11:14 / 28.09.2017
7 566

“Paxta, paxta” deb dodlayvermang! Hashar ham yoshlar uchun bir maktab edi...

“Paxta, paxta” deb dodlayvermang! Hashar ham yoshlar uchun bir maktab edi...
Ijtimoiy tarmoq sahifalarida bu yilgi paxta yig‘im-terimi xususida turli gap-so‘zlar yurgani, mavzuga doir har xil fikr-mulohazalar bildirilayotgani, xullas, rahbar xodimlar tomonidan terimga majburlash, jamoalarning norozilik xatlari, shikoyatlar, paxta dalalaridagi baxtsiz hodisalar, hasharchilarga sharoitlarning mavjud emasligi xususida xabarlarga to‘lib toshgani hech kimga sir emas.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, tahririyatimiz bu mavzuda “pashshadan fil yasab” jamoatchilik e’tiborini tortavergani yo‘q...

Shundoq ham O‘zbekiston hukumatining olib borayotgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy faoliyatiga tahliliy yoki xolisona yondashib emas, “muxolif nigohida” yondashadigan ayrim nashrlar, ta’bir joiz bo‘lsa, bu masalani “chaynab” tashlashdi.

Bir tomondan ularni tushinishga harakat qilasan kishi... Aslida qaysidir xorijiy tashlikotlarning moliyaviy ehsoni hisobiga kun ko‘radigan bunday “haqiqatparvar” nashrlar qancha ko‘p “tanqidiy shov-shuvlar” yasasalar, shuncha ko‘p “gonorar” olishlari aniq. Axir ularning asl maqsadi inson huquqlarini “himoya qilish”dan iborat-ku...

Ikkinchi tomondan, ularning bunday “dod-voylari” jamiyatda uchraydigan ayrim nohaqliklar, adolatsizliklarga chuqurroq e’tibor berishga undaydi kishilarni. Ba’zi bir o‘z vakolatini suiiste’mol qilayotgan mansabdor shaxslar “oldi-ortiga qarab” ish yuritishadi.

Xullas, jamiyatda o‘rin borki, joy borki, bunday “munosabatlar” qaror topaveradi va, shartli ravishda, talab hamda taklifdan iborat hayotimizda “muvozanat” saqlaydi. Aniqrog‘i, unisi yomon, bunisi yaxshi, demoqchi emasman, aksincha, har bir yaxshida — yomon, har bir yomonda — yaxshining bo‘lish ehtimoli mavjud. Gap unga qaysi tomondan yondashishda...

Biroq bugungi fikr-mulohazalarimiz bu haqda emas.
Poytaxtda tug‘ilib voyaga yetgan qarindoshim, uning ta’biri bilan aytganda, 2-bosqich tolibasi “Bizni institutdan paxtaga olib ketishmoqchi... Paxta terimi deganlari qanaqa bo‘ladi”, deb so‘rab qoldi. Yuzlari oppoq, sochlari uzun, yigirma yoshga kirib paxta dalasini ko‘rmagan jiyanim mening javobimdan hangu mang bo‘lib qoldi!!!

Keling, jiyanim bilan suhbatimizga biroz keyinroq to‘xtalsak...

To‘g‘ri, paxta yig‘im-terim mavzusi bilan bog‘liq ayrim “ko‘nikmalarga” ega kamchiliklar, nohaqliklar mavjud edi. Masalan, hasharchilar kelishiga odatlangan qishloq aholisi paxta terishni eplolmaydigan yoki eplashni istamaydiganlar tomonidan ma’lum ma’noda “yollanardi”. Aniqrog‘i, ham hasharchilar beradigan kunlik mablag‘ni olishardi, ham tergan paxtasining pulini...

Ayrim o‘quv yurtlarining, hasharchilar olib chiqqan tashkilot-korxonalarning ba’zi bir mutasaddi rahbarlari mazkur “mavsumiy majburiyat”ni qoyil qilib bajarishardi. Bu “jadval” barchamizga ayon...

Yaxshi pul topadigan er talaba bo‘lgan xotinini (yangi kelin, homilador ayol) yotoqli hasharga jo‘natmaslik uchun, qaysidir “ishbilarmon ota” nozik qizini uzoq muddatli “gigiyenaga zid” tadbirga yubormaslik uchun yuqorida nomi tilga olingan “mavsumiy majburiyat” egalariga uch-to‘rt so‘m pul “qistirardi”. Mutasaddi xodim esa “ro‘yxat sonini” to‘ldirish uchun terimchilarni yollardi.

Bu yerda fermerlarning zimmasiga tushadigan “majburiyatlar” alohida mavzu. Voyaga yetmaganlar, o‘quvchi yoshlar mehnatidan foydalanish ham aqlga sig‘mas ishlar. Xullas, ichiga kirib boraversa, gap ko‘p...

Ammo hammasini biz, takror aytaman, biz — o‘zimiz qilardik! Eng qizig‘i, aybni talaffuz bilan emas, imo-ishora bilan boshqalarga, aniqrog‘i hokimiyatga osongina ag‘darardik. Yanayam aniqrog‘i, mavsumda “uch-to‘rt tanga” ishlab qolayotganlar tutayotgan isiriqqa olov purkardi...

To‘g‘ri, paxta ishi oson emas, shu paytgacha ham oson bo‘lmagan. Biroq u — zarur xomashyo! Qishloq xo‘jaligining yirik tarmog‘i! Shuni unutmaslik ham darkor...

Mayli, xorijga paxta yoki tola sotishni masalasini qo‘ya turaylik, paxta — O‘zbekistonda mavjud minglab korxonalarning asosiy xomashyosi! Unda ming-minglab daromad solig‘i to‘lovchilar mehnat qiladi, oila boqadi, iste’mol bozorimiz paxta tolasidan tayyorlanadigan yuzlab mahsulotlar bilan to‘ldiriladi.

Paxtadan nafaqat tola, balki o‘nlab boshqa mahsulotlar, ishlab chiqarishga tayyor va yarimtayyor xomashyolar olinadi.
Buni ko‘pchiligimiz maktab partalarida o‘tirgan paytlarimizdanoq bilamiz. Xullas, dalalarimizdan paxtani birdan yo‘qotib yuborolmaymiz...

Tabiiy tolaning paxtadan yaxshiroq va arzonroq varianti ixtiro qilinmaguncha uni ekish, parvarishlash, seleksiya va yetishtirish nuqtai nazaridan takomillashtirish zarur bo‘ladi. Uni bosqichma-bosqich boshqa ekinlar hisobiga kamaytirilayotganining sababi shunda bo‘lsa kerak.

Shu joyida talaba jiyanim bilan bo‘lgan suhbatga qaytsak...

– Singlim, guruhingda, umuman, kurslaringda nechta talaba bor?

– Ta’lim rus tilida o‘qitiladigan 2 ta guruh, o‘rtacha 20 tadan 40 nafar...

– Xo‘sh, o‘sha qirq nafar tengdoshlaring ichidan qaysi birlariga haqiqiy do‘st, chinakam inson sifatida ishonish mumkin? Nima deb o‘ylaysan...

– Bilmasam... Eng yaqin dugonalarim ikki kishi. Qolganlari bilan ham kursdosh do‘stlarmiz! Bilmadim, nimaga sha’ma qilayapsiz... Keyin, barchasi bilan ham birday do‘stlashish mumkinmas axir...

– To‘g‘ri! Sinalgan — do‘st deyishadi. Uyidan kundalik xarajatlar uchun pul olib chiqqan, ota-onasiga o‘zlari kiymagan kiyimlarni oldirgan, xullas, usti but, qorni to‘q, toza-ozoda, ilmga chanqoq yoshlar-da bari, shundaymi?

– Shunday. Lekin bularni paxtaga nima aloqasi bor?

– Hamma gap shunda! Paxta (terim hashari) — haqiqiy do‘stlarni, chinakam insonlarni ajratib beradigan maktab!

Jiyanim bilan qisqa suhbatimizda ayrim izohlarni keltirishni o‘zimga ep ko‘rmadim... Birinchidan, u qizbola, hali yosh, endigina 2-kurs, tog‘alik mavqeim, aniqrog‘i yoshimizdaga tafovut unga ayrim “nozik” masalalarni gapirishga yo‘l qo‘ymadi.

Biroq siz azizlar bilan bularni bo‘lishmasam bo‘lmaydi...

Fikrimcha, talabalar uchun paxta terim mavsumidagi hashar — ular uchun alohida maktab vazifasini o‘taydi!

Psixologiyada insonning ma’naviy qiyofasi va jismoniy imkoniyatlari “xo‘jalik sharoitida” namoyon bo‘ladi, degan shartli tushuncha bor.

Oliygohda jismoniy baquvvatligini, “gapdon bilimdon”ligini ko‘z-ko‘z qiladigan yigitlar paxta hasharida “qizlardan nozik” bo‘lib chiqqanini ko‘p ko‘rganmiz.

