Mashhurlik badali: shon-shuhratning ko‘rinmas tomoni haqidagi real voqealarga asoslangan filmlar

Biografik dramalar yaxshi tanlov, chunki ular tomoshabinlarga taniqli musiqachilar, aktyorlarning real hayoti haqida so‘zlab beradi. Film davomida shon-shuhrat, e’tirof, pul va ular bilan bog‘liq illatlar oshkor bo‘ladi.

“Mallasoch” (2022)

Foto: Filmdan kadr

Tarixdagi eng mashhur mallasoch — Merilin Monro. Uning yorqin va qisqa hayoti ko‘tarilishlar va pasayishlarga to‘la bo‘lgan. Bosh rolni Ana de Armas ijro etgan “Mallasoch” biografik dramasi real voqealarga asoslangan. Monroning onasi ruhiy kasal bo‘lib, qiziga otasi mashhur odam ekanini, shuning uchun oilasi bilan birga bo‘lishga vaqti yo‘qligini aytadi. O‘sib-ulg‘aygan va mashhur bo‘lganidan keyin ham Merilin otasini mashhur odamlar orasidan umid bilan qidiradi. Filmda yulduzning real hayotidagi muvaffaqiyatsizliklari va shon-shuhrat cho‘qqisida yuz bergan o‘limi tasvirlangan.

“Restler” (2008)

 
Foto: Filmdan kadr

Mashhur restler Rendi Robinson 1980-yillarda ringdan ketganidan keyingi hayoti qanday kechdi? Rejissor Mikki Rark unutilgan yulduzlar qanchalik qiynalishini mazkur filmi orqali ko‘rsatib berdi. Rendi hali ham ringni qo‘msaydi, lekin supermarketda ishlashi va kechasi yerto‘ladagi klublarda jang qilishi kerak. Kurashchining hali tugamagan hisob-kitoblari bor, lekin shaxsiy masalalar ham e’tibor talab qiladi.

“Yulduz tug‘ildi” (2018)

Foto: Filmdan kadr

Iste’dodli va mashhur qo‘shiqchi Jekson yosh Elli bilan tanishadi. Qiz o‘zi musiqa va she’r yozadi, chiroyli qo‘shiq aytadi. Natijada Jekson musiqa sanoatining raqobatli dunyosida unga ustozlik qilishni taklif qiladi. Qahramonlar o‘rtasidagi sevgi munosabatlari, Ellining shon-shuhrati kabi tezda alangalanadi. Ammo Kuperning qahramoniga oson bo‘lmaydi — u kar bo‘lib qoladi, ayni shu paytda uzoq vaqtdan beri spirtli ichimliklarga bo‘lgan qaramligi kuchayadi va sevgilisining muvaffaqiyatiga hasad qila boshlaydi.

“Ingrid G‘arbga boradi” (2017)

Foto: Filmdan kadr

Bosh qahramon Ingrid bloger Teylor Sloanning shunchalik muxlisiki, u o‘z kumiri bilan do‘stlashishga qaror qiladi. Boshqa shaharga ko‘chib o‘tish Ingridga omad keltiradi, u nafaqat Teylor bilan uchrashadi, balki yulduz bilan yaqindan muloqot qila boshlaydi. Afsuski, havas qiladigan odami tasavvur qilganidan butunlay boshqacha bo‘lib chiqadi.