Foto: Kun.uz
Prezident 17-20 sentyabr kunlari AQSHga amaliy tashrif bilan bordi. Davlat rahbari tashrif doirasida Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlar hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi. Uchrashuv tafsilotlari haqida Kun.uz'ga jurnalist Otabek Mahkamov gapirib berdi.
– Otabek aka, siz uchrashuvda bevosita ishtirok etdingiz va uni faol yoritdingiz. Uchrashuvda qanday gaplar bo‘ldi, nima masalalar ko‘tarildi, gapirib bera olasizmi?
– Prezident vatandoshlar bilan ko‘rishgan paytda zalga kirib kelishi bilan salomlashgach, “hech qanaqa oldindan tayyorlangan savol, mulohazalarning menga keragi yo‘q, agar sizlarga kimdir shuni o‘rgatgan bo‘lsa, esingizdn chiqaring” dedi. Suhbat ochiqcha, samimiy va qiziqarli bo‘ldi. Uchrashuv 1 soatga belgilangan edi, lekin 6 soatga cho‘zildi. Taklif qilinganlar juda hurmatga sazovor – Harvard, Stenford universitetlarida, Tesla kabi Amerikaning eng yirik kompaniyalarida ishlaydigan vatandoshlar edi. Fikrlar shunga yarasha bo‘ldi. Taklif beringlar deyilgan paytda iqtisodiyot, tibbiyot bo‘yicha juda konstruktiv takliflar berildi. Prezident detallashtirilgan aniq savollar berdiki, nima uchun O‘zbekistonga shunday takliflar kerakligi haqida aniq ma’lumotlar oldik.
– Blogingizda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ochiqchasiga berdi va prezident ularga faktlar va argumentlarga boy javob berdi, deb yozdingiz. Shu ochiqcha savollar va javoblardan ayrim misollar keltira olasizmi?
– Harvard universitetida tibbiyot yo‘nalishida professor bo‘lib ishlaydigan Madina ismli vatandoshimiz bor. U Buxoroda qurilgan yangi klinikalar haqida so‘z ochdi. Menga yoqqan tomoni, u bizdagi shifoxonalar JSST standartlariga asoslangan holda maxsus akkreditatsiyadan o‘tishi kerakligini aytdi. Ba’zilari o‘tgan ekan, ammo ba’zilari o‘tmagan.
Yana bir qiziq suhbat bo‘ldi. Madina o‘zi yaqinda O‘zbekistonga borgani, Prezident maktablarida bo‘lib, u yerda kim, qanday dars berayotganini ko‘rgani haqida aytdi. “Farzandim, qizim katta bo‘lyapti, agar samolyotingizda joy bo‘lsa, uni olib ketishingiz mumkin, Prezident maktabiga farzandimni yuborishga tayyorman”, dedi. Prezident ham “ertaga farzandingizni olib keling, qaysi biri ketadi? Kattasimi kichigimi?” dedi.
Yana bir qiziqtirgan masala ta’lim bo‘yicha ko‘tarildi. O‘zbekiston ta’limi mening eng og‘riqli nuqtam desam ham bo‘ladi, chunki har bir davlatda tibbiyot va ta’lim bo‘lmasa, u davlatning kelajagi yo‘q deb hisoblayman. Prezident, “afsuski, mustaqillikka erishganimizdan so‘ng muallimdek oliy va nihoyatda hurmatga sazovor kasb vakillarini yo‘qotdik, ularga bo‘lgan hurmatni yo‘qotdik. Biz muallimga hurmatni qaytarish ustida ishlayapmiz”, dedi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatda prezident undan “siz o‘qigan vaqtingizda maktabda sharoit qanday edi?” so‘radi. Behzod “men o‘qigan paytda tuzukroq edi, chunki men Toshkent shahrida o‘qiganman, boshqa viloyatdagi maktablarni ko‘rganmisiz? Andijonga borganimda, maktabda pol yo‘q edi” dedi. Prezident shunday qaradi-da, “men o‘qigan maktabda muallim yo‘q edi” dedi. Tushunyapsizmi, qanchalik suhbat ochiq bo‘lganini?!
Har qanday faktga real qarash kerak. Hamma ishingizni tashlab O‘zbekistonga qaytib kelinglar deyish… bu qiyin masala. Prezidentdan yaxshi fikr chiqdi. “Qayerda yashashingizni o‘zingiz hal qilasiz, bu sizning haq-huquqingiz, Lekin sizlardan iltimos. O‘z bilimingizni biz bilan bo‘lishing. Onlaynmi, bir yilda bir-ikki marta borganingizdami”, dedi prezident. “Faqat shu narsani unutmanglar, sizlarda dunyoqarash, ta’lim tajriba katta. Tez ko‘chib O‘zbekistonga ketinglar demayman, imkoniyatingiz bo‘lganda bilimingizni biz bilan bo‘lishinglar, deyman” deb real gap gapirildi.
Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha bir nechta takliflar berdi. O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lishi uchun 5ta yo‘nalish bor ekan deb har birini sanab chiqdi. Prezident, ularning qaysi biri O‘zbekistonda yo‘q, deb so‘radi. Behzodning javobiga qaraganda hammasi O‘zbekistonda bor ekan, bu jarayon boshlanib qanday ketayotgan bo‘lsa, shunday davom etsak, yaxshi bo‘lardi, dedi. U 2016 yilgacha iqtisodiyotimiz qanday o‘sgani, undan pandemiya davrigacha qancha o‘sgani haqida gapirdi. Behzodga ko‘ra, 2016 yildan pandemiyagacha 3 yillik davrdagi o‘sish 91 yildan to hozirgacha bo‘lganda, eng rivojlangan davlatlar qatorida turgan bo‘lardik.
Xullas, savol-javoblar erkin muhitda o‘tdi. Hazillar ham, jiddiy gaplar ham, achinarli gaplar ham bo‘ldi.
– Gapingiz avvalida, prezident tayyorlangan savol va mulohazalarni unuting deb aytdi, dedingiz. Aslida savol va mulohazalarga oldindan tayyorlangan edingizmi?
– Shaxsan o‘zim uchun javob bera olaman, menga kimdir tayyorlaninglar demagan. Men so‘zga chiqqanda, “Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” kitobim haqida gapirdim. Chunki mana shu kitobning sababchisi prezident bo‘lgan. Biz Mirziyoyev bilan 2018 yilda AQSHda ko‘rishganimizdan keyin bu kitobni yozishga motivatsiya olganman. Oxirgi 18 yil davomida dunyoning 52ta davlatida tarixiy shaxslar bilan ko‘rishdim va ulardan hayot saboqlarini oldim. Unda 100 qahramon bo‘ladigan bo‘lsa, bu kitob yozilishiga kim motivatsiya bergan qahramonni men birinchi o‘ringa qo‘ydim va bu qahramon – prezident.
– Adashmasam, Shavkat Mirziyoyevning AQSHga avvalgi tashrifi doirasidagi tadbirlarda ham qatnashib, ko‘rishgansiz. Avvalgi va bu tashriflar o‘rtasida qanday farqlarni sezdingiz? Umuman AQSH hukumati va xalqaro hamjamiyatning munosabatlarida bu qanday sezildi?
– U paytda ham, hozir ham munosabat pozitiv bo‘ldi. Avvalgi prezident Donald Tramp va hozirgisi Jo Bayden ikkalasi ikki xil odam, ikkalasi har xil partiyadan. Bilasiz, Tramp respublikachilardan va u ko‘proq ichki muammolar bilan shug‘ullanadi, demokratlar esa tashqi siyosat bilan. Har ikki safarda ham men hech qanaqa negativ ko‘rmadim. BMTga yo‘l olganimda O‘zbekiston yoshlari prezidetni qo‘llab-quvvatlab chiqqanini ko‘rdim. Chunki davlat rahbari 140 davlat rahbari oldida nutq so‘zlashi kerak edi. Ichkarida ham boshqa uchrashuvlar jarayonida ham iliqlik ko‘rdim.
O‘tgan safargi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu safargi dastur juda katta. Eng asosiysi, o‘tgan safargidan ko‘ra hozirgi masalada BMTda nuqt so‘zlashga imkon bo‘lgani. Prezidentning AQSHga tashrifi 3-marta bo‘ldi: birinchisi BMTga, ikkinchisi Tramp bilan ko‘rishishga, uchinchisi esa yaqindagi tashrif va u har ikki maqsadni birlashtirgan holda super unumli tashrif bo‘ldi.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!