Uch-to‘rt kishilashib, ikki shisha aroqni bo‘shatib qo‘yibmiz. Boshqalarni bilmadim-u, ammo men maza qildim. Karserdagi sovuq zahri shu aroq bilan chiqib ketgandek yengil tortib soat kechki oltilarga yaqin o‘rnimga cho‘zildim.
Beixtiyor ko‘z o‘ngimda o‘zim tug‘ilgan ona qishloq, yo‘l chetidagi loyqalanib oquvchi katta ariq, qirg‘oqda bosh eggancha o‘tkinchilarga salom qilayotgan majnuntollar, va nihoyat jikkakkina ammam, ichaverib burni qizarib ketgan pochcham, qo‘shnimiz Jo‘raxon ayaning men tengi Nizom degan o‘g‘li…
Shularni bir-bir o‘ylarkanman, yuragim orziqib-orziqib ketar, sog‘inch hissi butun vujudimda soy kabi oqib, to‘yib-to‘yib yig‘lashni ixtiyor etardim. Faqat… Yigitlik g‘ururim ko‘z yoshlarimga sira yo‘l bermas, har o‘pkam to‘lib kelganda, og‘ir uf torta olardim, xolos
— Endi orqaga yo‘l yo‘q! — deya menga dalda berardi ko‘nglimning boshqa bir chetiga berkingan noma’lum ovoz. — Sen jinoyat dunyosining eng boobro‘ kishilaridan biriga aylanding. Qishloqni sog‘inib obidiyda qilishing odobdan emas. Buyog‘iga boshingni baland ko‘targan holda olg‘a bos! Yo‘lingga g‘ov bo‘lmoqqa shaylanganlarni ezib-yanchib ketaver! Shunda obro‘yingga obro‘ qo‘shilaveradi. Yuradigan yo‘ling tobora yorqin tus olaveradi. Yig‘i-sig‘i qiladiganlar ojiz kimsalar bo‘lishadi. Ularni yengish, sindirishdan osoni yo‘q. O‘zingni qo‘lga ol!..
Ichki tovush ta’sirida o‘rnimdan turib o‘tirib hamon hojatxona yoniga ko‘rpacha to‘shab sukut saqlayotgan Sergeyni yonimga chorladim.
— Qani, yaqinroq kel!
Sergey qo‘rqa-pisa menga yaqinlashdi va qo‘l qovushtirdi.
— Qachon kelding? — so‘radim undan sovuqqonlik bilan.
— Bir hafta bo‘ldi.
— Nega qizlarni xafa qilding-a?
Sergey indamay bosh egdi.
— Gapir! — o‘shqirdim o‘tirgan yerimda.
— Bilmadim…
— Nega bilmaysan? Toming ketganmi yo?
— Kayfda edim… Bilmasdan…
— Nima?.. Suyuqoyoq topilmadimi xafa qilishga?
— Boridi…
— Nima?..
Sakrab turdim-da, Sergeyning og‘zi-burni aralash musht tushirdim. U chalqanchasiga polga quladi. hammayog‘i qonga bo‘yaldi. Shunda ham turmoqqa urindi. Biroq ketma-ket kelib tushgan tepkilar uni qo‘zg‘alishga qo‘ymadi.
— Oyog‘imni o‘p, it! — baqirdim unga. — Nega bo‘zrayasan? O‘p dedim!
Sergey yotgan yerida kameradagilarga ko‘mak so‘rayotgandek bir-bir javdiradi.
— Qo‘y, o‘zingni bos, do‘stim! — Arsen qarshimga kelib ikki yelkamdan tutdi. — Buning jazosini o‘zim beraman hali. Asabiylashishingga arzimaydi.
— Qara, qilg‘ilikni qilib qo‘yib, bo‘zrayadi tag‘in! — baqirishda davom etdim. — Bunaqalarning kallasini uzib tashlasayam oz! Vey, — Sergeyni yoqasidan bo‘g‘ib turg‘azdim. — O‘sha qiz kimningdir singlisi ekanini bilasanmi? Endi nima qiladi u bechora? Bir umr ersiz o‘tadimi?
Arsen bu gapimni eshitib kulimsiradi.
— Murod, iltimos, qo‘y!..
— Menga tegma! — endi Arsenga o‘shqirdim. — Namuncha yaltoqlanasan?..
— Xo‘p, xo‘p!.. Shunchaki… Asabiylashma, charchagansan demoqchi edim… Aytdim-ku, buning adabini o‘zim beraman!.. Sen esa mehmonimizsan!.. Kel, yana qittay-qittay qilaylik!..
* * *
Yarim tunga borib nihoyat kameraga jimlik cho‘kdi. Faqat qariya xurrak otib uxlashimga xalal berardi. Nima qilay? Bu ham bir kasallik-da! Xurrak otgani uchun otang tengi odamni uyg‘otish, dag‘dag‘a qilish harqalay biz o‘zbeklarga xos emas.
