22:53 / 27.10.2019
4 512

Tuhmat qilib qo‘shnimning oilasini buzganman... (Saratonga chalingan ayolning iqrori)

Tuhmat qilib qo‘shnimning oilasini buzganman... (Saratonga chalingan ayolning iqrori)
Tahririyatimizga kelgan bir muxlisamiz qo‘shnisining taqdiri, afsus va nadomatlari haqida so‘zlab berdi. Uning hikoyasini biroz badiiylashtirgan holda e’tiboringizga havola etmoqchimiz. Muallifning iltimosiga ko‘ra hikoya qahramonlarining ismlari o‘zgartirib berildi.

Ko‘p qavatli uylardan birida yashaymiz. Yaqinda domimizga Xafiza ismli beva ayol ko‘chib keldi. U bilan tezda apoq-chapoq bo‘lib ketdik. Bir kuni u o‘zi haqida so‘zlab berar ekan: “Erim bilan 10 yil yashab, farzand ko‘rmadik va ajrashdik. U uylanib bolali-chaqali bo‘ldi. Men esa yolg‘iz qoldim... Kattalarning gapiga kirib, o‘shanda farzand asrab olmaganimga afsus qilaman. Mana, endi yolg‘izman. Ota-onam o‘tib ketishgan. Opa-singillarim ham yo‘q... Keling, opa-singil bo‘laylik”, dedi.

Mendan 5-6 yosh katta, mushtipargina ayol ekan. “Odam taftini odam oladi” deganlariday u bilan juda yaqin bo‘lib ketdik. Qizlarim uy ishlariga qarashar, men har kuni holidan xabar olardim, shirin ovqat pishirsam mehmonga chaqirardim.

Xafiza opa negadir ko‘z o‘ngimizda ozib-to‘zib borardi. Keyin bilsam onkologik xastalikka duchor bo‘lgan ekan... “Men tuhmatim uchun qarg‘ishga qoldim. Kechirilmaslik yomon dard ekan...” deb yig‘ladi. “Nega unday deyapsiz? Nima bo‘ldi?” degan savollarim javobsiz qoldi...

Bir kuni ishdan qaytsam uyi qulflangan. Qo‘shnilar “Tez yordam” kelib, opani shofoxonaga olib ketganini aytishdi. Tezda taom tayyorlab uni ko‘rgani bordim. Axir meni singlim degan. Yo‘limga ko‘z tikib yotgandir...

Borsam Xafiza opa bir o‘zi ikki kishilik palatada shiftga termulib yotgan ekan. Meni ko‘rgach biroz chiroyi ochildi. So‘ng issiq ovqatni yeb olib, dilini g‘ashlab yotgan dardlarini to‘kib soldi:

–Men tinchgina yashayotgan devor darmiyon qo‘shnim Irodaga tuhmat qilganman. Uni bevafolikda ayblab, odamlar orasida gap-so‘z tarqatdim. Eri –Jasur katta idoraga rahbar edi. U xizmat safariga ketganida xotini Sobir do‘konchi bilan don olishib yuradi. Tunda devor oshib kirganini o‘zim ko‘rdim dedim... Hamma menga ishondi. Bu gaplar erining qulog‘iga yetib, katta janjallar bo‘ldi. Oxiri turmushlari buzilib ketdi. Uch nafar bolasi tirik yetim bo‘lib qolishdi...

Men uning baxtli hayotiga hasad qilardim. Chunki menda yo‘q hamma narsa unda bor edi: risoladagiday er, farzandlar, dang‘illama hovli, mashina, tilla baldoqlar, shoda marvaridlar... pul-boylik... Mening esa oilam buzilib, vaqtincha ijara uyda turgan vaqtlarim... Devor osha bu ayolning eri, bolalari bilan hazillashib kulgan tovushlari eshitilar, juda g‘ashimni keltirardi... Mening bir og‘iz gapim bilan ularning turmushi buzilib ketdi...

Keyin devor osha go‘daklarning “dada” deb yig‘lashlari eshitila boshladi... yuragim dosh berolmay, u yerdan ko‘chib ketdim. Otasiz qolgan farzandlar, boquvchisidan ajralgan ayolning ko‘z yoshlari tutdi meni! Afsuslar ich-ichimni kemirdi. Keyin shu dardga yo‘liqdim...

Xafiza opaning gaplarini tinglab o‘tirib, unga nima deb dalda berishni ham bilmay qoldim. Keyin o‘sha ayolni topib, iqror bo‘ling, kechirim so‘rang. Ollohim kechirimli, bandalariga ham shunday bo‘lishni buyurgan. Agar istasangiz, bu yerdan chiqqaningizda, o‘sha qo‘shningizning uyiga olib boraman. U sizni kechirsa, albatta, tuzalib ketasiz, dedim.

Opa rozi bo‘ldi. Bir oycha davolanib chiqqach u menga shifoxonada aytgan gapimni eslatdi. U aytgan manzilga taksida yetib bordik. Opa yashagan eski hovli qarovsiz nurab ketgan, Irodaning hovlisi oldidagi kichik gulzorda esa atirgullar barq urib ochilib yotardi. Tok ostida so‘ri, ishkomda g‘arq pishgan uzumlar tovlanardi. Darvozani Irodaning o‘zi ochdi. Xafiza opa hadiksirab boqdi. Iroda uni tanidi, ammo muloyim jilmayib ichkariga taklif qildi. Choy olib kelib oldimizga cho‘kdi.

Xafiza opa unga bor gapni aytib berdi. Chin dildan yig‘lab kechirim so‘radi. Iroda uni o‘sha paytdayoq kechirganini aytdi. Chunki bu gaplar yolg‘onligini bilgan eri bir yilan so‘ng oilasiga qaytgan, hozir farzandlari bilan juda baxtli yashasharkan. Boyagina eri bolalarni olib bozorga ketibdi.

Qo‘shnim bu gaplarni eshitib yuzidagi parishonlik yorishdi. Ichidan ezib turgan nadomat iskanjasi qo‘yib yuborgandek bo‘ldi.

Biz xayrlashib chiqib ketayotganda hovliga oppoq “Malibu” kelib to‘xtadi. Undan Irodaning eri Jasur va ikki nafar farzandi tushib, biz bilan salomlashib, qo‘lidagi paketlarni ko‘tarib uyga kirib ketishdi.

Shu voqeadan keyin qo‘shnimning sog‘ligi yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. Bir necha oydan keyin tibbiy ko‘rikka borganida shifokorlar unga sog‘aya boshlaganini aytishibdi. Opada yana hayotga umid uyg‘ondi.

Iqrorda gap ko‘p... Bu voqeani barchaga ibrat bo‘lsin deb yozdim. Toki bugungi mehr-muhabbat kamayib, insoniy hissiyotlar yo‘qolib borayotgan bir vaqtda odamlar bir-biriga yomonlik qilishdan va tilashdan tiyilishsin. Chunki o‘zgaga otilgan tosh o‘zingizga o‘qdek bo‘lib qaytib kelar ekan. Uning jarohati osonlikcha bitmaydi...
Manzura BEKJONOVA

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tuhmat qilib qo‘shnimning oilasini buzganman... (Saratonga chalingan ayolning iqrori)