O‘zaro hurmat-izzat, oqibat haqida gap ketganda yoshi ulug‘ tanishlarimizdan biri “Hurmat undirilmaydi, qozoniladi. Inson hurmatga munosib ko‘rilmadimi demak bunga uning o‘zi aybdor” dedilar. Bu fikr ham qaysidir ma’noda to‘g‘ridir. Ammo bizning mulohazamiz ancha farqli. Insonning aftrofdagilarga munosabati, tanish-begonalarni nechog‘li hurmat qilish-qilmasligi uning tarbiyasini namoyon qilish bilan birga, o‘zini va yaqinlarini qay darajada izzatlashini ham ko‘rsatadi. Umuman olganda, o‘zini hurmat qilgan insongina o‘zgalarni ham hurmat qila oladi.
Ko‘cha-kuy, jamoat transportlari, ovqatlanish muassasalari, bozorlarda ayrimlarning ovozini baralla qo‘yib, beparda gaplarni gapirishdan hayo qilmaydiganlar, ayniqsa ular orasidagi qiz-ayollarni ko‘rganda xuddi o‘shalarning o‘rnida o‘zingiz bo‘lgandek uyalib ketasiz. Afsuski, odamlar orasida o‘zini qanday tutishni bilmaydigan, o‘zini hurmat qilmaydiganlar bu raftorlaridan hayo qilmaydilar. Jamoat transportlaridagi salbiy holatlar, yoshlarning o‘zini tutishi, atrofdagilarga bepisand turishi ko‘pchilikning g‘ashiga tegishi aniq. Bir kuni 101-yo‘nalish avtobusida edim, ertalabki tig‘iz payt, avtobus salonidagi tiqilinchlik yo‘lovchilarning g‘ashiga tegyapti. Ertalabdan ko‘pchilikning kayfiyati tajang, asablari tarang. Orqa o‘rindiqlarning birini dugonasi bilan band qilib, go‘yoki, qiz majlisda o‘tirgandek, bemalol o‘zini erkin qo‘yib gap sotib borayotgan qiz ko‘pchilik qatorida mening ham g‘ashimga tegayotgandi. Avtobus har bekatda to‘xtaganida yoshi ulug‘ yo‘lovchilar chiqyapti. Aksariyati, o‘rindiqlar band bo‘lgani uchun tik turib qolishyapti. “Qiz majlis” da o‘tirgan qiz esa labi-labiga tegmay, chala-chulpa nafas olgancha nimalarnidir vaysab ketyapti.
Bir payt boshining ustida tik turgancha ketayotgan ayol chiday olmadi:
– Buncha ko‘p gapirasiz?! Radioga ishga kirsangiz bo‘larkan-a? Boshimni og‘ritib yubordingiz. Sizni bema’ni gaplaringizni eshitib meni boshimga og‘riq kirdi, sizning og‘zingiz esa charchamadi! – deb jerkib tashlagandi, hartugul qizning ovozi chiqmadi. Ammo o‘sha avtobusda, buning ustiga o‘rindiqda yastanib o‘tirgancha qanday manziliga yetib oldi, hayronman...
– Ba’zida uydan ertaroq chiqsam, ishga avtobusda keta qolaman, – deydi psixolog Dildorom Sa’dullayeva. – Bir kuni bekatdan chiqsam orqa o‘rindiqda uch yigitcha o‘tirgan ekan. Menimcha ular biror oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun ketishayotgandi. Chunki ikki yigitning qo‘lida hujjatlar solinadigan jild bor edi. O‘rtadagi yigit menga joy berish taraddudida bir qarab qo‘ydi. So‘ng ikki tomonida xotirjam o‘tirib, nimalarnidir muhokama qilib ketayotgan o‘rtoqlariga qarab u ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Lekin xijolat bo‘lib o‘tirgani xatti-harakatlaridan bilinib turardi. Menga qayta-qayta qarab qo‘yar, ko‘zim tushganida uyalib ko‘zlarini olib qochardi. “Meni yosh deb o‘ylayapti” degan o‘y ko‘nglimdan kechib, telefonimga kelgan xabarlarni o‘qib ketaverdim. Garchi ko‘zim telefonda bo‘lsa-da, psixologligim uchun e’tiborim ularda edi. Avtobus keyingi bekatda to‘xtagandi, oltmish yoshlar atrofidagi onaxon chiqdilar. Yigitlar onaxonga ham joy berishmadi. Oldinroqda o‘tirgan ayol o‘rnidan turib, yoshi ulug‘ ayolni joyiga o‘tirg‘izdi. Keyingi bekatda yigitlar tushadigan ekan, o‘rinlaridan qo‘zg‘alib tushish harakatini qilishayotgan edi o‘sha o‘rtada o‘tirgan yigitga past tovushda “Vijdoningiz qiynaldi-a?” deb so‘radim.Yigit ko‘zlarini hayrat bilan ochib “Buni qayerdan bildingiz? – dedi. – Juda qiynaldim, xijolat chekdim..” deya uzr so‘radi.“O‘qishga topshirayotgan ekansiz a? – dedim yigitga. Tasdiq ishorasini berdi. – Siz tutgan yo‘l maqsadlarimizga erishishda to‘siq bo‘ladi. Hech bir yaxshilik izsiz ketmaydi. Sizning menga yoki boyagi onaxonga joy berishingiz ham kichkina sadaqa edi. Bu bilan siz yo‘lingizdagi to‘siq-g‘ovlarni olib tashlardingiz. Mayli, vijdoningiz qiynalganining o‘zi ham sizga yaxshi saboq bo‘libdi. Boshqa bunday qilmang, sizga omad yor bo‘lsin!..”
U menga minnatdorchilik bildirib bekatida tushib qoldi, pushaymonlik va xijolatchilik aks etgan nigohlari ma’yus edi...
Kimnidir hurmat qilish yoki qilmaslik – insonning shaxsiy ishi. Har kim o‘zini hurmat qilsin avvalo. Negaki, kishining xatti- harakati, atrofdagilarga munosabati uning tarbiya qay darajada ekanini bildiradi. Odamlar bolalarini ko‘rib ota-onasini hurmat qiladilar. Insonning atrofdagilarga bepisand muomalasi, betakallufligi o‘ziga nisbatan behurmatligidan darak beradi. O‘zini hurmat qilgan, o‘z qadrini bilgan va tarbiyali inson hech qachon birovni behurmat qilmaydi. Axir aytishadiku, osmonga tupursang, betinga yopishadi, deb...
Umida ADIZOVA
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”