“Paxtakor” “Dinamo”ni mag‘lub etib peshqadamlikni qaytardi

Superliganing 8-turida poytaxtdagi markaziy bahslardan biri bo‘lib o‘tdi. Toshkentda “Paxtakor” o‘z maydonida “Dinamo”ni qabul qilib, gollarga boy va tomoshabop o‘yinda 4:2 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Uchrashuv juda faol boshlandi. Ilk daqiqalardanoq mezbonlar tashabbusni qo‘lga olib, Dostonbek Hamdamovning goli bilan hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Bashar Resan ham o‘z nomini tabloga yozdirib, ustunlikni mustahkamladi. Biroq “Dinamo” tezda javob qaytardi — Anvar Hojimirzayev va Azizbek Amonovning gollari hisobni tenglashtirib, o‘yinga yana intriga qaytardi.
Ikkinchi bo‘limda esa “sherlar” yana bosimni oshirdi. 60-daqiqada Hamdamov penaltini aniq ijro etib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tgach, Resan yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol etib, o‘yin taqdiriga nuqta qo‘ydi.
Superliga. 8-tur
Paxtakor – Dinamo 4:2
Gollar: Doston Hamdamov, 9 (1:0), Bashar Resan, 22 (2:0), Anvar Hojimirzayev, 25 (2:1), Azizbek Amonov, 27 (2:2), Doston Hamdamov, 60 pen (3:2), Bashar Resan, 71 (4:2).
Paxtakor - Quvvatov, Alijonov, Abdumajidov, Hamraliyev, Nasrullayev, Mozgovoy (Tahsin, 79), Bo‘riyev, Erkinov (Saitov, 71), Sobirxo‘jayev, Resan (Ibrohimov, 85), Hamdamov (Pajishak, 85).
Dinamo – Nemanov, To‘xtasinov (Abdusalomov, 72), Dembele, O‘rozov, Qodirqulov, Amonov, Hojimirzayev, Yo‘ldoshev (Salou, 76), Jumaboyev, Abdullayev, Sarfo (Oblaqulov, 76).
Shu tariqa, Dostonbek Hamdamov va Bashar Resan dubl qayd etib, jamoa g‘alabasining asosiy qahramonlariga aylanishdi. “Paxtakor” ushbu natija orqali ochkolarini 21 taga yetkazib, yana turnir jadvalida yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
“Dinamo” esa 7 ochko bilan quyi pog‘onalardan joy olib, 13-o‘rinda qolmoqda. Ushbu o‘yin esa muxlislarga haqiqiy gollar shoucini taqdim etdi va Superliganing yana-da qiziq kechayotganini namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!