14:50 / 03.10.2018
4 712

“Baxtga yetmasam kerak...”

"Бахтга етмасам керак..."
Esimda, bundan bir yil avval,dugonalarim bilan maktabni bitirgan edik. Charaqlab yonayotgan quyosh ostida, yosh bolalarday hiyobon argʻimchoqlarida uchgandik, muzqaymoq yegandik, kechgacha sayr qilgandik. Men bahtli edim, juda bahtli! Biroq, buni oʻsha damda bilmagan ekanman...

2012 yil 17 iyun

Bugun menga yangi shifokor biriktirildi. issiq havoda koʻp yurish zararli. Ayni shu sabab, bir oʻzim zerikib gullarni tomosha qilardim. Birdan eshik ochildi-yu, oq halat kiygan, baland boʻyli, yoqimtoy doctor kirdi. U juda ham muloyim, tarbiyali, mehribon ediki...

—Endi seni shifokoring menman. Hali hammasi yaxshi boʻladi.

— Men tuzalmasligimni bilaman doktor...

— Yoʻq!— dedi u men tomonga egilib, koʻz qisarkan,— Sen albatta tuzalasan, menga ishonaver.

U menga kulib qaradi-da, honadan chiqib ketdi. Yashagim kelib ketdi...

2012 yil 25 iyul

Biz doktorim bilan har kuni suhbat quramiz. U hayotim, rejalarim, orzularim va hozirgi ahvolim hususida turli savollar beradi.

— Yoshingiz nechchida? — dedim yurak yutib.

— Yoshim?!— dedi u ajablanib va muloyim jilmaydi. — Yigirma toʻqqizda.

— Nahotki?! Lekin siz juda yosh koʻrinasiz...

— Yoshligim qolibdimi. Mana seni yosh desa boʻladi. Oʻn yetti yosh! — u jovonimdagi dorilarni qoʻliga olib, nimalarnidir oʻqir, menga qaramas, lekin savollarimga erinmay javob berardi. — Mana bu dori achchiqroq.

— Siz uylanganmisiz?

— Uylanganmisiz?— savolimni takrorladi va miyigʻida kuldi.— Hali sendakasini uchratmadim-da. Qani endi uxlab ol, charchab qolasan.

2012 yil 4 avgust

Kecha meni koʻrgani oila aʼzolarim kelishdi. Ularning kulib turgan yuzlariga qarab, aslida ichlarini it tirnayotganini bilish mushkul emas.— Koʻrinishing yaxshi qizim!

— Ha dada menga yaxshi qarashyapti...

— Singlim ancha oʻzingga kelib qolibsan!

Dadam va akam kuchlarini jamlab bu gaplarni ayta olishdi-yu, biroq onam hech narsa deyolmadi. Hamma rol oʻynayotgan bir paytda kichik singlim bor haqiqatni aytib qoʻydi.

— Opa sochingizni nega qirqib tashladingiz, juda hunuk boʻp qopsiz...

2012 yil 17 avgust

Tobora majolim yoʻqolib boryapti. Meni koʻrgani kelganlarning ogʻzida bir gap : “tez orada tuzalib ketasan!” Koʻzguga qarab ahvolimga kulgim keladi. Oriq tana, oqarib ketgan yuz, sochsiz bosh, nursiz koʻzlar. Kimyo terapiyasidan soʻng qosh va kipriklar toʻkilishi haqida ogohlantirishdi.

— Sen juda aqlli qizsan. Mudom kulib turishing taqsinga loyiq!— deydi men uchun qadrdon insonga aylanib borayotgan doktor.

— Oʻlishingni bilsang ham masxarabozga oʻxshab kulaverasan deysizmi?!— undan koʻz uzmay, tartibli harakatlarini kuzatardim.

—yoʻq!— dedi u hayajon bilan qarshimda tiz choʻkarkan.— Bunday dema. S-sen hali yashaysan!

— Siz juda yaxshi odam ekansiz, bilasizmi nega ?

— Nega?

— Yolgʻon gapirayotganda sezdirib qoʻyarkansiz...

2012 yil 25 avgust

Oʻn yetti yoshga kirib, hech kimga koʻngil qoʻymaganman. Ammo bugun... Ha u mening doktorim! Samimiy, oqkoʻngil, tarbiyali, mehribon shifokor. Har kuni, u yonimga kirishidan avval oynaga qarayapman, atir sepyapman, nimalar toʻgʻrisida gapirishim maʼqulligini chamalayapman. Bu satrlarimni kimdir oʻqisa, ustimdan rosa kulsa kerak. Yoʻq, kimdir bu sirimni bilishini, qalbimda uygʻongan yagona, birinchi va ohirgi hisni anglab qolishini hohlamayman..

2012 yil 12 sentyabr

Kun sayin yozishga-da, kuchim qolmayapti. Qalam tutgan barmoqlarim, ikki satr yozadi-yu, qogʻoz ustiga qulaydi. Tomogʻim qurib, tez chanqaydigan odat chiqardim. Aytishlaricha, oʻlim oldidan odamlar juda koʻp chanqasharmish... Yashagim kelyapti...

2012 yil 17 oktyabr

Hayot shunchalar shirin neʼmatki... Garchi madorim yetmasa-da, oʻrnimdan turdim, qalam oldim. Yozyapmanu, titrab ketyapman. Derazadan qarab toʻymayapman. Bugungi voqeani yozmasdan ilojim yoʻq.

— Doktor havo ajoyib!

— Ha.

— Nega hafasiz? Yigʻlayapsizmi? Ha siz ishni endigina boshlagansiz-ku, oʻrganib ketasiz. Hali qoʻlingizda yuzlab odamlar oʻladi...

— Unday dema!

— Sizga omonatim bor. Mana bu qoʻlimdagi kundalikni vafotimdan soʻng olib, oʻqib chiqing. U yostigʻim ostida boʻladi. Oxirgi bir yilini boʻlsa-da! Iltimos...

Koʻzlaridan yosh oqayotgan doktorim menga uzoq tikilib turdi-da, “Men ham seni yaxshi koʻraman” dedi. Qanday baxt! Ammo biz saraton kasaliga yoʻliqqanlarmiz, ahmoqlar emas. U meni aldaganini, faqat insoniylik yuzasidan shunday deganini yaxshi bilaman. Qadrdonim, ellik yildan keyin ham qoʻlingizda jon berayotgan bemorlaringizga, bugungiday iltifot koʻrsating, zora shunda men yetmagan baxtlarga yetsangiz! Ortiq yozmasam kerak, ortiq nasib boʻlmasa kerak...
Mohigul Diyorxoʻjayeva

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Baxtga yetmasam kerak...”