Jastin Biberning rafiqasi Heyli qanday qilib milliardlik biznes qurdi?

Bir vaqtlar ko‘pchilik uni mashhur qo‘shiqchi Jastin Biberning rafiqasi va Bolduinlar oilasining vakili sifatida tanirdi. Bugun esa Heyli Biber o‘zining milliard dollarlik kosmetika brendi, millionlab muxlislari va butun dunyoda ommalashgan go‘zallik trendlari bilan mashhur.
22 noyabr kuni 30 yoshni qarshi olgan Heyli qisqa vaqt ichida modellikdan muvaffaqiyatli tadbirkorlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. U ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlikni katta biznesga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan shaxslardan biriga aylandi.
Mashhur oiladan mustaqil brendgacha
Heyli 1996 yil 22 noyabrda aktyor Stiven Bolduin va grafik dizayner Keniya Deodato oilasida tug‘ilgan. U mashhur aktyor Alek Bolduinning jiyani hisoblanadi. Shu sababli bolaligidanoq shou-biznes va mashhurlar davrasi bilan yaqindan tanish bo‘lgan.
17 yoshida Ford Models agentligi bilan shartnoma imzolagan Heyli keyinchalik IMG Models bilan hamkorlik qildi. U Nyu-York, London va Milan podiumlarida ishtirok etib, nufuzli jurnallar uchun suratga tushdi. 2018 yilda Jastin Biber bilan turmush qurganida esa allaqachon modellik sohasida o‘z o‘rniga va katta auditoriyaga ega edi.
Millionlab muxlislarni o‘ziga jalb qilgan sir

Heyli faqat reklama kompaniyalarida ishtirok etish bilan cheklanib qolmadi. U ijtimoiy tarmoqlarda kundalik hayoti, teri parvarishi, makiyaj va kiyinish uslubini namoyish eta boshladi.
Ayniqsa, GRWM — Get Ready With Me, ya’ni «Men bilan birga tayyorlaning» formatidagi videolari ommalashdi. Unda Heyli tadbirlarga qanday tayyorlanishi, pardoz qilishi va kiyim tanlashini ko‘rsatardi.
Uning samimiy yondashuvi auditoriyaga manzur bo‘ldi. Muxlislar nafaqat obrazlariga taqlid qilishdi, balki foydalanadigan kosmetik vositalari bilan ham qiziqishdi.
Heylining eng mashhur trendlaridan biri «Glazed Donut Skin» — glazurlangan ponchik terisi bo‘ldi. Bu namlangan, silliq va tabiiy porlab turadigan teri ko‘rinishini anglatadi.
Shuningdek, pushti yonoqlar va yaltiroq lablar uyg‘unligidagi «Strawberry Makeup» hamda glazur tusidagi manikyuri ko‘plab qizlar orasida ommalashdi.
Shu tariqa Heyli o‘zining estetik didini ommaviy trendga aylantirishni o‘rgandi. Keyinchalik aynan shu mashhurlik uning shaxsiy kosmetika brendi uchun mustahkam asos bo‘ldi.
Rhode — uch yilda milliard dollarlik brend

2022 yil iyun oyida Heyli o‘zining ikkinchi ismi bilan atalgan Rhode kosmetika brendiga asos soldi. Dastlabki kolleksiya atigi uchta mahsulotdan iborat edi.
Brendning asosiy g‘oyasi oddiylikka asoslangan: ko‘plab kosmetik vositalardan ko‘ra, kundalik parvarish uchun sifatli va samarali mahsulotlarni taklif qilish.
Heyli mahsulotlarni ishlab chiqishda mutaxassislar, jumladan, kosmetika kimyogari Ron Robinson bilan hamkorlik qildi. U mahsulotlarning tarkibi, teksturasi va natijasiga alohida e’tibor qaratdi.
Rhode minimalistik dizayni va o‘ziga xos marketingi bilan ham ajralib turdi. Masalan, lab balzami uchun maxsus joyi bo‘lgan telefon g‘ilofi ijtimoiy tarmoqlarda tez ommalashdi.
Bir milliard dollarlik kelishuv

2025 yil may oyida e.l.f. Beauty kompaniyasi Rhode brendini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
Bitim qiymati bir milliard dollargacha baholandi. Unga ko‘ra, 800 million dollar to‘lanishi, brendning kelgusi natijalariga qarab esa qo‘shimcha 200 million dollargacha mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Bundan ham qizig‘i, Rhode 2025 yil 31 martda yakunlangan 12 oy davomida 212 million dollar sof savdo hajmiga erishgan edi. Bu natija brend tashkil etilganidan atigi uch yil o‘tib qayd etildi.
Bitim 2025 yil avgust oyida yakunlandi. Heyli esa brend asoschisi sifatida faoliyatini davom ettirib, Rhode'ning kreativ direktori va innovatsiyalar yo‘nalishi rahbariga aylandi. Shuningdek, e.l.f. Beauty kompaniyasining strategik maslahatchisi lavozimini ham egalladi.
Heyli Biber muvaffaqiyatining siri nimada?

Heylining mashhur oilada tug‘ilgani va tanish-bilishlari unga dastlabki imkoniyatlarni bergani rost. Biroq uning biznesdagi natijalarini faqat shu omillar bilan izohlab bo‘lmaydi.
U auditoriyasining qiziqishlarini yaxshi tushunadi, go‘zallik trendlarini o‘z vaqtida ilg‘aydi va ularni mahsulotga aylantira oladi. Bundan tashqari, Rhode faqat kosmetika emas, balki o‘ziga xos estetika va turmush tarzini ham taklif qiladi.
Heyli professional jamoa bilan ishlash, sifatli mahsulot yaratish va samarali marketingni birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Uning 30 yoshgacha erishgan natijalari shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik to‘g‘ri strategiya va mehnat bilan katta biznesga aylanishi mumkin. Bir vaqtlar asosan mashhur qo‘shiqchining rafiqasi sifatida tanilgan Heyli bugun o‘z nomi bilan milliard dollarlik brend yaratgan tadbirkor sifatida ham e’tirof etilmoqda.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…