haqiqatan ham shuncha boylik bo‘lsa, unda keyin o‘ylab ko‘ramiz nima qilishni.

Ular ertasi kuni shaharni sayr qilish bahonasida yo‘lga tushishdi. Manzil xiyla olis, shahardan uch soatlik yo‘l yurilardi. Mirkomil mashinani hushyor boshqarar, Nargiza esa atrofni kuzatish bilan ovora edi.

Mashina ilon iziday buralgan yo‘llardan o‘rmalab yuqorilay boshladi.

— To‘g‘riga qarang, xonim, — dedi Mirkomil, — jarlik yonidan o‘tadigan joy bor. Boshingiz aylanishi mumkin.

Bu gapdan kelinchakning yuragi o‘ynab ketdi. Otasi xuddi shu joyda falokatga uchragan edi.

— Ehtiyot bo‘lib haydang! — dedi u xavotirlanib. — Mendan qo‘rqmang, o‘rganib ketganman.

Ular dovondan oshib o‘tganlaridan keyin yo‘l enishga boshladi. So‘ng Mirkomil mashinani xaritada ko‘rsatilgan — tog‘ yonbag‘irlab ketgan so‘qmoq yo‘lga burdi. Yuz metrlar yurilgach, yo‘l tugab qoldi.

— Naryog‘iga piyoda ketamiz, shekilli, — deb Mirkomil mashinani to‘xtatdi.

Tog‘ havosi musaffo edi. Yengilgina epkindan qalin butalarning uchlari tebranib turardi. Atrof suv quyganday jimjit.

— Men qo‘rqib ketayapman, — Nargiza erining qo‘lidan ushlab oldi. — Orqaga qaytsak-chi? Shu boylik kerakmi bizga?

— Kerak bo‘lmasayam, qiziq-da, — jilmaydi Mirkomil va oldinga yurdi. Unga istab-istamay Nargiza ham ergashdi.

G‘or og‘zi juda tor ekan. Mirkomil adashmadimmi, deb, qayta-qayta xaritaga qarab oldi.

— Dadam rahmatli: “Ehtiyot bo‘l, kiraverishda uchta omonat tosh osilib turadi, teginib ketsang tamom — g‘orning og‘zi bekilib, o‘zingni tosh bosib qoladi”, degandi, — dedi Nargiza manglayiga ter tepchigan eriga.

— Shunaqa de. Qaysi tosh omonat ekan?

— Bunisini bilmayman. Yaxshisi, kirmaylik. Negadir ko‘nglim chopmayapti shu ishga.

— Unda bunday qilamiz. Sen shu yerda turasan. Men ehtiyot bo‘lib kirib chiqaman.

— Yo‘q, siz kirsangiz men ham kiraman.

— O‘jarlik qilma, sen shu yerda qol.

— Qo‘rqaman.

— Qo‘rqma, bu yerlarda hech narsa yo‘q. Men darrov chiqaman.

Mirkomil uch quloch balanddagi tog‘ kavagi tomon tirmashib chiqa boshladi. Yakkam-dukkam butalar ham ko‘zga tashlanmas, tog‘ yosh bo‘lsa kerak, bag‘rini hali o‘t-o‘lanlar ham qoplamagandi.

Mirkomil o‘rmalab chiqib borarkan, Nargiza unga ehtiyot bo‘lishni eslatib turdi. Eri g‘or og‘ziga yetay deganida uning ko‘zi kavak tepasida omonat osilib turgan toshga tushdi. Tosh sandiqday edi.

— Mirkomil aka, to‘xtang! — qichqirib yubordi Nargiza. — Ana o‘sha tosh!

Mirkomil ortiga o‘girildi. So‘ng Nargiza ko‘rsatgan tomonga burilib toshni ko‘rdi. Tosh g‘or og‘zining labida edi.

— Nariroqqa borib tur, uni yumalatib yuboraman, — qichqirdi Mirkomil Nargizaga va yana tepaga tirmasha boshladi.

Nihoyat g‘orga yetib borib, chap tarafidan toshni ushlab qimirlatishga urinib ko‘rdi. Tosh “qilt” etmadi. Mirkomil toshni o‘ziga kuch bilan tortib qo‘yib yubordi. Qayerdadir gumburlagan ovoz eshitildi.

— Qoching! — qichqirdi Nargiza.

Mirkomil oyog‘i sirpanib o‘tirib qoldi. Buni ko‘rgan kelinchakning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Shu mahal qarsillagan ovoz chiqarib, tosh pastga dumaladi.

— Mirkomil aka! — qo‘rquvdan Nargiza turgan joyida qotib qoldi. Mirkomil qochishga ulgurgandi. Toshning bir cheti shundoqqina oyog‘i tagidan o‘tib pastga yumalab ketdi. Chang-to‘zon ko‘tarilib, atrofni qasirlagan ovoz tutdi.

G‘orning og‘zi butkul bekilib qolgan edi. Uni ochishning endi iloji yo‘qligini anglagan Mirkomil xotinining yoniga tusha boshladi…

Muallifdan:
Men Nilufar bilan Lazokatning taqdirini bilish uchun uyiga bordim, ular bilan bir zum suhbatlashdim. Nilufarning gaplariga qaraganda, otasi qamalib ketganidan keyin uyiga xor-zor bo‘lib qaytib kelgan singlisini kechiribdi (Guli Lazokatning oilasidagi parokandalikdan xabar topgach, uni rosa azoblagan, bor puli, tilla taqinchoqlarini tortib olib, to‘g‘ri kelgan odamga ro‘para qilib, ancha-muncha pul ishlagan. Lazokat uning changalidan zo‘rg‘a qochib qutulgan). Lekin Nilufar hali-hanuz na onasi va na singlisi tayyorlagan ovqatdan yemas ekan.

Nuriddin ISMOILOV

(Tugadi)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (38-qism)