date

AQShda yana bir o‘zbek talabasi vafot etdi

AQShda yana bir o‘zbek talabasi vafot etdi

AQShning Nyu-York shtatida joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Stony Brook Universityda tahsil olib kelgan o‘zbekistonlik talaba Muhammad Yusuf Fakhriiddinov vafot etdi. U “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi asosida o‘qib kelgan va mamlakatdagi istiqbolli yosh mutaxassislardan biri sifatida tanilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u kompyuter texnologiyalari va informatika yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatning 4-bosqichida tahsil olgan. Yaqinlari va tanishlari uni intizomli, bilimga chanqoq va kelajagi yorqin yoshlardan biri sifatida ta’riflashadi. Uning kutilmagan vafoti nafaqat oilasi, balki o‘quv jamoasi va hamkasblari orasida ham chuqur qayg‘u uyg‘otdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, talaba uyquga ketganidan so‘ng uyg‘onmagan. Vafot sababi yurak faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda, biroq aniq xulosa hali berilmagan. Holat yuzasidan AQShning vakolatli huquq-tartibot organlari tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ham vaziyatni nazoratga olgan. Tashqi ishlar vazirligi va konsullik idoralari bilan hamkorlikda barcha huquqiy va tashkiliy jarayonlar amalga oshirilmoqda. Marhumning jasadini vatanga qaytarish masalasi ham muhokama qilinmoqda va jarayon nazorat ostida ekani bildirilgan.

Ayni paytda AQShda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan bog‘liq yana bir og‘riqli voqea ham eslatib o‘tilmoqda. 2025-yil 13-dekabr kuni Rod-Aylend shtatidagi Brown University hududida sodir bo‘lgan otishmada Muhammadaziz Umurzoqov halok bo‘lgan edi.

O‘sha voqea Providence shahrida, universitetning muhandislik va fizika fakultetlari joylashgan bino atrofida ro‘y bergan. Qora kiyimdagi noma’lum shaxs tomonidan amalga oshirilgan hujumda ikki kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi esa yaralangan.

Bunday xabarlar xorijda tahsil olayotgan yoshlar xavfsizligi, sog‘ligi va umumiy holatiga yanada ko‘proq e’tibor berish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » AQShda yana bir o‘zbek talabasi vafot etdi