date
views 3 421

“Butik”lar kimga xizmat qiladi?

“Butik”lar kimga xizmat qiladi?
“Butik” so‘zi qachondan iste’molga kirib keldi?.. Bu so‘zni ko‘pchiligimiz tushunmaymiz, ko‘proq kiborlar “tili”da aylanadi. Aslida “butik” so‘zi fratsuz tilidan olingan bo‘lib, uncha katta bo‘lmagan mashhur va qimmatbaho do‘kon ma’nosini anglatadi. Oddiy xalq “Butik”dan kiyinishni elitaga yaqinlashish yoki madaniyatning yuksak cho‘qqisi, deb biladi. Xullas, lisonimizdagi “elita” pardalari iborasi ham shu oqbilak oyimlarning qayta-qayta takrorlashni xush ko‘radigan “butik” so‘zi ta’siridan kelib chiqqan bo‘lsa, neajab.

Xo‘sh, “Butik”lar kimga xizmat qiladi?.. “Butik”dan kiyinishni orzu qilib yurganlarning ehtiyoji va cho‘ntagiga yarasha kiyim-kechaklar bormi?.. Yoki “butik”dan kiyinganlarni zamonaviy odamlar deya olamizmi?

Poytaxtimizdagi mashhur va qimmatbaho “Butik”larga kirganmisiz, u yerdagi ayollar liboslari deyarli, hammasi xorijdan keltirilgan. Mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydiganlari ham bor. Bularning xaridori bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz?..Do‘konga kirishingiz bilan qo‘lingizga tutadigan moda jurnallarining “qahramon”lari ham chet ellik kino, estrada yulduzlari, modellar va hokazolar... “Butik”ka adashib kirib qolganlar nimani xarid qilishni bilmay, boshi qotadi.

Chunki bu yerdan to‘yga yoki kundalik hayotimiz uchun xijolat tortmasdan kiyib yuradigan liboslar kam topiladi. Shundan aksariyat “butik”lar huvullab yotadi. To‘g‘ri, yurtimizda turli millat vakillari istiqomat qilishadi. Ko‘pincha ularni “butik”larda uchratamiz. Lekin sotuvchi bilan savdolashib turganini ko‘rmaysiz.

Birinchidan, “Butik”dan biror narsa sotib olishga har kimning ham qurbi yetavermaydi, ikkinchidan, liboslar etiketkasida qaysi firmada ishlab-chiqarilgani yoki bu inson salomatligi uchun qay darajada ta’sir ko‘rsatishi haqida birorta ma’lumot topolmaysiz. Qaytanga, chet elliklar hamma narsani o‘zimizda tabiiy matolardan ishlab-chiqarilgan kiyim-kechaklar do‘konidan xarid qilishadi. Aslida “butik”lardagi savdo uni amalga oshiruvchilarning xarajatlarini qoplamaydi ham.

Shahar markazidagi eng o‘ng‘ay, savdo yoki boshqa xizmat ko‘rsatishga qulay bu uylar shaharsozlik shartlarini bajarish uchun xo‘jako‘rsinga ochib qo‘yilganga o‘xshaydi. Do‘kondorlarning “butik”dan tushadigan daromadga ehtiyoji yo‘q. Bu kabi yuzlab do‘konlar bekordan-bekorga joyni egallab yotibdi.

Shuni o‘rniga, har bir ko‘chaning o‘z kiyim-bosh do‘konlari bo‘lsa, tabiiy matolarimizdan zamonaviy kiyim-kechaklar tikib, yana o‘zimizga Koreya, Turkiya, Qozog‘iston orqali qimmat narxda qaytib kelayotgan liboslarni o‘zimizda ishlab-chiqarishni yo‘lga qo‘ysak, kimsasiz huvullab yotgan do‘konlarimizdan xaridorlar arimasdi. Undan tushadigan yirik daromad ham ayrim kishilarning qo‘lida to‘planib qolmasdan, mamlakat obodligiga xizmat qilardi.Nazarimizda, “Butik”lar faoliyatini o‘rganish, xalqqa xizmat qildirish, odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish vaqti keldi.

Ma’mura ZOHIDOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi O‘quv-metodika
va harbiy-vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i

Manba: Xs.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Butik”lar kimga xizmat qiladi?