Inson o‘zini baxtli his qilishi uchun muhim tuyg‘ulardan biri muhabbatdir. Muhabbat deganda keng ma’noda uning turli ko‘rinishlari aytilmoqda, faqat erkak va ayol o‘rtasidagi emas. Masalan ona-bola o‘rtasidagi mehr, qalin do‘stlar orasidagi mehr-oqibat va hokazo.
Psixologlar yozishicha, bizning hatti-harakatlarimiz, fe’l-atvorimiz ana shu muhabbatga erishish uchun yoki kengroq olganda, tan olinish, sevilish, mehr qozonish uchun bo‘lar ekan. Ba’zan o‘sha muhabbatni moddiy vositalar orqali qozonishga urinarkanmiz. Masalan, qimmat mashina minish, dang‘illama imorat solish va hokazo. Mehr-muhabbatni yetarli dozada olib turgan kishi xotirjam bo‘larkan.
Yana psixologlar ta’kidlashicha, insonga baxtiyorlik hissini beruvchi omil moddiy narsalar emas, balki o‘sha mehr-muhabbat, do‘stlik rishtalari va e’tibor ekan. Masalan, bolalikdagi qalin do‘stlar bilan otamlashish, sizni go‘dakligingizdan sevib erkalagan ammangiz yoki xolangiz bilan samimiy suhbatlashish, bobongiz yoki buvingiz yonida o‘zingizni yaqin his etish — bularning hammasi o‘sha muhabbatga daxldor, ich-ichingizdagi sevish va sevilish, e’zozlash va e’zozlanish, kimgadir keraklilik, ardoqlanish g‘arizalarini qondirar ekan.
Hissiyotlarsiz inson o‘zini kemtik his qila boshlaydi, nimadir yetishmayotgandek bo‘laveradi. Qalbini tushkunlik qoplaydi.
Shu ma’noda Erkin A’zam qalamiga mansub "Anoyining jaydari olmasi" qissasi asosida tayyorlangan radiodramani tinglab, qalbimda ajib hissiyotlar uyg‘ondi. "Chantramore" kinofilmi ham shu kitob asosida olingan. Bu hikoyada ikki do‘st o‘rtasidagi samimiylik, iliqlik, beg‘uborlik mohirona tasvirlangan.
Radiodramani tinglarkanman, ichim to‘lib bo‘g‘zimga nimadir tiqildi, ko‘zimga yosh keldi. Darhaqiqat, hozirgi to‘kin-sochinlik davrida bizga eng yetishmayotgan narsa bu samimiy munosabatlar, o‘sha keng ma’nodagi sof muhabbat, mehr- oqibat, beg‘araz birodarlik bo‘lsa kerak.
Ruhiyatimizdagi kemtiklik sababini to‘g‘ri aniqlamasak, tashxis qo‘ymasak, har qancha moddiyat bilan qondirishga urinmaylik, baribir baxtiyor bo‘lolmaymiz. Zamonaviy dunyoda eng ko‘p yo‘qotilgan va mushtoq bo‘linayotgan narsa ana shu samimiy va iliq munosabatlar bo‘lsa kerak.
O‘zbek adabiyotidan men o‘qigan narsalar asosan o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarigacha yozilgan asarlardir. Mustaqillikdan so‘nggi o‘zbek adabiyotiga mensimayroq qarardim. Erkin A’zam kabi bir qator adiblarning suhbatini tinglagach, menda o‘zbek zamonaviy adabiyotiga yana qiziqish uyg‘ondi. Insholloh, Erkin A’zam, Ahmad A’zam, Xurshid Do‘stmuhammad, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton va boshqa ko‘p yozuvchilarning kitoblarini o‘qimoqchiman.
Bemalol aytolamanki, Erkin A’zamning o‘sha "Anoyining jaydari olmasi" jahon adabiyoti durdonalari qatoriga qo‘shilishga arziydigan darajada zo‘r yozilgan.
Sevimli yozuvchimiz Erkin A’zamga sog‘-salomatlik, ijodiga baraka tilab qolaman.
Fayziddin Mo‘minov
Manba: Sof.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”