22:16 / 08.01.2021
4 148

Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il: sabab va oqibatlar

Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il: sabab va oqibatlar
Epigraf. Bitta Ona menga o‘g‘lining quloqsiz bo‘lib qolayotganidan ezilib gapirdi. Men ushbu mushtipar Onani uzoq tinglab ushbu maqolani tayyorlashga jazm qildim. Bundan yosh onalar va otalar o‘zlariga xulosa chiqarib olishar, degan umiddaman.

Ona – ulug‘ zot! Ona o‘z ko‘ziga tik qarab o‘dag‘aylayotgan o‘g‘lining ko‘zlariga xatto mehr ila boqadi. Onalarni hech bir davlat askar sifatida armiyaga olmagan. Chunki qo‘lida miltiq ushlagan Ona ro‘parasida kelayotgan dushmanga o‘q uza olmaydi: “O‘sha dushman yigitning ham onasi bor, axir ona farzand dog‘ida yonib ado bo‘ladiku!

Bu jumlalarni Siz lirik chekinishlar deb o‘ylamang. Haqiqatan ham shunday! Siz harbiy psixologiyaga oid maxsus adabiyotlarni o‘qib ko‘ring. Bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz. U holda To‘maris va Janna D´ark haqida nima deysiz, degan savol tug‘iladi? To‘g‘ri ular farzandlarini himoya qilish uchun qo‘liga qurol olishgan, Vatanni himoya qilish uchun shunday qilishgan.

Nima uchun barcha davlatlarda “Ona Vatan” iborasi qo‘llaniladi. Nega Ota Vatan deyilmaydi? Vatanni boshqarayotgan Otalar emasmi? Nega “Ona tili” deyiladi? Bu tilda Otalar ham gaplashadiku? Payg‘ambarlarimiz erkak kishi bo‘lishgan va onalarni juda ulug‘lashgan. Muqaddas kitoblarning barchasida “Jannat onalar oyog‘i ostidadur” deyilgan. Hamma jannatga tushishni orzu qilib yashaydi. Demak, barchamiz onalar oyog‘i ostida payondoz bo‘lsak arziydi. Ona ulug‘ va qudratli zot!

Ona mehridaryo inson! Biroq ushbu mayin daryoda cho‘milib rohatlanish o‘rniga, unda cho‘kib ketayotgan o‘g‘il bolalar ko‘paygandek nazarimda. Ular qattiq yerga nega moslasha olishmayapti? Keling, hozir ona pinjida ulg‘ayayotgan o‘g‘il bola va uning asoratlari haqida fikr yurgizamiz.

O‘g‘il bola Onasi pinjida ulg‘aysa nima bo‘ladi?
1.Onasi pinjida o‘sayotgan o‘g‘il yumshoq, mehrtalab, ayolsifat bo‘lib boradi va o‘g‘il bolalarga qo‘shilib keta olmaydi.

2.Onasi pinjida ulg‘aygan o‘g‘il hoxlaydimi, hohlamaydimi “Erkaklar dunyosi” ga tushishga majbur. Chunki u erkak! Erkaklar dunyosi beshavqat bo‘lib, u yerda “Ayollar qonuni” o‘tmaydi.

3.Onasi pinjida ulg‘aygan o‘g‘il oila qurgach uni boshqarishda juda qiynaladi va xotiniga qul bo‘lib qolish havfi har doim saqlanib turadi. Oilani boshqarishda boshi qotgan bunday o‘g‘il Ota emas, Onasi oldiga maslahatga chopadi. Biroq endi onaning “Erkak bo‘l, axir” degan o‘gitlari o‘tmaydi. Chunki uning quloqlari ayol kishi tovushiga moslashib bo‘lgan va erkakcha so‘zlarga u yerda joy qolmagan. Endi esa kech!

4.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘ilda vajohat, dadillik, qat’iyat, qattiqqo‘llik bo‘lmaydi, u nafaqat erkaklarga, balki ayollarga ham so‘zini o‘tkaza olmaydi. Chunki ayolsifat o‘g‘il bolani nafaqat erkaklar, balki ayollar ham hurmat qilmaydi.

5.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il o‘zi Ota bo‘lgach o‘g‘lining tarbiyasini o‘zi anglab yetmagan holda xotini qo‘liga topshirib qo‘yadi. Natijada o‘g‘il uchun Ota ikkinchi darajali insonga aylanadi va maslahat uchun u ham Ona oldiga chopadi. Oxir-oqibat “Ona pinjida ulg‘ayish” sindromi uning o‘g‘lida ham davom etadi va bu odat avloddan-avlodga o‘tib boraveradi.

