07:13 / 06.01.2025
115

Munisa Rizayeva bir necha marta ruhiy tushkunlikka tushgani haqida soʻzlab berdi (foto, video)

Munisa Rizayeva bir necha marta ruhiy tushkunlikka tushgani haqida soʻzlab berdi (foto, video)
Xonanda Munisa Rizayeva “X-faktor” loyihasida ishtirok etgan zominlik muzqaymoq sotuvchisi Fazliddin Abduvohidovga mehri tushgani va u yigit unga shukr qilishni oʻrgatgani haqida gapirdi.

Foto: Instagram
— “X-faktor” loyihasida hakamlar hay'ati a'zolarining yoniga ishtirokchilarning tarjimayi holi yozilgan qogʻozlar ham qoʻyiladi. Fazliddin tarjimayi holida “Orzum — toʻyib ovqatlanish” deb yozib qoʻygan ekan. Umrimda bunday orzuni eshitmaganim uchun gʻalati ahvolga tushdim.

Hayotda insonlarga yordam berishga hamisha harakat qilaman. Lekin kimgadir yordam berayotganimni Instagram'ga chiqarib, omma bilan boʻlishmayman. Chunki dodam va otam “Bu dunyoda insondan faqat yaxshilik qoladi”, deb uqtirishgan. Fazliddinning muammosini men hal qilib bermayman, shunchaki jamoamda ishlab, pul topib roʻzgʻorini qilishiga imkoniyat yaratib beraman. Shu kungacha u bolani jamoamga olganimdan umuman afsuslanmadim. Bir kuni “Fazliddin, oying kasal-ku, senga qancha pul beray?” deb soʻradim. U “Yoʻgʻey opa, qanaqa pul, uyat-ku, meni ish bilan ta'minlaganingizning oʻzi men uchun katta baxt, oʻzim pul topib, onamning dori-darmonini olib beraman”, dedi.

Foto: Instagram
Ammo ba'zi odamlar uning aktyorlik mahorati kuchli ekanini aytib, atayin yigʻlab berdi, deb oʻylashyapti. Ishoninglar, uning aktyorlik mahorati nolga teng. Bu bola haqiqatan ham sodda, samimiy va u koʻp narsani tushunmaydi. U “X-faktor” loyihasiga oʻtganidan haligacha shokda. Xalq uni qoʻllab-quvvatladi, men Argentinada oʻtiribman, xonanda Shahriyor yoki Lola pul uchun uni qoʻllab-quvvatlashmaydi. Ularning puli oʻziga etarli. Mana shunday gaplar eshitganda u uchun ham xafa boʻldim. U bola uxlamaydi, ertalabdan kechgacha vokal bilan shugʻullanadi. “Opa, men qurilishda ishlaganman, bunaqa narsalarni tushunmayman, loyihadan chiqib ketaman”, deydi. “Nega loyihani tark etasan, axir qanchadan qancha odamlar senga ovoz beryapti”, deb urishaman.

Xonanda bir paytlar mish-mishlar uni charchatgani va ruhiy tushkunlikka tushgan kunlarini esladi.

Foto: Instagram
— Odamlar men haqimda har-xil gap-soʻzlar qilishdi. 15 yil davomida qanday sinovlardan oʻtganimni oʻzim yaxshi bilaman. Lekin oʻsha vaziyatda men oʻzimni 8-qavatdan tashlamadim, oʻzimni osib qoʻymadim va shou-biznesdan ketmadim. Ammo koʻp marta ruhiy depressiyalarga uchradim. Ammo atrofdagilar buni sezishmaydi, chunki men ularga qiynalganimni koʻrsatishni istamayman. Qiynalayotganimni koʻrsa, dushmanlarim xursand boʻlishadi, odamlar “Demak, Munisa kuchli emas ekan”, degan xulosaga borishadi.

Odamlar qanday boʻlsa, atrofdagilarni ham xuddi shunday deb biladi. Atrofdagilarda yaxshilikni koʻrolmayaptimi, demak, uning koʻngli kir. Fazliddin juda koʻp qiyinchiliklarni koʻradi, ammo hamisha shukr qilib yashaydi. Men oʻsha boladan ana shu jihatlarni oʻrgandim.

Munisa Rizayeva Fazliddin Abduvohidov bilan duet kuylash niyati bor-yoʻqligi va uning kelajagini qanday koʻrolishi haqida gapirdi.

Foto: Instagram
— U bilan duet kuylaymanmi-yoʻqmi, buni vaqt koʻrsatadi. Hozir birinchi navbatda u vokal mashgʻulotlarida toblanishi kerak. Jenisbek Piyazov u bilan koʻp vaqt ishladi. Unga yordam berish uchun hech kimdan yordam soʻrayotganim yoʻq. Yoki bu bolaning ogʻirligi hech kimga tushmayapti. U boladan piar sifatida foydalanayotganim yoki rahmat degan soʻzini kutayotganim yoʻq. Kelajakda hayotini oʻnglab olsa va oʻz oʻrnini topsa, shuning oʻzi katta yutuq, deydi xonanda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat