Bugun kunduzi va 7 oktyabrga o‘tar kechasi hududning katta qismida bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
Ayrim joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechagi kunga nisbatan +6...+8 darajaga past bo‘lib, +18...+23 darajani tashkil etadi.
Ertaga kunduzi nam havo massasi O‘zbekiston hududidan chekina boshlaydi va respublika bo‘yicha yana yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat ertalabki soatlarda markaziy va sharqiy viloyatlarning ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Yakshanba, 8 oktyabr kuni esa O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni +22...+27 darajani tashkil etadi. Kechasi va ertalab salqin bo‘lishi kuzatiladi, havo harorati +9-...+14 daraja atrofida bo‘ladi.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 6-8 oktyabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 6-7 oktyabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.
Poytaxtda havo o‘zgarib turadi, 6 oktyabrda va 7 oktyabrda kechasi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 7 oktyabrda ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi.
8 oktyabr kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari +11...+14 daraja, kunduzi 6 oktyabr kuni +21...+23 daraja, 7-8 oktyabr kunlari +23...+26 daraja bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!