20:44 / 23.10.2023
235

Advokatlar erkinligini cheklash taklif qilinmoqda

Advokatlar erkinligini cheklash taklif qilinmoqda

Foto: Advokatlar palatasi

Advokatlarning kasb etikasi qoidalarini yangilash, unda “amaldorlarni muhokama qilmaslik va fuqarolarda islohotlarga ishonchsizlik uyg‘otmaslik” talabini qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Konstitutsiyaga zid talab noqonuniy mitinglarning oldini olish maqsadi bilan izohlandi. E’tirozlardan keyin, hujjat loyihasi muallifi – Advokatlar palatasining o‘zi bu talabga qat’iy qarshi ekanini aytib chiqdi.

O‘zbekistonda yangi tahrirdagi “Advokatning kasb etikasi qoidalari” loyihasi advokatlar va jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

Loyihani Advokatlar palatasi ishlab chiqqan bo‘lib, uni ijtimoiy tarmoqlarda huquqshunos Saidali Muxtoraliyev e’lon qildi. Hujjat palataning saytiga va NHHLMP (regulation.gov.uz)ga joylanmagan.

Taklif etilayotgan yangi qoidalarning 55-moddasida shunday deyiladi:

“Advokat ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarini muhokama qilmaslik, ularga nisbatan axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmasligi lozim”.

Loyiha mualliflari buni quyidagicha izohlagan:

“Advokatlar bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda faol va bu faollik aksariyat hollarda hokimiyat vakillarining qonuniy xatti-harakatlarini tanqidiy muhokama qilish, fuqarolarda davlatga va amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan ishonchsizlik holatini keltirib chiqarish ham uchramoqda. Mazkur vaziyatlar keskinlashib, xalqning noqonuniy mitinglar uyushtirishi, aholi tinchligi buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Shu boisdan, ularning OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xulq-atvor qoidalarini belgilab berish maqsadga muvofiq”.

Palata bunday amaliyot Belorus va Fransiya tajribasida ham borligini aytgan.

Huquqshunos Saidali Muxtoraliyevga ko‘ra, taklif etilayotgan yangi qoidalar tasdiqlansa, “qo‘pol qilib aytganda, advokatura o‘ladi”.

“Sababi, bu yangi loyihaga kiritilayotgan ba’zi mantiqsiz talablarni advokat o‘z kasbiy faoliyatini vijdonan bajarish vaqtida buzishga majbur bo‘ladi. Masalan, loyihaning 55-bandiga kiritilayotgan qoidani olaylik. Advokat o‘z mijozini nohaq qamagan adolatsiz sudning yoki qaysidir fuqaroning huquqini bir tiyin qilgan qonunbuzar amaldorning xatosini OAVda yoki ijtimoiy tarmoqda muhokama qilsa, tamom, u etika qoidasini buzgan bo‘ladi”,  deydi yurist.

Advokatning islohotlarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmasligi lozim, degan qoida ham Konstitutsiyadagi so‘z erkinligiga doir moddalarga zid, deydi yurist.

Shuningdek, 55-moddaning asoslantiruvchi qismida “Mazkur vaziyatlar keskinlashib, xalqning noqonuniy mitinglar uyushtirishi, aholi tinchligi buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda”, deb ko‘rsatilgani esa advokatlarga nisbatan tuhmat bo‘lib qolishi mumkin. Chunki O‘zbekistonda biror marta advokatlarning postlari ortidan noqonuniy miting bo‘lgani jamoatchilikka ma’lum emas.

Advokat Ulug‘bek Musayev esa bu loyiha “advokatlik faoliyatini paralich qilish va advokatura institutini bir necha o‘n yillarga orqaga irg‘itib tashlash maqsadida, buyurtma asosida ishlab chiqilgan”, deydi. Shuningdek, u ushbu “kasb etikasi” loyihasi bo‘lajak konferensiya muhokamasidan butunlay olib tashlanishni taklif qilgan.

Sobiq deputat va jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev esa vakolat muddati tugayotgan Advokatlar palatasi advokatlarni himoya qilish o‘rniga ularni jarga itarish bilan shug‘ullanayotganini aytdi.

“Fikrimcha, loyiha buyurtmachilari va Advokatlar palatasi tarkibi hatto Konstitutsiyani ham o‘qishmagan. Vaholanki, Konstitutsiyada “har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega”, “har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega” deya kafolatlangan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, loyiha buyurtmachilari O‘zbekistonda mustaqil advokatura institutini o‘ldirib, faqat mansabdorlarning buyurtmasini bajaradigan, odamlarni istagancha repressiya qilish mumkin bo‘lgan “odil sudlov” rejimini yaratishmoqchi.

Albatta, biz bu ishlarni Prezident boshchiligida odil sudlovni ta’minlash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi islohotlarni ortga qaytarishga urinish, deb baholaymiz”,  deydi Kusherbayev.

Yana bir advokat Abdumalik Abdullayev esa loyihadagi bu band va uning asoslantirish qismi juda ham zaif va ishonchsiz ekanini yozdi.

“Asoslantirishda “aksariyat hollarda” deb, aslida biror bir fakt keltirilmagan va bu, yondashuvga siyosiy tus berishgagina harakat qilinganidan dalolat beradi, deydi. “Asoslantirilgan” boshqa bandlar ham umumiy gaplardan iborat bo‘lib, birorta misol keltirilmagan”, – deydi advokat.

E’tirozlar ortidan Advokatlar palatasi matbuot xizmati loyihadagi 55-bandga qarshi ekanini bildirdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda advokatlar orasida muhokama etilayotgan Advokatning kasb etika qoidalarini yangi 55-band bilan to‘ldirish yuzasidan taklif etilgan matn bilan Advokatlar palatasi rahbariyati nafaqat kelishmasligini, balki qat’iy qarshi ekanini va bunday bo‘lmasligini bildiradi.

Shu bilan birga, advokatlarimizdan Advokatning kasb etika qoidalari yuzasidan o‘z takliflarini yozma ravishda Advokatlar palatasiga yetkazishlarini so‘rab qolamiz”, – deyiladi palata matbuot xizmati bayonotida.

Kun.uz bilan gaplashgan advokatlarning aytishicha, bu yangi tahrirdagi kasb etikasi qoidalari shu yil 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Advokatlar palatasining navbatdagi konferensiyasida muhokama qilinishi kerak. Agar u muhokamada delegatlar tomonidan ma’qullansa, idoraviy hujjat o‘laroq qabul qilinadi. Uning yuridik kuchi shundaki, agar advokatlar belgilangan kasb etikasi qoidalari amal qilmasa, litsenziyasidan mahrum bo‘lishi, natijada professional faoliyat olib borolmay qolishi mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat