
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo ekspertlar forumi bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanadi. Sababi, mintaqadagi muammolarni hal etishda ilmiy yondashuv va tahlil aynan ekspertlarga bog‘liqligi forumning asosiy masalasi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev o‘z nutqida alohida ta’kidladi:
— Markaziy Osiyo ekspertlar alyansi, siyosatshunoslik borasida ish olib boradigan ekspertlarni hamfikr qilib, mintaqa oldidagi muammolarni yechishda muhim jarayon hisoblanadi. So‘nggi 5-6 yil davomida mintaqadagi siyosiy vaziyat o‘zgardi. Bu o‘zgarishlar zamirida O‘zbekiston Respublikasining yangilangan tashqi siyosati, Markaziy Osiyo siyosiy muloqotlarini qayta boshlanganligi mujassam. Bunga misol sifatida fuqarolarning hayotidagi o‘zgarishlarni keltirishimiz mumkin. Masalan, avvallari mamlakatimiz fuqarolari 10-15 nafarigina qo‘shni davlat chegaralari orqali o‘tgan bo‘lsa, bugungi kunda 130 ming odam qarindoshlari, do‘stlari va hamkorlari bilan jonli muloqotda bo‘lishi mumkin.
Albatta, Markaziy Osiyodagi vaziyat ko‘plab «bashoratchi»lar ta’kidlagan salbiy ssenariylarning oldini olishga erishgan bo‘lsakda, oldimizda qiladigan ishlarimiz ko‘p. Hali-hanuz siyosiy muloqot, iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalarda hamkorlik borasida qilinadigan ishlar ko‘p. Masalan, chegaradagi masalalar qaysi bir davlat bilan tezroq, boshqa birida sekin o‘z yechimini topyapti. Lekin, hozircha chegara masalasi dolzarbligicha qolmoqda.
Yana bir muhim masala savdo sohasidir. To‘g‘ri 5-6 yil mobaynida savdolarimiz keskin oshdi, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro savdo 2-3 barobarga ko‘paydi. Afsuski, shunga qaramasdan umumiy savdo hajmida Markaziy Osiyodagi mintaqaviy savdo hajmi 10%ga ham yetmaydi. Bu miqdor boshqa mintaqalarga nisbatan 8-10 barobar kam.
Tahdidlar bor va ularning yechimi avvalo ilmiy tahlillarga bog‘liq. Albatta har bir davlat bu borada o‘zining ilmiy tahlillarini olib boradi. Lekin, umummintaqaviy masalalarni birgalikda ko‘rish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish masalasi bor. Va bu holatda ekspertlarning boshini qovushtiradigan birlashma tuzish masalasi ko‘rilmoqda. Bu muhim qadam bo‘ladi, degan fikrdaman. Sababi olimlarning asosiy vazifasi kelajakda nima qilishimiz kerakligi, qanday rivojlanish lozimligi kabi savollarga javob berish hisoblanadi.
Shuningdek forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga ham javob berdi.
Savol: Davlatlarning integratsiyalashuvida dunyoqarash va siyosiy tuzumlar yaqinligi muhim. Shunday ekan ayrim demokratiya bo‘lmagan davlatlarning borligini hisobga olsak, mintaqadagi bu beshta davlat birlasha oladimi?
— Davlatlarga baho berish maqsadimiz yo‘q. Umuman olganda bu xato tushuncha. Bizning bugungi uchrashuvimizdan maqsad farqlarimizni izlash emas aksincha birlashtiruvchi omillarni tahlil qilishdir. Lekin, sizning savolingiz ham o‘rinli. Dunyoqarash va tuzumlar yaqinligi muhim. Bu yaqinlikni barpo etish ekspertlar hamjamiyatining ham vazifasi sanaladi.
Savol: Ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan qarorlar tavsiyaviy kuchga ega bo‘ladimi?
— Maqsad qaror berishdan iborat emas balki intellektual va chuqur fundamental ozuqa berish. Shuningdek, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borib, hukumatlarga va parlamentlarga qaysi yo‘l to‘g‘riligi xususida tavsiya berish hisoblanadi. Bundan avval albatta fundamental va chuqur izlanishlar bo‘lishi kerak.
Savol: Bu birlashmada so‘z erkinligi qanchalik ta’minlanadi?
— So‘z erkinligisiz, fikrlar plyuralizmisiz hech qanday jiddiy fan mavjud bo‘la olmaydi. Ekspertlar alyansining vazifasi qilingan ishlarni yuqori baholab, maqtashdan iborat emas. Birinchi navbatda muammolarni aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha fikr almashish hisoblanadi. Bu albatta fikrlar erkinligini talab etadi.
Savol: So‘zga chiqqan ekspertlardan biri davlat boshqaruvida o‘z tavsiyalarini berdi. Unga ko‘ra respublikachilik tamoyillarini ushlash kerakligini, qarindosh-urug‘chilikdan voz kechish xususida fikrlar bor. Siz qanday fikrdasiz?
— Mening fikrimcha notiqning fikrlari chuqur tahlil bo‘ldi. Ya’ni taraqqiyotni nima bilan bog‘lashimiz kerak? Mening tushunishimcha, ekspert siyosiy va iqtisodiy modernizatsiyaga birinchi navbatda demokratik tamoyillarni singdirish va ochiq jamiyat barpo etish bilan bog‘ladi. Men buni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
Savol: Kelajakda Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyalashishi tartibsiz harakatlanadigan jarayonda bo‘lishi mumkinmi?
— Mintaqaning rivojlanishi va butun dunyoda nodir bo‘lgan hududga aylanishi integratsiyalashuvi bilan bog‘liq. Va bunga boshqa muqobil variant yo‘q. Jahonda eng yuksak pog‘onalarga erishgan davlatchilikning qurilishi ham Markaziy Osiyoning madaniy, iqtisodiy va kerak bo‘lsa siyosiy bir hudud bo‘lishiga bog‘liq. Masalan, hech kim o‘zining hududidagi energetika zahiralari, moddiy resurslarini jahon bozoriga olib chiqish uchun boshqa davlatlar ustidan hatlab o‘tolmaydi. Faqat birgalikda bu masala hal bo‘ladi. Global muammolar bo‘lgan transport, yoqilg‘i va ekologik muammolarni davlatning o‘zi hal qilolmaydi. Bunda ekspertlar alyansi o‘z hissasini qo‘shadi degan fikrdaman.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar