Toshkent shahrida 2024 yil 19 apreldagi “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni ijrosi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni onlayn o‘tkazishga hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Matbuot anjumanida Adliya vazirligi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi vakillari mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Qimorga nega ruxsat berildi?
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Nodir Jo‘rayevning aytishicha, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ruxsat berilishidan asosiy maqsad fuqarolar huquqlarini himoya qilish.
“Noqonuniy qimor o‘yinlarida qatnashib, o‘z joniga qasd qilgan shaxslar haqida ko‘p eshitganmiz. Bunday holatlar ularning huquqlari ta’minlanmagani uchun yuz bergan. Afsuski, odamlarda qimorbozlikka qaramlik bor. Ularning ehtiyojini qonunchilik qondirmagach, chet el platformalariga murojaat qilmoqda. Hozir har qanday mobil o‘yinni ochsangiz, har ikkinchi reklamasida kazino yoki boshqa qimor o‘yinlari chiqadi. Ular odamni o‘ziga jalb qilaveradi. Xorijiy platformalarda qimor o‘ynayotganlardan bir qismi bo‘lsa-da, qonuniy yo‘l bilan tashkil etilgan, fuqaro huquqi himoyalangan joyga borishiga ishonyapmiz. Ularda “men shu yerda o‘ynayapman, davlat meni himoya qiladi, meni aldab ketmaydi, pulimni qaytarib beradi”, degan o‘y bo‘ladi. Hozir ko‘pgina odamlar xorijiy platformalardagi qimor o‘yinlarida o‘ynab, yutgandek bo‘ladi, lekin pulini ololmaydi. Bu og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda”, — dedi agentlik mas’uli.
Qimorga tikiladigan pul miqdori cheklanadi
Muloqotda Nodir Jo‘rayev joriy qilinayotgan yangi tizimda qimor o‘yinlariga tikiladigan pul miqdori cheklanishini aytdi.
“Misol uchun, fuqaro qimorga bir oyda 10 million so‘m pul qo‘yishi mumkin. U pulini yutqazdi deylik. Ikkinchi o‘yin tashkilotchisiga borsa, u o‘yinga qabul qilmaydi. Tashkilotchi: “kecha 10 million so‘m yutqazgan ekansiz, sizga bundan ortig‘i mumkin emas”, deydi. Bunda odamlar ko‘p pul yutqizmasligi maqsad qilingan”, — dedi agentlik vakili.
Farmonga ko‘ra, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni internetda (onlayn) amalga oshirish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha to‘lovlar bank orqali qabul qilinadi.
O‘yinlarni kimlar tashkil qiladi?
Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni maxsus litsenziya olgan yuridik shaxslar tashkil etishiga ruxsat beriladi. Agar o‘yin tashkilotchisi qoidalarni buzsa, uning litsenziyasi bekor qilinishi mumkin. Masalan, voyaga yetmaganlarni (18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar) o‘yinda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ysa, tashkilot javobgarlikka tortiladi.
Farmon bilan litsenziya olgan yuridik shaxslar to‘rt foiz miqdorida aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi. Biroq o‘yinda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar soliqdan ozod qilingan.
“Bundan maqsad — fuqarolarni noqonuniy o‘yinlarda emas, qonuniylarida ishtirok etishini ta’minlashdan iborat”, — deydi Nodir Jo‘rayev.
Mas’ullarning ma’lum qilishicha, qimor o‘yinlarini o‘tkazuvchi tashkilotlar har bir o‘yinchi shaxsini identifikatsiya qiladi. Bu shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida amalga oshiriladi. Tashkilotchi mablag‘lari bank hisob raqamida saqlanadi.
Qimor sabab chetga qancha pul chiqib ketyapti?
Nodir Jo‘rayev qimor o‘yinlariga ruxsat berilishiga yana bir sabab sifatida fuqarolar pullarini xorijga chiqib ketishini oldini olish ekanini aytdi. Ya’ni O‘zbekistonda qimorga taqiq bo‘lgani uchun odamlar o‘yinni chet el platformalarida o‘ynamoqda va yutqazilgan pullar xorijga chiqib ketmoqda.
“Chet elga qancha mablag‘ chiqib ketishi bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q. Lekin ma’lum qoidalar asosida hisoblab chiqsa bo‘ladi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bir yilda qimor o‘yinlariga O‘zbekistondan 300 million dollardan 1 milliard dollargacha bo‘lgan mablag‘ chet elga chiqib ketyapti”, — dedi u.
“Qimor o‘ynashga hech kim majburlanmayapti”
Mas’ullarga berilgan savollardan biri jamoatchilik qimor o‘ynashga ruxsat berilgach, mamlakatda uni o‘ynovchilar ko‘payib ketishi, oqibatda ko‘plab muammolar kelib chiqishi mumkinligidan xavotir bildirayotgani to‘g‘risida bo‘ldi. Nodir Jo‘rayevning aytishicha, o‘yinga ruxsat berilishi odamlarni majburlash degani emas.
“Bu farmon bilan qimor o‘yinlariga ruxsat berilyapti. Ammo uni o‘ynashga hech kim majbur qilinmayapti. Farmonning asosiy maqsadi cheklovlar qo‘yishdan iborat. Misol uchun, farmon chiqqanida siz bilan men tezda qimor o‘ynashni boshlaganimiz yo‘q. O‘ynayotgan odam hozir ham o‘ynayapti. U birinchi yanvarni kutib o‘tirmaydi”, — deya savolga javob qaytardi agentlik mas’uli.
Agentlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, hozirgacha 300 tadan ziyod qimor o‘yinlari o‘tkazayotgan saytlarni bloklash belgilangan.
“Ammo ertaga o‘sha saytning 2–3 ta so‘zini o‘zgartirib, yana yangi ochishadi. Onlayn qimor o‘yinlariga qarshi kurashish juda qiyin”,— dedi Nodir Jo‘rayev.
Amaldagi “Reklama to‘g‘risidagi qonun”ga asosan, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni reklama qilish taqiqlangan. Prezident farmonida mazkur qonunga o‘zgartirish kiritish ham nazarda tutilgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”