Qiyin g‘alaba: Mirjalol Qosimov o‘yindan keyin qanday fikr bildirdi?

O‘zbekiston Superligasining 8-turi doirasida Olmaliqning OKMK jamoasi o‘z maydonida “Buxoro”ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv keskin va dramatik tarzda kechib, muxlislarga haqiqiy futbol hayajonini taqdim etdi. O‘yindan so‘ng bosh murabbiy Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida o‘z fikrlarini bildirdi.
Qosimovning taʼkidlashicha, jamoa qisqa vaqt ichida yana o‘z maydoniga qaytib, muxlislar oldida g‘alaba qozongani ikki karra quvonarli holat bo‘lgan. U “Buxoro”ni ham uyushgan va tayyor jamoa sifatida baholab, uchrashuv oson o‘tmaganini qayd etdi.
“Biz 2:0 hisobida oldinda borayotgan paytimizda raqib taslim bo‘lmadi va birinchi bo‘limning o‘zida hisobni tenglashtirib ulgurdi. Ular ayniqsa standart vaziyatlarda juda xavfli ekanini yana bir bor isbotlashdi”, — dedi murabbiy.
Ikkinchi bo‘limda OKMK o‘yinni kuchaytirib, tashabbusni yana qo‘lga oldi. Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, jamoa xarakter ko‘rsatib, oxir-oqibat natijani o‘z foydasiga hal qildi.
U muxlislarga ham alohida minnatdorchilik bildirib, ularning qo‘llab-quvvatlovi g‘alabada muhim rol o‘ynaganini taʼkidladi. Shuningdek, “Buxoro”ga keyingi o‘yinlarda omad tiladi.
"Ikkinchi bo‘limda yigitlarimiz o‘yinga qo‘shishdi va omad biz tomonda bo‘ldi. Bizni qo‘llab kelayotgan muxlislarimizga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. “Buxoro”ga keyingi uchrashuvlarda omad”, — dedi murabbiy.
Qosimov raqib jamoaning kuchli tomonlariga ham to‘xtalib o‘tdi. U standart vaziyatlar — jarima zarbalari, burchak to‘plari va hatto autlar orqali ham xavf yarata olishini alohida qayd etdi. Uning fikricha, raqib ilgari ham shunday vaziyatlar orqali natija qayd etgan.
"Raqibni kuchli tarafi aytganimdek, standartlar, jarima zarbalari, burchak to‘plari, aut...Bundan oldingi o‘yinlarda ham adashmasam “Navbahor”ni ham standartdan urilgan gol orqali yutib ketgandi”, — dedi Qosimov.
Murabbiy uchun bu o‘yin tarixga kirgan bo‘lsa-da, endi eʼtibor to‘liq keyingi bahslarga qaratilgan. Jamoa oldida navbatdagi uchrashuvlarga jiddiy tayyorgarlik vazifasi turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!