11:23 / 30.04.2020
2 603

Koronavirusning turizmga zarbasi

Koronavirusning  turizmga zarbasi
COVID-19 pandemiyasining oqibatlari ijtimoiy-iqtisodiy hayotning deyarli barcha sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani sir emas. Shulardan biri, bu – turizmdir. Butunjahon turistik tashkiloti (JTT) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 90 nafar davlat turistlar uchun to‘liq yoki qisman yopilgan; 209 yo‘nalish, ya’ni dunyodagi barcha yo‘nalishlarning 96% ga borish cheklangan; turizm sanoati 22 mlrd dollar miqdorida zarar ko‘rishi mumkin.

JTT Bosh kotibi Zurab Pololikashvili qayd etishicha, tarixda hali xech qaysi voqea COVID-19 kabi sayohat va turizmga o‘z ta’sirini ko‘rsatmagan. Mamlakatlar sog‘liqni saqlashni ustuvor vazifa deya, birinchi navbatda sayohatlarga cheklovlarni joriy qilishdi. Biroq, turizmning to‘xtatilishi zanjir reaksiyasini vujudga keltirib, ish o‘rinlarining keskin qisqarishiga olib kelmoqda va bu o‘z navbatida barqaror iqtisodiy o‘sishga ham putur yetkazadi.

Xususan, turizm sanoatida 50 millionga yaqin ish o‘rni qisqarishi mumkin. Shundan 30 mln. Osiyoga, 7 mln. Yevropaga, 5 mln. Amerikaga va qolgan hududlarga to‘g‘ri keladi. Osiyo mintaqasi esa eng ko‘p zarar ko‘radigan qit’a, deya baholanmoqda. Turizm sohasi dunyo YAIM 10% tashkil etadi. Shuning uchun JTT doimiy ravishda hukumatlardan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishni va ayrim sohalarni imkon qadar yumshatishga chaqiryapti.

Tahlilchilarga ko‘ra, pandemiya tufayli turistik soha vakillari taklif etayotgan mahsulotlarini qayta ko‘rib chiqishni boshlab yuborishgan:
- mehmonaxonalardagi har ikki nomerning bittasini ishlatish;
- plyajlarda odamlar ko‘p bir joyda yig‘ilmasligi uchun to‘siqlar orqali cheklovlar qilish;
- hamma narsa qamrab olinadigan (all inclusive) to‘lov turlaridan voz kechish;
- ekologik turlarni taklif etish;
- yangi yo‘nalishlarni ochish va h.k.

Ayrim sayyohlik agentliklari inqirozga yuz tutayotgan bo‘lsa-da, yaqin o‘rtada avvalgidek raqobat vujudga kelmasligi taxmin qilinmoqda.

Chegaralarning yopilishi, turli cheklovlar hamda kishilardagi xorijga chiqib kasallikni yuqtirib olmaslik xavotiri sabab aksariyat mamlakatlarda ichki turizm rivojlanishi kutilmoqda. Globalizatsiya davlatlar o‘rtasidagi chegaralarni nominal darajaga tushirgan bo‘lsa, koronavirus tarqalishi vaziyatni orqaga qaytishga majbur etdi.

Ammo, bunday holat emlash yoki samarali davolash vositalari kashf etilgunga qadar davom etishi, so‘ng yana asta-sekin o‘z iziga tushib ketadi, deya optimistik bashoratlar qilsa bo‘ladi.

Sharq va G'arb kanalidan olindi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusning turizmga zarbasi