Avtokredit arzonlashadi mahalliy mashinaga talab oshiriladi

13 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida tarmoq va hududlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yuqori darajada ushlab turish masalalari muhokama qilingan yig‘ilishda aholi iste’molini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim choralar ko‘rib chiqildi. Shu jarayonda mahalliy avtomobillarga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish uchun avtokredit stavkalarini pasaytirish va kredit ajratish hajmini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, hozir mamlakatda yiliga 650 ming donagacha avtomobil ishlab chiqarish imkoniyatiga ega 4 ta yirik korxona ishlamoqda. Endi esa ishlab chiqarish zanjirini yanada mahalliylashtirish uchun joriy yilda 300 dan ortiq korxona bilan kooperatsiya asosida qo‘shimcha 763 turdagi detal ishlab chiqarish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, ishlab chiqariladigan avtomobillar sonini 510 ming donaga yetkazish zarurligi ham alohida urg‘ulandi. Bu talab va taklif muvozanatini ushlash, bozordagi navbat va kutuvlarni qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Alohida e’tibor Chirchiqdagi klaster faoliyatiga ham qaratildi. Agar u to‘liq quvvatda ishlab, agrotexnikani arzonroq narxda chiqara olsa va lizing kompaniyalari bilan qulay moliyaviy yechimlar yo‘lga qo‘yilsa, dehqon va fermerlar yiliga kamida 15 mingta texnika xarid qilishga tayyor ekani aytildi.
Yakunida avtomobil sanoati mas’ullariga har bir imkoniyatni chuqur tahlil qilib, joriy yilgi ishlab chiqarish dasturini 10,5 foiz o‘sishga mos holda qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!