Farg‘onada kartoshka orasiga yashirilgan narkotik fosh etildi

Farg‘ona viloyatidagi "Farg‘ona" chegara bojxona postida Qirg‘izistondan keltirilgan avtomobilda noqonuniy dori vositalari aniqlandi. Taqiqlangan preparatlar kiyimlar va kartoshkalar orasiga yashirilgan holda olib kirilgan. Tekshiruv natijasida tarkibida "Tapentadol" moddasi bo‘lgan 6000 dona dori vositasi olib qo‘yildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov choralari ko‘rilmoqda.
Farg‘ona viloyatida bojxonachilar tomonidan noqonuniy dori vositalarini olib kirishga urinish fosh etildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qirg‘izistondan kirib kelgan yengil avtomashina “Farg‘ona” chegara bojxona postida belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ko‘zdan kechirish jarayonida haydovchi tomonidan olib kirilayotgan yuklar orasida shubhali mahsulotlar aniqlangan.
Aniqlanishicha, So‘x tumanidan Farg‘ona shahriga yo‘llangan ikki dona yuk ichida kiyimlarga o‘ralgan hamda oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan kartoshkalar orasiga yashirilgan katta miqdordagi dori vositalari bor bo‘lgan.
Tekshiruv natijasida jami 150 quti, ya’ni 6000 dona “Tawon liar” nomli preparat topilgani ma’lum bo‘ldi. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan ekspertizada ushbu dorilar tarkibida "Tapentadol" mavjud ekani aniqlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





























Izohlar 0
…