Uber avtonom yetkazib berish bilan shugʻullanuvchi Serve Robotics kompaniyasidagi ulushini toʻliq sotib yubordi

Uber avtonom yetkazib berish robotlarini ishlab chiqaruvchi Serve Robotics kompaniyasidagi butun ulushini sotib yubordi. Uber 2025-yil davomida ulushini bosqichma-bosqich qisqartirgan, yakuniy sotuv esa Serve Robotics uchun kutilmagan bo'lgan.
Uber texnologiya kompaniyasi oʻzining avtonom yetkazib berish robotlarini ishlab chiqaruvchi Serve Robotics kompaniyasidagi butun ulushini sotib yubordi. Bloomberg nashri eʼtibor qaratgan rasmiy moliyaviy hujjatlarga asoslanib ixbt.com xabar qilishicha, ushbu qadam tomonlar oʻrtasidagi uzoq yillik hamkorlikka nuqta qoʻyishi va biznes yondashuvlaridagi farqlar kuchayganidan dalolat berishi mumkin. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, Uberʻning Serve Robotics kompaniyasidan chiqib ketish jarayoni bir yildan beri davom etib kelayotgan edi. Regulyator hujjatlari 2025-yil davomida ushbu yirik taksi va yetkazib berish xizmati oʻz ulushini bosqichma-bosqich qisqartirib borganini koʻrsatadi. Shunga qaramay, soʻnggi yakuniy sotuv robototexnika startapi uchun kutilmagan holat boʻldi va bu haqda ular faqat rasmiy oshkor etilgandagina xabar topgan.
Hamkorlik tarixidan tortib yoʻllarning ayro tushishigacha
Serve Robotics oʻz vaqtida Postmates shoʻba korxonasi boʻlgan Postmates X bazasida tashkil etilgan edi. Uber 2020-yilda Postmatesʼni 2,65 milliard dollarga sotib olgach, oradan bir yil oʻtib ushbu robototexnika boʻlinmasi alohida mustaqil kompaniya sifatida ajralib chiqqan. Dastlabki bosqichda Uber nafaqat ushbu startapni qoʻllab-quvvatladi, balki 2022-yilda uning yoʻlaklarda harakatlanuvchi yetkazib berish robotlari boʻyicha strategik shartnoma ham imzoladi.Tomonlar oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirib, 2023-yilning may oyida AQShning bir nechta bozorlarida Uber ilovasi orqali 2000 tagacha Serve robotlarini ishga tushirishni rejalashtirgan edi. Biroq vaqt oʻtishi bilan ikkala kompaniya biznes yuritish va rivojlanish strategiyasida bir-biridan uzoqlasha boshladi.
Moliyaviy koʻrsatkichlar va kelishmovchiliklar
Serve Robotics asoschisi va bosh direktori Ali Kashani kompaniyaning ikkinchi chorak yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishida bu boradagi tafsilotlarni oshkor qildi. Uning soʻzlariga koʻra, 2022-yilning birinchi choragidan boshlab joriy yilning boshigacha Uber orqali amalga oshirilgan yetkazib berish hajmi ketma-ket 17 chorak davomida oʻsib borgan. Biroq ikkinchi chorakda robotlardan foydalanish darajasi kutilganidan past boʻlgani sababli ushbu ijobiy tendentsiya ilk bor ortga ketdi.Kashani ikki kompaniya oʻrtasida umumiy avtonom parkni kengaytirish, jumladan, flotni muvofiqlashtirish va savdogarlarni integratsiya qilish kabi operatsion modellarda turlicha qarashlar mavjudligini taʼkidladi. Shu bilan birga, boshqa oziq-ovqat yetkazib berish hamkori bilan ishlash hajmi bir chorakning oʻzida deyarli 50 foizga oʻsgani qayd etildi.
Mazkur kelishmovchiliklar va biznes yoʻnalishlaridagi tafovutlar fonida Serve Robotics 2027-yil boshida amal qilish muddati tugaydigan Uber bilan hamkorlik shartnomasini uzaytirishni rejalashtirmayapti. Uber esa hozircha mazkur vaziyat yuzasidan oʻz rasmiy izohini taqdim etgani yoʻq.






























Izohlar 0
…