Ko‘rpaga burkanib olgancha xayol sura boshladim.
Afsus… Ana shunday lahzalarda meni qishloq o‘ziga tortaveradi. O‘zim tanimagan odamlarni xayolan tasavvur qilaman. Adashmasam, bizning qishloqda qizlar sochini qirq kokil qilib o‘rib yurishadi. Televizorda ko‘p ko‘rsatishgan. O‘zlari xuddi men kabi qorato‘ri bo‘lishadi. Dugonalar to‘planib qolishsa, she’rxonlik ham qilib turishadi. Shu tobda men borib qolsam-chi? Qay ahvolga tushisharkin? Tanishmasa kerak, hoynahoy. Eh, qishloq qizlariga qanday so‘z qotishni ham bilmayman. Demak, o‘zimni yo‘qotishim aniq. Qamalganimni sezib qolishsa-chi?.. Qishloq qizlarini juda xurkak bo‘ladi deyishadi. Ura solib qochishadi, ha!.. Uylariga kirgach, onalariga aytishadi. «Falonchi marhumning kallakesar o‘g‘li qamoqdan qaytibdi. Bizning oldimizga kelib gap otmoqchi bo‘ldi» deyishadi. Ana undan keyin soqollarini selkillatib qariyalar yig‘ilib meni qishloqdan quvib solishadi…
Qanday kunlarga qolganman? Yurak yutib vatanimga bora olmayman. Qo‘rqaman. Odamlarning nafrat qorishiq nigohlaridan qo‘rqaman. Ha, men umri xazonga aylangan, orzu-umidlari sarobdangina iborat bir baxtsiz bandaman…
— Hoy, Murod, uyg‘oqmisan?
Shu qadar xayolga berilib ketibmanki, Arsenning karavotimni turtayotganini payqamay qolayozibman.
— Namuncha ayuhannos solasan? — unga sir boy bermay yotgan yerimda baqirdim. — Nima kerak o‘zi?..
— Senga qora dorining zo‘ridan tayyorlab qo‘yganman. Mana, shpritsda. Bir ko‘rmaysanmi?
Arsenning bu taklifi qulog‘imga moydek yoqib tushdi. Chunki, ilgari ham bir-ikki marta qora dorini tatib ko‘rganim bor. Ayniqsa, shpritsdan tomirga yuborilsa, darrov «oladi».
— O‘zing-chi? — so‘radim bosh qashib.
— E, meni qo‘yaver, — dedi Arsen qo‘lidagi shpritsni ko‘z-ko‘z qilgan bo‘lib. — Senday mehmon uchun jonni bersa arziydi. Hademay «etap»ga ketib qolsang, huvillab qolamiz, do‘st! Kel, o‘z qo‘llarim bilan…
— Unga ishonmang, aka! — kutilmaganda qichqirdi hojatxona yonida yotgan Sergey dast o‘rnidan turib. — Qo‘lidagi qora dori emas. Zahar bermoqchi sizga!..
Arsen bu gapni eshitib rangi oqarinqiragan ko‘yi ortga tislandi.
— Sen qayerdan bilasan? — Sergeyga yaqin bordim. — Gapingga javob berasanmi?
— Ha, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman «sanchast»dan suyuq dori olib kelganini…
— Voy ablah-yey!.. — Arsenning yoqasidan olib polga bosdim. — Hali meni o‘ldirish payidamiding?
— Y-yo‘q… I-ishonma unga!.. I-i-i-i…
Arsen nima deyishni bilmas, nuqul duduqlanardi.
Bu orada boshqa aristonlar ham tepamizda hozir bo‘lishdi. Faqat Sergey joyidan jilmay bizni kuzatardi.
— Ariston yaxshi ish qilmadi! — e’lon qildim qarshimdagilarga bir-bir boqarkanman. — Endi mana shu dorisini o‘zida sinab ko‘ramiz. Nima deysizlar?
— To‘g‘ri! — qichqirishdi ular baravariga.
— Y-yo‘q… — tipirchilardi Arsen. — Xohlamayman!..
Kameradoshlar uni mahkam polga bosishdi. Men ignani uning chap qopqog‘iga tiqdim…
Oradan bir necha soniya o‘tar-o‘tmas, Arsenning yuzlari ko‘karib ketdi.
Yurak urishiga quloq tutdim. Yurak urishi ham keskin sekinlashgandi.
— Tez vrach chaqirlaring! — buyurdim qarshimdagilarga. — O‘lib qolishi mumkin!
Qariya yugurib borib eshik darichasini mushtlay boshladi.
— Hoy, kim bor?.. Vrach kerak, vrach!..
