14:12 / 07.05.2021
2 221

Navoiyda maktab o‘quvchisi homilador bo‘lib qoldi

Navoiyda maktab o‘quvchisi homilador bo‘lib qoldi

Foto: «Daryo»
Navoiy shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi N.I. «Daryo»ga murojaat qilib, 16 yoshida homilador bo‘lganini, shu sabab maktabda doimiy ravishda kamsitib kelinganini, direktor va ayrim o‘qituvchilarning ta’siri bilan sinfdoshlari orasida ham yakkalanib qolganini bildirdi.

«Daryo» muxbiri murojaatga ko‘ra, Navoiy shahrida bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Navoiy shahridagi «Chinor» mahallasida yashovchi voyaga yetmagan N.I. 2020 yilning sentabr oyida o‘zi bilan bir ko‘chada yashovchi 23 yoshli Ch.B. bilan tanishgan. Bir necha marta davom etgan uchrashuvdan so‘ng, qiz yigitning iliq muomalasi va munosabatini «muhabbat izhori» deya qabul qilgan. Oktabr oyida esa qiz yigitning uyida mehmon bo‘lgan.

Jiyanining bugungi ahvolidan achinib, taqdiridan xavotirlanayotgan xolasi Z.I.ga ko‘ra, yoshlar o‘rtasidagi iliq munosabatdan Ch.B.ning xolasi M.B. ham xabardor bo‘lgan. Shu sabab oktabr oyida yigitning xolasi qizni mehmondorchilikka chaqirgan. Mehmondorchilikda yigitning xolasi bilan ko‘rishib turadigan erkak va ularning kichik qizchasi hamda yigit bo‘lgan. Ovqatlanib bo‘lgach, ular chiqib ketgan va yigit-qiz uyda yolg‘iz qolgan.

«Negadir, o‘sha kun ko‘z oldim qorong‘ulashib, boshim aylana boshladi. Keyin meni boshqa xonaga olib kirishdi. Mening ko‘z o‘ngimda faqat televizor va shkaf qolgan. O‘zimga kelganimda, bir holatda edim. Yig‘ladim, qo‘rqdim. Shunda yigit meni ovutib, ‘Senga uylanaman, xavotirlanma’, deb meni tinchlantirdi. Qo‘rqqanimdan bu voqeani hech kimga bildirolmadim. Har gal u: ‘Agar yonimga kelmasang, uyingdagilarga bor haqiqatni aytaman’, deb qo‘rqitardi. Shu sabab uyimdagilarga aytmasligi uchun u bilan uyida ko‘rishib turishga rozi bo‘lganman», — deydi nomusi toptalgan maktab o‘quvchisi.

Qizning xolasiga ko‘ra, jiyanini zo‘rlagan yigitning ota-onasi uning yoshligida ajrashib ketgan. Keyinchalik onasi vafot etgan va u buvisi hamda xolasining qo‘lida tarbiya topgan.

Foto: «Daryo»
«Jiyanim yigitning uyiga borganini qo‘ni-qo‘shnilari ham bir necha marta ko‘rgan. Jiyanim yigitdan sovchi jo‘natishini so‘ragan. Oradan vaqt o‘tib esa yigit tomon uyni sotgan va jiyanimning telefon qo‘ng‘iroqlari javobsiz qolgan», — deydi qizning xolasi.

«Uni topolmagach, men ham achchiqlanib, telefon raqamlarimni o‘zgartirdim. U bilan aloqani uzdim va o‘zim bilan o‘zim qo‘rquvda qolib yashayverdim. Yaqinlarimga aytishga qo‘rqdim. Dekabr oyida sog‘ligim yomonlasha boshladi. O‘zimni o‘ta lohas va holsiz seza boshladim. Boshim tinimsiz og‘rirdi. Keyin sog‘ligimdan xavotirlanib, onamdan meni shifokorga olib borishini so‘radim. Meni xolam shifoxonaga olib bordi. Homilam borligini esa o‘zim ham bilmaganman, hatto, xayolimga ham kelmagan», — deydi qiz.

Qizning xolasiga ko‘ra, jiyanining homilasi borligini hududdagi poliklinikaga borganda bilgan.
«Shu topda mening ahvolimni tasavvur qilavering. Zudlik bilan holatdan opamni ham, yigitning xolasini ham xabardor qildim. Yigitni chaqirganimizda, u homilani tan olmaslikka urindi. Jiyanimning sha’ni uchun o‘zi bilan yolg‘iz gaplashib ko‘rishini taklif qildik. Shundan so‘ng yigit unga uylanishga rozi bo‘lganini bildirgan. Ammo o‘sha kunning o‘zida yigit men bilan ham ko‘rishib, ‘Mening unashtirilgan qizim bor, yaqinda to‘yim bo‘ladi. Jiyaningizni qornida bolasi bor, asabiylashish homilaga ta’sir qilmasin, deb o‘ziga uylanaman, dedim. Bola tug‘ilsa, otasi kim ekanini aniqlashtirasizlar. Ungacha meni bezovta qilmanglar’, dedi xuddi ustimizdan kulgandek», — deydi qizning xolasi.

Aytilishicha, voyaga yetmagan qiz onasi va buvisi bilan ijtimoiy jihatdan ko‘makka muhtoj holatda yashaydi. Mahalla tomonidan bir necha marta moddiy ko‘mak ko‘rsatilgan. 2020 yilning avgust oyida xonadon ta’mirlab berilgan. Biroq xonadonning ayni paytdagi ahvolidan ko‘rish mumkinki, xonadondagi suvoqlash ishlari ham o‘ta pala-partish bajarilgan.

Nomusi toptalganini aytayotgan qizga ko‘ra, u 2019 yilda bir tomondan uydagi vaziyat, ikkinchi tomondan maktab direktori hamda ayrim o‘qituvchilarning ta’siri bilan sinfdoshlari orasida ham yakkalanib qolgan. Bu esa uning ruhiyatiga ta’sir qilib, o‘z joniga qasd qilishgacha borgan.

Foto: «Daryo»
«Mana shunday tushkun kunlarimning birida yigit bilan tanishib qolgan edim va faqat undan yaxshi so‘zlar eshitganim uchun ham unga ishongandim. Pandemiyaga qadar maktabda a’lo baholarda o‘qirdim. San’atga, aktyorlikka juda qiziqaman. Turli tadbir va tanlovlarda qatnashib, ijobiy natijalarga ham erishganman. Hozir esa ustozlarim menga ‘Senga baho qo‘ymaymiz’, deyishyapti», — deydi N.I.

Z.I.ga ko‘ra, yigit qiz bilan jinsiy yaqinlikda bo‘lganini boshqa tanishlariga ham aytgan. Shu sabab ular qizni ko‘p marotaba ko‘cha-ko‘yda uyaltirishgan.
«Ushbu masala yuzasidan Navoiy shahar IIBga, shahar prokuraturasiga murojaat qildik. Do‘q-po‘pisa eshityapmiz, xolos. Shu paytgacha uch marta tergovchi almashdi. Natija yo‘q. Hozir jiyanim ko‘chaga ham chiqmaydi, darsga ham bormayapti. Hatto, maktabidan shuncha vaqtgacha ‘Nega kelmayapsan?’, deb so‘rashmadi», — deydi qizning xolasi.

Surishtiruv jarayonida «Daryo» muxbiri Navoiy shahridagi 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Jamshid Qudratov bilan uchrashdi. Biroq direktor vaziyatga munosabat bildirishdan bosh tortgan.
«Advokatim bilan gaplashdim, intervyu bermaslikka haqqim bor. N.I.ning 2019 yilda sirka ichgani sabab, uning maktabda kamsitilgani yoki mendan ta’magarlik qilishlari yuzasidan yetarlicha manbalarim bor. Bu borada sud jarayonlarida javob beraman. Menga tuhmat bo‘lyapti, buni suddan boshqa hech kim ochiqlay olmaydi», — degan maktab direktori.

Suhbatlashishdan bosh tortgan maktab direktori keyinchalik o‘quvchi qiz haqida imzosiz ma’lumotnoma jo‘natgan. Unda qizning fanlar bo‘yicha o‘zlashtirishi namunali bo‘lgani, biroq 8-sinfga o‘tgandan keyin oilasida onasi bilan ziddiyatli munosabatlari ko‘zga tashlangani, maktab rahbariyati tomonidan olib borilgan barcha tushuntirishlarga qaramasdan, o‘quvchining oilaviy muhitida o‘zgarish bo‘lmagani yozilgan.

O‘quvchi qizning aytishicha, maktab direktori, uning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari hamda maktab psixologi unga ruhiy bosim o‘tkazib kelgan.
«Chinor» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Isroil Mardonovga ko‘ra, qiz tarbiyalanayotgan oila 2016 yildan beri notinch oilalar ro‘yxatida turadi.

Foto: «Daryo»
«Notinchligining sababi uy egasi, ya’ni N.I.ning buvisi X.I. hamda onasi F.I.lar uyda spirtli ichimlik iste’mol qiladi. Ular bilan muntazam ravishda targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilgan. Joriy yilda ‘Ayollar daftari’ga kiritilib, oilaga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Profilaktika inspektori tomonidan ham nazoratga olingan. Og‘riqli jihati, voyaga yetmagan o‘quvchi N.I.ning o‘zi onasi va buvisining spirtli ichimliklar iste’mol qilishidan norozi bo‘lib, ‘Mening oriyatimga tegyapti, maktabda sinfdoshlarim orasida menga noqulay vaziyat bo‘lyapti, ular ichishmasin, yo‘qsa, men uyimdan chiqib ketaman’, deya bir necha marta bizga shikoyat qilib kelgan.

O‘tgan yil sirka ichib, o‘z joniga qasd qilishga ham urindi. Bu borada uni davolash va profilaktik ishlar olib borildi. Yil oxiriga kelib esa N.I. Tik-tok’larga chiqa boshladi. Qizni tarbiyalashga chorlamoqchi bo‘lganimizda, buvisi va onasi bizga o‘z qarshiliklarini bildirdi. Aslida, buvisi va onasiga ko‘mak zarur. Bugungi kunda esa shifokorga murojaat qilishgach, olti oylik homilasi borligi aniqlanib, avval oilasidagilar, keyin esa, gap-so‘zlar tarqalgachgina bizga ma’lum bo‘ldi», — deydi mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy, ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Manzura Turdiyeva.

Manzura Turdiyevaga ko‘ra, avval «Chinor» mahallasida, ayni paytda esa «Do‘stlik» MFYda yashovchi fuqaro Ch.B. muqaddam qamalib chiqqan, ayni paytda profilaktik nazoratda turadi.

«Daryo» muxbiri bilan telefon orqali suhbatda bo‘lgan yigitning xolasi jiyanining o‘quvchi qiz bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgani haqidagi gapni eshitganini bildirdi.
«Ayni paytda qiz talab qilgan darajada to‘y qilishga moddiy imkoniyatimiz yo‘q. Agar istashsa, bola tug‘ilgach, u haqiqatan ham jiyanimning farzandi bo‘lib chiqsa, qarshi bo‘lishmasa, uni o‘zim boqib olaman. Qizni esa katta to‘y-tomosha bilan xuddi qiz bola singari xonadonimizga olib kiraman», — deydi yigitning xolasi M.B.

Qizning nomusiga tekkani aytilgan yigit esa surishtiruv jarayonida jurnalistni qiziqtirgan savollarga javob berar ekan, «Chinor» MFY raisi o‘rinbosari Manzura Turdiyeva IIBga unga nisbatan salbiy xarakteristika bergani uchun qamalib chiqqanini aytmoqda.
«Hozir qiz bilan qonuniy nikohdan o‘tmasam yoki uylanmasam, qonun oldida javob berishimni bilaman. Lekin men unga shar’iy nikohdangina o‘tishni taklif qildim. Rad etdi. Uning talabi darajasida dabdabali to‘y qilishga qurbim yetmaydi. Hatto, majburiyat yuzasidan unga uylangan taqdirimda ham u bilan birga yashashni istamayman. To‘g‘ri, hozir tergov-surishtiruv ishlari olib borilyapti. Jarayon sudga oshirilgach, u qonuniy kuchga kiradi», — dedi Ch.B.

«Bu borada qonuniy harakat boshlangan. Asosiy jihat qizning voyaga yetmagani, bunda, albatta, davlat da’vosi bo‘ladi. Ayni paytda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov-surishtiruv harakatlari davom etmoqda. Qizning voyaga yetmagani munosabati bilan bu borada ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan ishlar tergov siri sifatida ochiqlanmaydi», — dedi Navoiy shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchisi.

Muallif: Laylo Hayitova


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Navoiyda maktab o‘quvchisi homilador bo‘lib qoldi