date
views 7 639

Koronavirus infeksiyasiga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi dorilar ma’lum qilindi

Koronavirus infeksiyasiga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi dorilar ma’lum qilindi
Ayni paytda koronavirus infeksiyasiga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi dorilar ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.
Barcha mamlakatlarni birday tashvishga solgan COVID-19ni batamom bartaraf etuvchi dori vositalari qachondir o‘ylab topiladimi yoki bu kasallik ham mavsumiy kasalliklar qatorida inson organizmini shikastlash ehtimolidan holi qoladimi?

Bu murakkab savolga javob barchani birdek o‘ylantirmoqda. Koronavirus epidemiyasi nafaqat o‘lim bilan bog‘liqligi tahlikali, balki juda katta miqyosdagi iqtisodiy-gumanitar inqirozni keltirib chiqargani bilan ham xatarlidir.
Shu tufayli dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, bu virusga qarshi kurashuvchi dori vositalari va sinovdan o‘tkazilayotgan vaksinalar barchaning diqqat markazida turibdi.

Hatto vaksinalarni moliyalashtirishda “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i rahbari Mark Sukerberg va “Micrasoft” kompaniyasining asoschisi Bill Geyts kabi taniqli va badavlat shaxslar ham chetda turishmadi.

Koronavirusni davolashda barcha mamlakatlar ishlatayotgan va ta’siri hali to‘liq o‘rganilmagan dorilar ro‘yxati juda katta. Yaqin oylarda aynan bu virusning o‘zigagina ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan vositalar o‘ylab topilishi taxmin qilinmoqda. Albatta, bu kasallikni yuqtirganlarni sog‘aytirish uchun qilinayotgan ishlardir.

Ammo milliardlab unga giriftor bo‘lishi ehtimoli yuqori odamlarni qutqarib qolish uchun vaksina topish zarur. Ammo olimlar tomonidan uning o‘ylab topilishi va amaliyotga qo‘llash uchun kamida bir yildan oshiqroq muddat talab qilinadi.

Hozirda topilgan dori vositalari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, rivojlangan mamlakatlar shifokorlari koronavirus infeksiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan dorilarni 3 ta kategoriyaga bo‘lib chiqishdi:

Birinchisi, virus simptomlarini minimumga tushiruvchi shamollashga qarshi dori vositalari.
Ikkinchisi, virusning hujayralari ichida ko‘payish jarayonida uning hayotiy siklini buzish orqali yo‘q qiluvchi dori vositalari.
Uchinchisi esa, koronavirus bilan og‘rigan kasallarning antitanasi asosida boshqa og‘riyotgan kasallarning immunitetini davolovchi dori vositalaridir.

Hozirda pandemiyaga qarshi kurashishda yetakchi farmatsevtik kompaniyalari virusning hayotiy siklini buzuvchi vosita sifatida Kaletra, Ramdesivir, shamollashga qarshi Kevzara, Faviparir, Actemra nomli dori vositalarini taklif qilmoqda.

Bu vositalar ayni damda bemorlarda sinalyapti. Ularning yaxshi-yomon ta’siri to‘g‘risidagi ijobiy xabarlar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda. Shifokorlar shu bilan birga COVID-19ga molekular tuzilishi jihatdan yaqin bo‘lgan boshqa o‘xshash viruslar (Ebola, OIV) uchun ishlatilgan dorilardan ham muvaffaqiyatli foydalanishmoqda.

Bundan tashqari, bezgakka qarshi ishlatilgan vositalar “Xloroxin” va “Gidroksixloroxin”, “Lopinavir+Ritonavir” ham ushbu ro‘yxatdan joy olgan va har qaysi davlat o‘ziga ma’qul uslublardan foydalanyapti.

Istiqbolda topilajak vaksinalarning eng katta salbiy tomoni shundaki, uni moliyalashtirish juda uzoq yillarni talab qiladi. Ularni ishlab chiqarishda eng kam muddat – bir yilni tashkil etadi. 2003 yil SARS virusiga qarshi vaksina yaratish ishlari epidemiya tugaganidan so‘nggina o‘z nihoyasiga yetgan edi.

Hozir bu virusga qarshi vaksina ustida 20dan ortiq kompaniyalar faol ish olib bormoqda. Ular orasida Johnson&Johnson, GlaxoSmithKline, Sanofi kabi yetakchi farmatsevtika gigantlari alohida ajralib turibdi. Nomzod kompaniyalar orasida eng e’tiborga moligi Moderna Ins. bo‘lib, u 42 kun ichida vaksinani ishlab chiqib, taqdim qildi.

Bu vaksinalar hozircha ko‘ngillilarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ammo ular qay darajada ijobiy ta’sir etishi, natijasi qanday bo‘lishi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar olish uchun kamida bir yil ketadi.

Bezgakka qarshi vaksinalar qatorida sil kasaliga qarshi ishlatilgan vaksinalar BCGning ham koronavirusga ta’siri tekshirilib ko‘rilmoqda.

Xitoyning Zhejiang Hisun Pharmaceutical kompaniyasi “FAVIPIRAVIR” dori vositasini koronavirusga qarshi ishlatishda hukumatdan ruxsat olgani to‘g‘risida e’lon qildi. Bu vosita hozirgi kungacha 70 ta kasalda sinab ko‘rilgan bo‘lib, nojo‘ya ta’siri qayd etilmadi va juda samarali bo‘lib chiqdi.

Yaponiyalik olimlar antiretrovirus vositalaridan SARS-CoV-2 koronavirusning ko‘payishini to‘xtatuvchi “NЕLFINAVIR” dorisi ustida muvaffaqiyatli tadqiqot olib borayotgani to‘g‘risidagi xabar berilmoqda.

Tadqiqotlar davomida OIVdan davolovchi dori vositasi nelfinavir juda kam dozada ham virusning ko‘payishini samarali to‘xtatishi aniqlandi. Koronavirusni davolovchi dori va vaksinalar hali topilmagani tufayli ushbu virusga qarshi preparatlarni kasallarda sinab ko‘rish lozimligi aytilmoqda.

Shuningdek, Yaponiyada immunitetida o‘zgarish bor kasallar uchun Intravenoz immunoglobulin (IVIG) ishlab chiqargani bilan tanilgan Takeda Pharmaceutical kompaniyasi, koronavirus bilan og‘rib tuzalganlar qon plazmasidan olingan TAK-888 antitanalar asosida yangi virusga qarshi dori vositasi ishlab chiqarish ustida bosh qotirmoqda.

Umuman olganda, qon plazmasidan olinadigan dori vositasi har xil tozalangan antitanadan tashkil topgan bo‘lib, boshqa dori vositalariga nisbatan virus bilan juda yaxshi kurashish xususiyatiga egadir.

Virusdan tuzalgan kasallar qoni plazmasidan davolash usuli ustida fransiyalik olimlar ham jadal tadqiqot olib bormoqda. Tuzalganlardan 2-3 hafta o‘tib 600 ml. plazma olinadi. Tadqiqot uchun 200 ta odam tanlab olinib, ulardan faqat 60 tasidagina bu davolash usuli qo‘llanib, tekshiriladi.

Eng muhimi, bugun barcha mamlakatlarda virus bilan og‘riyotgan insonlar orasida tuzalayotganlar soni ortib bormoqda. Bu – tibbiyot xodimlari va olimlarning koronavirusga qarshi kurashish ustida tinimsiz ish olib borayotganidan dalolatdir. Har bir narsaning ibtidosi bo‘lganidek, bir kun kelib bu baloga ham barham berilishi shubhasiz.

Gulruxsor RAVSHANOVA, xalqaro sharhlovchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus infeksiyasiga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi dorilar ma’lum qilindi