Hash-pash deguncha past bo‘yli, tepakal, oq xalat kiygan bir erkak yordamchilari — ikki aristonni oldiga solib kameraga kirib keldi. Bildimki, shu nusxa Yelenaning o‘rniga tayinlangan. Ammo ortiqcha gapga, surishtiruvlarga o‘rin yo‘q edi.
Hech narsa bo‘lmagandek, unga yordamlashish maqsadida qarshisida hozir bo‘ldim.
— Nima bo‘ldi bunga? — so‘radi vrach mendan.
— Birdan yuragi xuruj qilib qoldi. — javob qildim yelka qisib. — Uyg‘oq edim. Qarasam, polda g‘ujanak bo‘lib yotibdi.
— Komaga tushgan. — bosh chayqadi vrach va yordamchi aristonlarga yuzlandi. — Tez buni sanchastga olib kiringlar!..
* * *
Mana nihoyat haqiqiy ariston orzu qiladigan kun ham yetib keldi. Sudda bo‘ynimga qo‘yilgan yettita qotillikning uchtasigina isbotlandi. Qolganlariga yetarlicha dalil to‘planmabdi. Menga o‘n besh yil berishdi. Nasib bo‘lsa, erta-indin etapga jo‘nayman. Goganing yozib bergan xati ham cho‘ntagimda.
Kameradoshlar irimiga egnimdagi eskiribroq qolgan jemprni yechib olishdi. Jo‘nab ketishim bilan iplarini birma-bir sug‘urib olisharkan. Shunday qilinsa, yo‘lim ravon bo‘lib, bu kameraga qaytib kelmasmishman. Yana kamerada biror buyumni zinhor unutib qoldirmasligimni Gogi alohida tayinladi. Unutib qoldirish yaxshilik belgisi emaskan.
Xursandchiliklar, nazoratchi orqali keltirilgan ichkilik, shohona ovqatlar boshimni aylantirib qo‘ygandi. Hatto, Arsenning taqdiri bilan ham qiziqmadim. Sergeyga o‘dag‘aylamay qo‘ydim…
— Sharipov, «s legka!» — erta tongda kechagidan qolgan yeguliklarni kameradoshlar bilan birga tanovul qilib o‘tirgandik. Eshik ochilib, ichkariga kirib kelgan nazoratchi meni tashqariga imladi.
Darvoqe, bu buyruqqa ham ko‘nikib qolganman. Turmada aristonlarni tergovga, advokat qabuliga, sudga yoki yaqinlari bilan bo‘ladigan uchrashuvga olib bormoqchi bo‘lishsa, ko‘pincha shunday buyruq berishadi.
— Tinchlikmi? — so‘radim ehtiyot shart. — Etapgami?
— Yo‘q, senga syurpriz bor. — dedi nazoratchi kulimsirab.
— Q-qanaqa syurpriz? Tushuntiribroq aytsang-chi!..
— Borganda bilasan. Tezroq bo‘l!..
Xayolimga darhol Yelena keldi.
Nahotki, u meni ko‘rishga kelgan bo‘lsa? Demak sog‘inibdi-da u ham!.. Sevarkan-da!..
Terimga sig‘may nazoratchining oldiga tushdim.
* * *
Turmada yana bir qattiq intizom mavjud. Uchrashuv uchun ajratilgan xona o‘rtasida qalin oyna bo‘lib, ikki tomonga telefon uskunalari o‘rnatilgan. Ariston va uni ko‘rishga kelgan odam oynaning ikki tarafida turgan holda telefon orqali gaplashishadi. Ularning suhbati maxsus nazoratchilar tomonidan kuzatib turiladi. Turmadagi ichki shart-sharoitlar haqida ochiq gapirishga ruxsat etilmaydi…
Men Yelena bilan telefon orqali suhbatlashishga-da rozi edim. Eng asosiysi, uning jamoliga bir necha daqiqa bo‘lsin to‘yaman. Ovozini eshitaman.
— O‘ngga yur! — negadir nazoratchi meni uyoqqa emas, o‘ng tomonga boshladi.
— Nega? Uchrashuv joyi chapda emasmidi? — so‘radim hayron bo‘lib.
— Eh, Murod, haliyam soddaliging qolmabdi. Seni boshqalar qatoriga olib bormayman-ku! Nahotki, o‘z hurmatingni tushunib yetmading?..
— Baribir tushunmadim. — dedim kulib. — Ishqilib, stakanga o‘xshagan joyga tiqib qo‘ymasang bas.
Nazoratchi indamadi. Yo‘lakning oxiriga yetganimizda u meni chapdagi eshik ro‘parasida to‘xtatdi. Bu eshik temirdan emas, aksincha yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, tepasiga «Uchrashuv xonasi» deb yozib qo‘yilgandi.
