Merilin Monro obrazidagi yangi Barbi qo‘g‘irchog‘i sotuvga chiqdi

Mashhur aktrisa Merilin Monroning yorqin obrazlaridan biri endi Barbi qo‘g‘irchog‘ida aks etdi. Mattel kompaniyasi aktrisaga bag‘ishlangan yangi Marilyn Monroe Barbie Signature Doll modelini taqdim qildi. Qo‘g‘irchoq 18 avgustdan xaridorlarga taklif etila boshlangan.
Yangi model Monroning 1953 yilda suratga olingan “Jentlmenlar sarg‘ishlarni afzal ko‘radilar” filmidagi mashhur qiyofalaridan birini takrorlaydi. Aktrisa filmdagi sahnalarning birida “Diamonds Are a Girl's Best Friend” qo‘shig‘ini yorqin pushti rangdagi, katta bant bilan bezatilgan ko‘ylak va uzun opera qo‘lqoplarida ijro etgan. Qo‘g‘irchoq ham aynan shu esda qolarli obraz asosida yaratilgan.
Marilyn Monroe Barbie Signature Doll aktrisaning tavalludining 100 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning narxi 81 dollarni tashkil etadi. Shu tariqa, Merilin Monroning kino tarixida qoldirgan mashhur obrazlaridan biri kolleksion Barbi ko‘rinishida yana bir bor muxlislarga taqdim etildi.
Mattel kompaniyasi Merilin Monro obrazidagi qo‘g‘irchoqlarni 1990 yillardan beri ishlab chiqarib keladi. Xususan, 1997 yilda kompaniya aktrisaning eng taniqli qiyofalariga bag‘ishlangan uchta Barbi modelini taqdim etgan. Ular “Jentlmenlar sarg‘ishlarni afzal ko‘radilar” filmidagi pushti va qizil liboslar hamda “The Seven Year Itch” filmidagi mashhur oq ko‘ylakdan ilhomlangan.
Kompaniya 2002 yilda ham Monroning yana bir mashhur obrazini Barbi orqali qayta tiklagan. Unda aktrisaning AQSH prezidenti Jon Kennedining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda “Happy Birthday, Mr. President” qo‘shig‘ini ijro etgan paytdagi qiyofasi aks ettirilgan.
2009 yilda esa Mattel “Jentlmenlar sarg‘ishlarni afzal ko‘radilar” filmidagi Monroning yana bir obrazi asosida Barbi qo‘g‘irchog‘ini ishlab chiqargan. Bu safar aktrisaning oltin rangli ko‘ylakdagi qiyofasi asos qilib olingan.
Yangi qo‘g‘irchoq esa Merilin Monroning eng mashhur ekran obrazlaridan birini zamonaviy kolleksion Barbi shaklida qayta namoyon etib, aktrisa ijodi muxlislari uchun o‘ziga xos esdalikka aylandi.






























Izohlar 0
…