. Saudiya Arabistoni ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Saudiya Arabistoni Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi Mintaqaviy va xalqaro aloqalar direktori Xalil al-Afra bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Saudiya Arabistoni bozoriga eksport qilish, ikki davlat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini jadallashtirish va tashriflar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
"O‘zbekiston prezidentining Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashriflari hamkorlik ko‘lamini yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni qo‘shma komissiyalari, ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida uchrashuvlar, biznes-forum va davra suhbatlari o‘zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida, mazkur hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun o‘zbek tomoni bilan ishlashga tayyormiz", - dedi Xalil al-Afra.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Saudiya Arabistoni Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi raisi boshchiligida ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyani O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
Muloqot davomida tomonlar ikki mamlakat Savdo sanoat palatalari vakillaridan iborat ishchi guruh tuzish masalalariga e’tibor qaratishdi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring