16:15 / 16.08.2020
1 307

Dunyoni kitob qutqaradi

Dunyoni kitob qutqaradi
...Ancha yillar oldin Germaniyaning Frankfurt shahrida har yilgi xalqaro kitob yarmarkasiga bordik. Tadbir o‘tadigan binoning peshtoqiga «Dunyoni kitob qutqaradi», deb yozib qo‘yilgandi. Bir qaraganda bir oz istehzoli bu e’tirof baribir kishini o‘yga solishi, mulohazaga chorlashi tayin. Bu, ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida anchayin jozibador, haqiqatga yaqin ko‘rinadi.

Payg‘ambarimiz (S.A.V) vabo kelganda «uyda qoling» degan ekanlar. Ibn Sino ham bu gapning haqligini sof tibbiy asnoda isbotlab bergan. Hamonki shunday ekan, bu xalq, ayniqsa, yosh-yalang nega uyda o‘tirmaydi-o‘tirolmaydi?! Oynai jahonga bir qarang, bizni hamisha sog‘intirguvchi mumtoz filmlar, konsertlargacha qo‘yilmoqda. Yana nima kerak? Tarixiy futbol o‘yinlari — jahon chempionatlari, afsonaviy boks janglari...

Nafsilamrini aytganda, ­tomoshalar qancha yaxshi bo‘lmasin, odamni toliqtirishi ham bor gap. Balki shunday kezlarda, bir oz chang tortib qolgan mo‘’jazgina kitob javoningizni ochib, qancha o‘qilsa ham zeriktirmaydigan kitoblarni bir sidra qo‘lga olib, varaqlagingiz kelmaydimi?.. Bu uyda qolishning mazmunini boyitib, ma’naviy bo‘shliqni to‘ldirib, hayotimizga ajib bir ma’no baxsh etgan bo‘lardi-ku!

Axir kitobga qaytish vijdonga, haqiqatga, insofga, adolatga, ma’naviyat va ma’rifatga, umuman olganda, hayotga qaytishdir!
Kitob mutolaasi bo‘yicha islohotlarni har birimiz, avvalo, oiladan boshlashimiz, kitob loaqal mana shu baloi azim — koronavirusdan saqlaydi, degan umid bilan unga oshno bo‘lish kerak emasmi?..

Kitob o‘qish insonni tarbiyalaydi, o‘ylashga, mulohaza ­yuritishga chog‘laydi, yaxshi-yomonni ajratishni bildirib boradi. Faqat o‘ziga manfaatli asnoda harakat qilishdan asrab, kengroq, ijtimoiyroq, ko‘pni o‘ylab, yurt, mamlakat miqyosida, uning manfaatlari doirasida fikrlashni o‘rgatadi, tafakkurni kuchaytiradi.

Mutolaaning inson uchun manfaati cheksiz. Xususan, u shunday katta qudratga egaki, insonning ruhiyatini tozalaydi, uni tarbiyalaydi, adolatga chorlaydi, haqiqatni sezish tuyg‘usini yuksaltiradi, eshik ortidagi hayotni ko‘rishga undaydi. Kitob o‘z mavqeiga qarab qalbni tiriltiruvchi, shuurni uyg‘otuvchi, haqiqatni bildiruvchi, insonni tarbiya qiluvchi, jamiyatni poklovchi bir omildir.

Eng asosiysi, kitob o‘qigan odamdan yomonlik chiqmaydi!

Prokuror birodarlarim ­sanksiyaga qo‘l qo‘yayotganda xonasida bo‘lganman. Mahbuslarni olib chiqib ketishgach, hukmni olib, atay o‘qib chiqqanman. Maqsadim — birortasi kitob o‘qib bo‘lib, jinoyatga qo‘l urganmi, yo‘qmi, shuni aniqlash edi.

— Yo‘q, bunaqasi yo‘q. Birorta ham holatda kitob o‘qib bo‘lib, o‘rnidan turib, jinoyatga qo‘l urgan epizod yo‘q, — degandi o‘sha vaqtda Ohangaron shahri prokurori bo‘lib ishlagan qadrdonim Muhiddin Musayev.

Loaqal shuning uchun ham kitob o‘qish kerak-ku, axir birodarlar!

...Olti-yetti yil avval Koreya Respublikasining Paju shahrida «Kitoblar shaharchasi» tashkil etildi. Bundan maqsad — insonlar qalbini kitobga, adabiyotga oshno etish...
...Nemislar yangi yil bayramida bir-biriga kitob sovg‘a qiladi. Bu millat dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan deb e’tirof etilishi bejiz emas.

Bu e’tirof yaponlar, xitoylar, hindlarga nisbatan ham ­aytiladi. Agar xolis bo‘lib, bu ro‘yxatning biror mushtarak jihatini axtarib ko‘rsangiz, ulardagi rivojlanish, taraqqiyot shundan ekaniga amin bo‘lasiz. Demak, millatning taraqqiyoti ham ko‘p jihatdan kitob orqali ekanligiga ishonch hosil qilasiz. Bugungi sinovli kunlarda serhimmat xalqimizning saxovat tugunlaridagi kartoshka-piyoz yoniga bir donadan kitob qo‘shilsa, qanday yaxshi bo‘lardi!

Yaratganning go‘zal ne’mati shuki, kitob hadya etish buyuk ajdodlarimizdan, sharafli saltanatlarning ulug‘laridan ­ke­layotgan qutlug‘ an’anadir. ­Chunonchi, hazrat Navoiy aytadi:

Ne mulk ichraki bir farmon yibordim,
Aning zabtig‘a bir devon yibordim.


Bu go‘zal baytdan ma’lum bo‘ladiki, kitob — yaxshilik va pok niyat, do‘stlik hamda tinchlik, samimiyat va hamkorlik elchisidir...
«Taraqqiyotning umumiy ko‘lamida har bir xalqning o‘rni o‘sha xalq o‘qiyotgan kitob­larning umumiy soni bilan belgilanadi», degan fransuz adibi E. Labule.

«Men biror shahar haqida undagi kitob do‘konlariga qarab xulosa chiqaraman», degandi A. Rubnshteyn.
Frensis Bekon «Kitoblar vaqt to‘lqinlarida kezib, o‘zining qimmatbaho yukini avloddan-avlodga tashib o‘tayotgan tafakkur kemalaridir», deganda ming marta haq edi.

Bundan ortiq, bundan oshirib, bir gap aytib bo‘lmaydi.
Xulosa shuki, agar biz hozir, avvalo, o‘zimiz kitob o‘qimasak, bolalarimizni aynan shu kunlarda kitob o‘qishga o‘rgatol­masak, keyin o‘rgatolmaymiz.

...Men kitob o‘qimaydigan ­avlod shakllanishidan qo‘rqaman!

Ahror AHMEDOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)