6.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il Otasini hurmat qilmay o‘sadi, undan qochadigan bo‘ladi, Ota vajohatini ko‘tara olmaydi. Natijada o‘g‘il erkaklik hislatlaridan bebahra bo‘lib ulg‘ayadi va buning oqibatlarini katta bo‘lganda anglab yetadi.

7.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il keyinchalik oila qursa, udan “Oila sardori” chiqmaydi, u xotiniga qaram bo‘lganini o‘zi sezmay qoladi. Uning ayolsifat xarakterini payqagan ziyrak xotin, oilani boshqarishni sekin-asta o‘z qo‘liga tortib oladi. Oqibatda Ona – oila sardoriga aylanadi.

8.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘ildan yaxshi mutaxassis chiqishi mumkin, biroq rahbar yetishib chiqmaydi. Jamoani boshqarish u yoqda tursin, u xatto o‘zini-o‘zi boshqara olmaydi. Bu dunyoning yarmi erkaklar bo‘lganligi bois, ularning dunyosiga kirishib keta olmaydi.

9.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il, katta bo‘lgach “Yo‘q” deyishni bilmaydi, u deyarli har doim “Ho‘p bo‘ladi” deydi xolos. Chunki ilk bolalik davridan uning quloqlari tagida “Xo‘p bo‘ladi, o‘g‘lim” degan ayol kishining tovushi yangragan. Tabiiyki, bunday yigit “Yo‘q” so‘zi hukmron bo‘lgan zamonda o‘z o‘rnini topib keta olishi dargumon.

10. Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il bilan erkaklar hisob-kitob qilmay qo‘yadi, ularning o‘z fikri bo‘lmaydi, mayda gap bo‘lishadi, ularning fikri erkaklar jamoasida ko‘pincha e’tiborsiz qoladi, boshqa birovlar u yoqda tursin, ular xatto o‘z o‘g‘liga so‘zini o‘tkaza olishmaydi (chunki bu o‘g‘il ham Ona pinjida katta bo‘lyapti).

11.Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il alamzada va tajovuzkor bo‘ladi, oilani bilim bilan emas, bilak bilan boshqarishga intiladi. Mabodo “Seni oilangda xotin hukmdor” degan gap qulog‘iga chalinsa, turmush o‘rtog‘ini qo‘lga olish uchun uni uradigan odat chiqaradi. Natijada xotini va farzandlari ko‘ziga yomon ko‘rinib qoladi va battar obro‘si tushadi.

12. Ota vajoxatini ko‘rmay, ona mehriga suykalib katta bo‘lgan o‘g‘il armiyaga chaqirilib desantchilar armiyasiga tushib qolsa va mabodo komandirdan bir shapoloq yesa, “Oyijon meni komandir urdi” deb yig‘lab onasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Otasiga telefon qilmaydi, chunki Otadan qanday javob olishni biladi.

13. Mehr narkotikka o‘xshaydi, farzand uni olgan sayin olgisi kelaveradi. Ulg‘ayib borayotgan farzand mehrni ham kattasini hohlab boraveradi. Ona mehrga ko‘mib katta qilgan o‘g‘lini loaqal bir marotaba koyib bersa, u o‘z mushtipari bilan gaplashmay qo‘yadi. “Siz Onasiz, menga mehr berishingiz kerak, axir go‘dakligimdan Siz meni shunga o‘rgatmaganmisiz” degan aqida o‘g‘ilning miyasiga qattiq o‘tirib qoladi.

14. Barcha o‘g‘il bolalar Ona pinjida katta bo‘laversa, butun bir jamiyat izdan chiqadi, har bir yo‘nalishga sardor kerak va undaylarni topib bo‘lmay qoladi, yurtimizda so‘zi va labzida turadigan, qat’iyatli, sobitqadam, sheryurak, ham oilasini, ham Vatanini himoya qila oladigan erkaklar yo‘qolib boradi. Oxir-oqibat mamlakatni subutsiz erkaklar bosib ketadi va “Ayollar yurti” ga aylanamiz. Bunday yurtda iqtisod ham, siyosat ham tanazzulga yuz tutadi.

