date
views 10 635

Jeki Chan nega farzandlaridan yuz o‘girgan? — Afsonaviy aktyor hayotidan kutilmagan faktlar

Jeki Chan nega farzandlaridan yuz o‘girgan? — Afsonaviy aktyor hayotidan kutilmagan faktlar
7 aprel kuni dunyo kinosida o‘chmas iz qoldirgan afsona — Jeki Chan 71 yoshni qarshiladi. Jang san’ati ustasi, kaskadyor, rejissyor, aktyor va musiqachi sifatida tomoshabinlar qalbidan joy olgan yulduz nafaqat filmdagi roli, balki saxovatpeshaligi bilan ham e’tirof etilgan. Biroq uning shaxsiy hayoti shunchaki filmlardek emas. Ayniqsa, farzandlari bilan munosabatlari muxlislar uchun qiziq va ayni paytda g‘amgin mavzudir.

Jeki Channing ota-onasi shunchalik kambag‘al ediki, ular hatto o‘g‘lini sotib yubormoqchi bo‘lgan

Jeki Chan haqida tarqalgan “o‘g‘lini sotish” haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq. Channing ota-onasi chindan ham kambag‘allikda yashagan va urush tufayli Xitoydan Gonkongga ko‘chishga majbur bo‘lishgan. Otasi siyosiy sabablar bilan ta’qib qilingan, shu bois oila yashirincha qochgan. Moddiy imkonlari cheklangani uchun ular atrofdagilardan yordam so‘rashgan — shuning uchun ham “o‘g‘lini sotgan” degan shov-shuv paydo bo‘lgan.

Bolalikda tahqirlar, yoshlikda mashaqqat

Jekining bolaligi oson o‘tmagan — maktabda u tengdoshlaridan ko‘p tahqir ko‘rgan, bezorilar uni kaltaklagan. Ammo u kuchli irodasi bilan bunga bardosh berdi. “Men kambag‘alligimni his qilardim. Hatto suratga olish maydonchalarida ham meni haqorat qilishardi”, deydi aktyor.

Kaskadyorlik va sinmagan suyak qolmagan tanasi
Jeki Chan filmlarda barcha xavfli tryuktarni o‘zi bajargan. Shuning uchun ham sug‘urta kompaniyalari undan qo‘rqadi — hech qaysi sug‘urtachi u bilan shartnoma tuzmoqchi emas. Channing aytishicha, u o‘z hayotini kino uchun xavf ostiga qo‘yishdan hech qachon qo‘rqmagan. Jagi, burni, barmoqlari, tizzasi, qovurg‘asi — hammasi singan.

1991 yilda "Mo‘jizaviy aslahalar" filmi suratga olinishida u boshi bilan toshga urilib og‘ir jarohat olgan. Ammo shundan keyin ham suratga olish ishlarini to‘xtatmagan.

Ukoldan qo‘rquvchi qahramon
Jang san’ati ustasi bo‘lganiga qaramay, Jeki Chan ukoldan qo‘rqishini tan olgan. “Balandlikdan, ilonlardan, sichqonlardan qo‘rqmayman. Lekin shprits ko‘rsam, oyoqlarim titray boshlaydi”, deydi u o‘z avtobiografiyasida.

Gollivudda yoqimsiz, Osiyoda esa afsona

Gollivud unga katta sahna ochgan bo‘lsa-da, Jeki Chan Gollivud filmlarini yoqtirmasligini ochiq aytgan. “Yura davri parki” filmni eslab ko‘ring. Rejissyorni eslaysiz, lekin aktyorlarni? Osiyoda esa barcha Jeki Channi filmga borib, aynan uni tomosha qiladi", — deydi u.

Saxiy va vatanparvar yulduz

Jeki Chan nafaqat ekranda, balki hayotda ham qahramon. U 50 bolani qamroviga olgan, 10 yetimni rasman asrab olgan. U tashkil etgan xayriya jamg‘armasi orqali talabalarga stipendiya, muhtojlarga yordam berishga hamisha tayyor.

Jeki Chan va farzandlari — sovuq munosabatlar siri

Bugungi kunga kelib, Jeki Chan farzandlari bilan yaqin emas. U o‘z o‘g‘li Jeysi Channi erkalikda ayblab, "o‘z kuching bilan muvaffaqiyatga erish", degan. 2014 yilda Jeysi giyohvand moddalar tufayli qo‘lga olingan va Chan bu holatni qattiq qoralagan. Intervyularining birida shunday degan:

“Agar u haqiqiy muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lsa, mening boyligimsiz ham erishsin. Men unga meros qoldirmayman”.

Bu so‘zlar ota va o‘g‘il munosabatlaridagi murakkablikni ochib berdi.

Tan olinmagan qizi — Etta Ing
Jeki Channing nikohsiz tug‘ilgan qizi Etta Ing 1999 yilda dunyoga kelgan. Onasi — aktrisa va go‘zallik tanlovi g‘olibi Elayn Ing. Jeki bu munosabatni “xatolik” deb atagan, lekin qizining borligini tan olgan. Shunga qaramay, u qizning tarbiyasida qatnashmagan va moliyaviy yordam ham ko‘rsatmagan.

DNK testidan so‘ng ham Jeki Ettani jamoatchilikka qizim deb tanishtirmagan. Qiz haqida tarjimayi holida bir og‘iz so‘z ham yozmagan.

Jeki Chan — butun dunyo tan olgan afsonaviy aktyor. Uning hayoti qahramonlik, bag‘rikenglik va shon-sharaf bilan to‘la. Biroq u ham inson, va inson sifatida xatolar qilgan. Farzandlari bilan bo‘lgan murakkab munosabatlar — bu uning shaxsiy fojeasi. Ammo shu bilan birga, Jeki Chan o‘z ishiga va insonlarga sodiqligini amalda isbotlagan inson bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat