Dilnoza Kubayeva nega aynan Zebo Raximovani shogirdlikka olgan?

Dilnoza Kubayeva Zebo Raximovaning samimiyligi, ko‘zlaridagi ishonch va o‘ziga xosligi sabab uni shogirdlikka olgan. Zebo Raximova boshlovchilik san’atini undan o‘rgangan va buning uchun qancha pul so‘ralsa ham to‘lashga tayyor bo‘lgan, biroq Dilnoza Kubayeva undan bir so‘m ham olmagan. Ustoz odatda shogird olmasligini, ammo Zebo Raximovaning beg‘uborligi va yonib turgan ko‘zlari boshqa ustoz qo‘lida yo‘qolib ketishidan qo‘rqqanini aytgan.
Aktrisa va bloger Zebo Raximova “Intervyu TV” loyihasidagi suhbatda mahoratli aktrisa va boshlovchi Dilnoza Kubayevaga qanday qilib shogird tushgani haqida so‘zlab berdi. U ustozidan boshlovchilik san’atini o‘rganganini, buning uchun hatto pul taklif qilganini, biroq Dilnoza Kubayeva undan pul olmaganini aytdi.
Suhbat davomida boshlovchi Zebo Raximovadan Dilnoza Kubayevaga qanday qilib shogird tushgani va undan aynan nimalarni o‘rganganini so‘radi.
Zebo Raximovaning aytishicha, u Dilnoza Kubayevadan boshlovchilik mahoratidan saboq olgan. Biroq bu oson kechmagan. Chunki Dilnoza Kubayeva odatda shogird olmas ekan.
“Avval Dilnoza opaning administratoriga chiqqanman. Ular shogird olmaydilar, deyishdi. Keyin Timur Kubayev orqali iltimos qildim. 'Dilnoza opada o‘qimoqchiman, boshlovchilikni aynan ulardan o‘rganishni istayman', dedim. O‘sha paytda to‘ylarga boshlovchi sifatida chiqishni boshlamoqchi edim”, — deydi Zebo Raximova.
Blogerning ta’kidlashicha, uning boshlovchilikka qiziqishida ota-onasining istagi ham muhim o‘rin tutgan. U otasiga boshlovchilikni o‘rganib, bu sohada faoliyat yuritishga va’da berganini aytdi.
“Ota-onamning orzusi ham mening boshlovchi bo‘lishim edi. Men ularga aktrisalikka kirib, keyinchalik boshlovchilikka o‘tishimni aytganman. Oilam va qarindoshlarim ham bu kasbni juda chiroyli qabul qilishardi. 'Turib gapirasan, hamma seni eshitadi, zo‘r-ku', deb qo‘llab-quvvatlashgan”, — dedi u.

Zebo Raximova Dilnoza Kubayevaning shogirdi bo‘lish uchun hatto qancha pul so‘ralsa ham to‘lashga tayyor bo‘lganini ham yashirmadi.
“Timur akaga 'Dilnoza opaga shogird tushgim kelyapti. Boshlovchilikni aynan ulardan o‘rganmoqchiman. Qancha pul bo‘lsa ham beraman, faqat o‘qisam bo‘ldi', deganman. O‘sha paytda pul topishni boshlagan edim. Ammo Dilnoza opa mendan bir so‘m ham olmadi”, — deya eslaydi Zebo Raximova.
Dilnoza Kubayeva esa nima sababdan Zeboni shogirdlikka olganini tushuntirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zebo Raximovaning samimiyligi, ko‘zlaridagi ishonch va o‘ziga xosligi unga katta taassurot qoldirgan.
“Men aslida shogird olishni istamasdim. Vaqtim ham yo‘q edi. Lekin to‘g‘risini aytsam, seni qizg‘andim. Sening beg‘uborliging, yonib turgan ko‘zlaring va kulib turishing menga yoqdi. Boshqa ustoz sening shu jihatlaringni o‘chirib qo‘yishidan qo‘rqdim”, deb aytgan Dilnoza Kubayeva.






























Izohlar 0
…