10:15 / 19.07.2023
251

Ilk xorijiy safar Muqaddas zaminga. Bu ― yaxshilik alomati

Ilk xorijiy safar Muqaddas zaminga. Bu ― yaxshilik alomati

Kecha xabar berganimizdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan “Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun kecha Jidda shahriga yetib bordi. Bu tashrif, garchi “amaliy” maqomga ega bo‘lsa-da, O‘zbekiston Prezidentining saylovdan keyingi ilk xorijiy safari sifatida ham ahamiyatlidir

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni jo‘g‘rofiy jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lmasa-da, davlatlarimizni umumiy tarix, diniy-ma’rifiy qadriyatlar mushtarakligi va madaniy rishtalar bog‘lab turadi. Bu rishtalar ildizi Islom dini tarqalishi davrlariga qadar yetib boradi.

Turkiston xalqlari qadimdan ushbu mamlakat hududlarida joylashgan ikki muqaddas shaharga ibodat va ziyorat uchun safar qilishgan.

Saudiya Arabistoni O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. 1992 yil fevral oyida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari darajasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida protokol imzolangan. Bugungi kunda barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlar yangi darajaga ko‘tarilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan, 2017 yil 20-21 may kunlari Riyop shahrida o‘tkazilgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSH sammitidagi ishtiroki ikki tomonlama hamkorlik tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Davlatimiz rahbari ushbu tashrif doirasida o‘tkazgan oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni siyosiy munosabatlarini yanada rivojlantirishda mamlakatlarimiz Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘zaro siyosiy maslahatlashuvlar yig‘ilishlarini o‘tkazish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, 2021 yil 29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning 4-raundi doirasida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga ilk bor davlat tashrifi bilan 2022 yilning 17-18 avgust kunlari bordi. Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi darajaga olib chiqdi. Muzokaralar so‘nggida ikki davlat uchun manfaatli bo‘lgan ko‘plab shartnomalar, kelishuvlar imzolandi.

Eng muhimi, tashrif chog‘ida Davlat rahbarining umra ziyoratni ham amalga oshirgani, ayniqsa, jamoatning old safida namoz o‘qigani butun xalqqa manzur bo‘ldi. Prezident dinimiz arkonlariga muvofiq ehromga kirib, namoz o‘qidi, talbiya aytib, Masjidul Haramga bordi.

Ma’lumki, Ka’batullohning ichiga kirish musulmonlar orzu qiladigan ulug‘ sharafdir. Prezidentimiz ana shunday sharafga muyassar bo‘lib, Ka’batullohning ichida namoz o‘qidi.

Ushbu tashrif ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik, birodarlik tamoyiliga asoslangan aloqalar ko‘lami yanada kengayishiga sabab bo‘ldi.

Buni birgina joriy yilda yurtimizning haj ziyoratchilari soni 12 ming nafardan, umra ibodatini bajaruvchilar soni esa 40 ming nafardan oshganida ham ko‘rish mumkin.

Oliy darajadagi muzokaralar qarashlar va intilishlarning mushtarakligini namoyon etdi. Saudiyada “Vision-2030” Davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuksak baholandi. Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasining maqsad va vazifalari ushbu dasturga hamohangdir. Davlatlarimizda raqamli va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Ishbilarmonlarning aloqalari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, tarkibini diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Mamlakatimizda Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi bu borada muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uning yakunida energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlik tobora rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va tuzilmasini oshirish, bir so‘z bilan aytganda, tomonlar uchun ustuvor yo‘nalish­lar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oxirgi besh yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi ham sezilarli darajada oshdi. Saudiya Arabistonilik ishbilarmonlarning O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritishga qiziqishi tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda tuzilgan 38 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 20 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri saudiyalik investorlar tomonidan moliyalashtirilsa, 18 tasi qo‘shma korxonalardir.

So‘nggi yillarda Saudiya Arabistonining asosiy sarmoyalari mamlakat energetika tarmoqlariga yo‘naltirilmoqda. Bugungi kunda “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalarini amalga oshirish boshlangan. Kimyo tarmog‘ida “SABIC” kompaniyasi bilan sheriklikda istiqbolli loyihalar ustida ishlanmoqda.