Qanday onalar o‘z farzandiga keragidan ortiq mehr berishadi?
Birinchi sabab. Qattiqqo‘l oilada otasi yoki onasidan mehr ko‘rmay o‘sgan qiz oila qurgach, ko‘ngliga tugib qo‘yadi: “Bolaligim og‘ir o‘tdi, mehr ko‘rmadim, Xudo hoxlasa farzandlarimni mehrga ko‘mib katta qilaman!”. Haqiqatan ham yangi oila qurgan Ona bunga qat’iyan amal qilib boshlaydi va farzandlarini hatto eridan ham himoya qiladi. Agar er xotinga yon bossa, uning o‘g‘li yuqorida tilga olingan ayolsifat hislatlar bilan ulg‘ayib boshlaydi.

Ikkinchi sabab: Otaning befarqligi: “Xotinim o‘g‘limni ham, qizimni ham eplayaptiku, bolaga mehr bersa nima qipti, ona bo‘lganidan keyin mehr beradi-da”. O‘zaro hurmatga asoslanmagan ortiqcha mehr bora-bora bolani boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirib har qanday farzandni xudbin qilib qo‘yishini mushtipar ona ko‘z oldiga keltirmaydi.

Uchinchi sabab: Ota o‘g‘ilni koyisa, Ona darrov bolani o‘z himoyasiga olishi va farzandini himoya qilib eri bilan aytishib ketishi. Bu holat o‘g‘il bolada Onaga cheksiz mehr, Otaga esa qahrni shakllantirib keladi. Oqibatda Otaning gapi bir tiyinga qimmat bo‘lib boraveradi, farzandlar, ayniqsa o‘g‘il bola Otaning fikri bilan hisoblashmay qo‘yadi, uning aytganlarini qilmaydi.

To‘rtinchi sabab. Bu – bolaga faqat mehr berish kerak aqidasi. Mehr quyosh nuriga o‘xshaydi va murg‘ak qalbga yoqib tushadi. Bola kimdan mehr olaversa, tabiiyki unga intiladi. Eng kuchli mehr esa onada bo‘ladi. Bu holat bola esini taniganidan beri davom etaversa, Ota ikkinchi darajali insonga aylanib qoladi. Ayol erini chin dildan hurmat qilishi va uning o‘zi erini asrab-avaylashi mumkin, biroq o‘zi bilmagan holda erini bolalaridan bezdirib qo‘yishi ham hech gap emas.

Nima qilish kerak?
1.Ota o‘g‘ilni koyisa, Ona o‘g‘ilni emas, erining yonini olishi kerak. “Otangni nega hafa qilding, ikkinchi bunaqa qila ko‘rma”, deb o‘g‘lidan 1-2 kun arazlagandek bo‘lib yurishi kerak. Bu o‘g‘il bolaga qattiq ta’sir qiladi va u otadan ham, onadan ham hayiqib turadigan bo‘ladi. Bola ota-onadan qo‘rqishi emas, hayiqib turishi lozim. Hayiqish – bu qo‘rqish, degani emas. Hayiqish – psixologik immunitetni shakllantiruvchi omil. Albatta qo‘rqitish bilan hayiqish o‘rtasida katta farq bor. Bu nozik masalada juda ehtiyotkorlik talab etiladi. Bolani aslo qo‘rqitib katta qilish kerak emas!

2.Ona oldiga o‘g‘il nimanidir so‘rab kirsa, “Shoshma, Otang nima der ekan” deyishi kerak. Bu holat hadeb takrorlanaversa, Onam baribir Otamga yuboradi, deb u dastlab Otaga murojaat qiladigan bo‘ladi. Ota o‘g‘il bolaga erkakcha maslahat beradi. Masalan, o‘g‘il bola ko‘chadan tayoq yeb kelsa, Ona ko‘chaga chopib himoyaga otlansa, Ota uyda qolib “O‘zingni himoya qilishni o‘rgan, axir o‘g‘il bolasan” deydi.

3.O‘g‘ilga bo‘lgan Ona mehri chiroyli gul qog‘ozga o‘ralgan bo‘lishi va bu mehr farzandga ko‘z-ko‘z qilinavermasligi kerak. Mehr va hurmat yonma-yon turishi lozim. Farzandga ota-onani bir xil hurmat qilishni albatta o‘rgatib borish kerak. O‘g‘ilning Otaga bo‘lgan hurmatini Onaning o‘g‘ilga bo‘lgan mehri bilan aslo alishmaslik kerak. Bola tarbiyasida “Mehr, hurmat va mehnat” har doim hamroh bo‘lsa, o‘zingiz orzu qilgan mukammal farzandni tarbiyalagan bo‘lasiz.

Professor Zarifboy Ibodullayevning
“Asab va ruhiyat” kitobidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ona pinjida ulg‘aygan o‘g‘il: sabab va oqibatlar