Uyida (tilida) pazanda, ozoda, chevar, esli-xushli bo‘lgan qizlarning asl qiyofasi paxta deb atalmish “talabalar amaliyotida” o‘z so‘zini aytganiga guvoh bo‘lganmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, paxta mavzumidagi hashar — bu yoshlarning nasli, oilasi, qiziqishlari, qobiliyati, xullas, qanday inson ekanligini ko‘rsatib beradigan maktab!

To‘g‘ri, qishloq sharoiti, hasharchilarga yaratilgan sharoitlar — beshyulduzli mehmonxona emas! Erta tongda turasan, sovuq suvda yuvinasan, shaxsiy gigiyena talablari har doim ham odatdagidek qondirilmaydi, yengil-yelpi nonushta, kechasi sovuqdan qaltiraysan, kunduzi quyosh tig‘idan qorayasan, barmoqlaring, oyoq-qo‘ling taram-taram yoriladi, egilib paxta terasan, ko‘tarib dala boshiga chiqasan, dala ichida yoki tut daraxti ostida tushlik qilasan, iliq suvidan qorning buralib og‘riydi, charchab yotoqqa qaytasan, buning ustiga o‘qituvchilardan “normani” bajarmaganing uchun tanbeh eshitasan, uyingdagilarni, yaxshi sharoitni sog‘inasan...

Uzr, oshirib yuborgan bo‘lsam. Har qalay men o‘qigan yillarda shu kabi sharoitlarda paxta terganmiz. Bu biz uchun haqiqiy, hayotiy amaliyot bo‘lgan. Biroq...

Biroq paxta hasharining o‘ziga yarasha zavqi bor edi. Aynan o‘sha yerda ona-onasining, oilasi yaratgan sharoitning qadriga yetganlar qancha, haqiqiy do‘stlarini “tanigan”lar qancha, muhabbatini, umr yo‘ldoshini topganlar qancha...

Uzr, badiiylashtirib yubordim...

Keling, endi masalaning jiddiy tomoniga e’tibor qaratamiz. Meni qiynagan va shu mavzuda maqola yozishga undagan yagona savol bor!

Paxta terimida hasharchilarga yaratilgan sharoitlardan nolib, “inson huquqlari” poymol bo‘layotgani vajida jamoaviy xatlarga imzo chekkan va chekayotgan yigitlar (mayli, qizlarga yuqoridagi gaplar yetarli) — ertaga armiyaga safiga chaqirilsa, qanday qilib xarbiy xizmatga yaraydi? Ulardan qanday vatan posbonlari chiqadi?!

Xudoga shukr, tinchlik zamonida yashayapmiz.
Bu bizning eng katta yutug‘imiz! Biroq dunyo notinch, urushning, janjal-to‘polonning turi ko‘paygan hozir...

Tinchlik — tuhfa etilmaydi, saqlanadi! Shuning uchun ham milliy armiya, qurolli kuchlar bor! Chegara, tartib-qoida mavjud!

Xudo ko‘rsatmasin, yurtga yov oralasa nima qilamiz?! Uni himoya qilamizmi? Yo yana “inson huquqlari”ni vaj qilib “pulimiz yetgan joyga” qochamizmi?

Vatan himoyasi — issiq-sovuqni, qor-yomg‘irni, shart-sharoitni surishtirib o‘tiradigan narsa emas! Unda jon olib, jon beriladi! Vatan, millat, oila sha’ni himoya qilinadi!

Nima emish, paxtada sharoit yo‘q emish... Kim ekkan bo‘lsa, o‘zi tersin emish...

Uyat emasmi? Paxta terish ham ish bo‘ptimi?!

Nahotki avlodlar yangilanib, qadriyatlar o‘zgarib, Ikkinchi jahon urushi va uning uzoq davom etgan talofatlari halqimiz yodidan ko‘tarilgan bo‘lsa?

Jumlalarim kimlargadir yoqmasligi tayin. Kimlar ensa qotirib qo‘yish bilan kifoyalanar balki. Xullas, fikrlar xilma-xilligiga chegara yo‘q...

Ammo, real hayotda hamma narsaning chek-chegarasi bor. Hamma narsani hukumat qilib berish kerak degan tushuncha qachon ongimizdan o‘chadi? Davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash, uning iqtisodini yuksaltirishdagi milliy birligimiz qayerda qoldi?

Nahoki, dalalarimizda ochilib-sochilib turgan oppoq paxtani nes-nobut qilmasdan terib olishga kuchimiz yetmasa... Axir u minglab odamlarning mehnat mahsuli, tabiatning in’omi, qilingan harajatlarning kutilayotgan natijasi...

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Paxta, paxta” deb dodlayvermang! Hashar ham yoshlar uchun bir maktab edi...