Arab-o‘zbek munosabatlaridagi hozirgi iliqlik yangi hodisa emas. Zero, Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan asrning 90-yillarida ham mavjud edi. Hozirgi holat ko‘proq 90-yillarda arab olami bilan ko‘zda tutilgan o‘zaro manfaatli va pragmatik munosabatlarni yangi sharoitlarda qurishni davom ettirish va jarayonning tezlashishidir. 2017 yilgacha bo‘lgan bosqichda tomonlar bir-birining imkoniyatlari va salohiyatini chuqur o‘rgangan. Eng avvalo, siyosiy rejimlardagi tafovutlar va Arab hududlaridan radikal g‘oyalar kirib kelishi bilan bog‘liq tahdid ushbu munosabatlar to‘laqonli rivojlanishiga to‘siq bo‘ldi.

2016 yildan O‘zbekistonda boshlangan ochiq va konstruktiv tashqi siyosat sharoitida Arab davlatlariga nisbatan qarashlar o‘zgardi. O‘zbekistonning arab davlatlaridagi tashqi siyosati mintaqa atrofida barqarorlik hamda xavfsizlik belbog‘ini barpo etish masalalarini o‘z ichiga olgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan asosiy vazifalardan kelib chiqadi. Arab davlatlaridagi yetakchi nashrlardan biri – “Riyadhpost” nashri “so‘nggi yillarda Fors ko‘rfazi Arab davlatlari Markaziy Osiyo mintaqasiga o‘z e’tiborini qaratmoqda” deb yozadi. Nashr xulosasiga ko‘ra, ko‘rfaz Arab davlatlarining bu hamkorligi iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlagan bo‘lib, mintaqa davlatlari iqtisodiyoti rivojlanishiga ko‘maklashish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishdan iboratdir.

Yevropaning Markaziy Osiyoga oid tadqiqotlarni e’lon qilib boruvchi “Novastan” nashri ham Fors ko‘rfazi arab davlatlarining mintaqadagi faollashuvini yangi bir hodisa sifatida baholamaydi. Unda yozilishicha, “ular (Saudiya Arabistoni va BAA) bu faollik orqali o‘zlarini yangi mintaqaviy kuch sifatida namoyon etishlarini yana bir bor tasdiqlamoqda. Garchi, asosiy motivlardan biri iqtisodiy manfaatdorlik bo‘lsa-da, baribir geosiyosiy masala muhim ahamiyatga ega” – deb yozadi.

Ta’kidlaganimizdek, 2017 yilda xalqaro va ichki vaziyat o‘zgarishi sharoitida mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Arab davlatlariga, xususan, Fors ko‘rfazi Arab davlatlariga nisbatan munosabat ham o‘zgardi. Buni Saudiya Arabistoni va BAA kabi davlatlarning respublika iqtisodiyotiga sarmoyalar kiritish borasidagi faolligida ko‘rish mumkin. Saudiya Arabistonining O‘zbekiston iqtisodiyotidagi turli tarmoqlarga sarmoyalar kiritishi 2018-2021 yillarda jadal tus oldi va u o‘zaro munosabatlarning butun tarixi davomidagi ko‘rsatkichlardan ham oshib ketdi. Shuningdek, “Vision-2030” dasturi doirasida Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga yangicha nigoh bilan qarayotgani hamkorlik aloqalariga faollik tusini bermoqda.

Hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida o‘ndan ortiq istiqbolli rejalar tayyorlanayotgani hisobga olinsa, Saudiya – O‘zbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi, deb aytish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining saylanib, o‘z vazifasini bajarishga kirishganidan keyingi ilk xorijiy safari, musulmonlarning qiblasi joylashgan davlatga bo‘layotgani, birinchi mashvarat ko‘rfazdagi arab-musulmon mumlakatlari va hamma qadriyatlarimiz mushtarak bo‘lgan qo‘shni davlatlar bilan o‘tkazilayotganida ham nozik ishora bor. Ya’ni davlatimiz bundan buyon ham tashqi siyosatda birinchi navbatda qo‘shnilar va musulmon mamlakatlar bilan aloqalarni kuchaytirishga e’tibor qaratadi. Zero, bu Alloh taoloning mo‘minlar haqidagi “Ishlari o‘zaro mashvarat ila bo‘ladi” (Sho‘ro, 38) oyati karimasiga ham, mutlaq ko‘pchiligi musulmon bo‘lgan O‘zbekiston xalqining orzu-istagi ham mos keladigan amaldir.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ilk xorijiy safar Muqaddas zaminga. Bu ― yaxshilik alomati
ePN