— Qani, shovvoz, ichkariga marhamat! — qo‘li bilan eshikka ishora qildi nazoratchi. — Faqat yodingda bo‘lsin! Ixtiyoringda ikki soatgina vaqt bor. Uchrashuv cho‘zilib ketmasin! Gap tegadi.
Yuragim gupillab ketdi. Hatto, ilk bor odam o‘ldirganimda ham bu qadar hayajonga tushmagandim. Tizzalarim titrab, peshonamni muzdek ter bosgancha eshikni ochib ichkariga qadam qo‘ydim.
— Siz?..
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xonadagi karavotda… Sabina ammam o‘tirardi.
Meni ko‘rdi-yu, yuzlari, tomoqlarigacha oqib tushgan ko‘z yoshlarini arta-arta o‘zini bag‘rimga otdi.
— Voy jiyanginam-ey! O‘zimning Murodjonim-ey-y!.. Tirik ekansan-ku, bola-am!.. Senginaning islaridan o‘rgilay-y!..
Ammam hanuz o‘sha-o‘sha… Faqat keksaribdi. Ichga botgan ko‘zlaridan quyilayotgan yosh misoli daryo edi.
U ko‘ksimga boshini qo‘ygancha aytib-aytib yig‘lar, yupatishlarimga, siltab-siltab qo‘yishlarimga e’tibor qilmasdi.
— Qaylarda yurganding, jigarim? Bo‘ylaringga o‘zim girgitton bo‘lay! Nega meni qon yig‘latib ketding-a, nega?..
— Amma, bo‘ldi, yig‘lamang! — bir amallab uni karavotga o‘tqazdim. Ammam sal o‘zini bosib olgan ko‘yi qo‘lidagi chit ro‘mol bilan yuz-ko‘zlarini artdi.
— Meni darrov tanidingmi? — so‘radi yig‘i aralash.
— Albatta darrov taniyman-da! — dedim ammajonimning ko‘zlariga mehr bilan boqib. — O‘nta ammam bormidi?
— Nega o‘shanda qochib ketding, bolam? Qo‘rqib ketdingmi?
— Qo‘ying, o‘sha kunni eslatmang! — dedim uf tortib. — Undan ko‘ra, o‘zingizdan gapiring.
— E, nimaniyam gapiray? Pochchang ikkovimiz seni bir oygacha rosa qidirdik. Kirmagan eshigimiz qolmadi.
— Pochcham?.. — bu gapni eshitib beixtiyor o‘rnimdan turib ketdim.
— Ha, pochchang!.. Kim bo‘lardi boshqa?..
Sal qursa, «U o‘lmaganmidi?» deb yuborayozdim. Bazo‘r tilimni tiyib ammamning og‘ziga termuldim.
— Nega qamalding? Senday yuvosh bolam nima yomon ish qildingki, qamab qo‘yishdi? — surishtirishda davom etdi ammam. — Gapiraqol! Yuraklarim orziqib ketyapti.
— Ko‘rgilik ekan. — dedim boshimni egib. — Boshimda ota-onam ham, siz ham bo‘lmadingiz. Mana endi yomon bir odam bo‘lib o‘tiribman.
— Qo‘y, unaqa dema! Seni topdimmi, shunisiga shukr! Endi o‘zim tez-tez xabar olib turaman.
— Keragi yo‘q, amma!.. Meni yaqinda bu yerdan boshqa turmaga olib ketishadi. Turmadan chiqishim bilan qishloqqa albatta boraman. Meni qidirib ovora bo‘lmang!..
Bu gaplarimdan so‘ng ammam bir muddat boshini eggancha jim qoldi.
— Ukajonimdan qolgan yolg‘iz yodgorsan. — dedi nihoyat. — Qaniydi qarigan chog‘imda yonimda bo‘lsang, meni o‘zing tepkilab ko‘msang!
— Bas, halitdan o‘lishni o‘ylamang! — urishgan bo‘ldim. — Hali tetiksiz. Yuzga kirganingizda o‘zim ka-atta to‘y qilib beraman!..
Gap bilan bo‘lib ikki soatning qanday o‘tganini payqamay qolibmiz. Nazoratchi eshikni ochib kirdi-da, tezlay boshladi.
— Tez bo‘linglar! Rahbariyat bilib qolmasligi kerak!.. Vaqt tugadi!..
— Amma, sira xavotir olmang! — ovutyapman-u, yuragimning allaqayeri uzilib ketayotgandek ezilib borayapman. Mana-mana ammam bilan xayrlashishni o‘ylaganim sayin vujudimni muz qoplagandek tuyulyapti.
O‘zimni qo‘lga olmasam bo‘lmasdi. Ammam olib kelgan mayda-chuydalarni qo‘limga olishdan oldin jigarimni mahkam quchib ikki yuzidan o‘pdim va o‘q urgandek tashqariga otildim.
Shunisi ma’qulroq edi.
Shunday qilsam, xayrlashish yengil kechardi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi