
Qozogʻistonda Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokatida yoʻlovchilarni qutqarishda ishtirok etgan bir guruh favqulodda vaziyatlar va tibbiyot xodimlari, politsiyachilar, Mangʻistov hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasi va Oqtov xalqaro aeroporti ishchilariga davlat mukofotlari topshirildi.
Qayd etilishicha, Mangʻistov oblasti rahbari Nurdaulat Qilibay mamlakat prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevning qaroriga koʻra 19 kishiga davlat mukofotlari — orden va medallarni topshirgan. Shuningdek, yana 51 kishiga davlat rahbari nomidan tashakkurnomalar berildi.
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan besh nafar ekipaj a'zosi boʻlgan. Hodisa oqibatida 38 kishi halok boʻldi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot Rossiya hududida «tashqi ta'sir boʻlgani» tufayli halokatga uchraganini ma'lum qildi. 28 dekabr kuni RF prezidenti Vladimir Putin Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi hamda «Rossiya havo kengligida roʻy bergan fojiali hodisa» uchun uzr soʻrab, qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
Oʻz navbatida Aliyev AZAL samolyotining Oqtovdagi halokati oqibatlarini bartaraf qilishda, jabrlanganlarni qutqarishda koʻrsatilgan yordam uchun Qozogʻiston xalqiga minnatdorlik bildirgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar