Go‘sht narxini tushirish uchun yangi subsidiya kiritildi

O‘zbekistonda aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va bozorda narxlar barqarorligini saqlash maqsadida go‘sht importi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun yangi imtiyozlar joriy etilmoqda.
Prezident tomonidan joriy yil 7 aprel kuni qabul qilingan “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, mol va qo‘y go‘shtini import qiluvchi tadbirkorlarga davlat tomonidan vaqtinchalik subsidiyalar beriladi.
Qarorga ko‘ra, 1 apreldan 1 avgustga qadar xorijdan mol va qo‘y go‘shtini havo transporti orqali olib kirish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Biroq har bir kilogramm mahsulot uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 0,8 AQSh dollaridan oshmasligi belgilangan.
Shuningdek, 1 apreldan 31 dekabrgacha xorijdan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramollar bo‘yicha ham qo‘llab-quvvatlash tizimi amal qiladi. Unga ko‘ra, ularning qiymatining 10 foizi davlat tomonidan qoplanadi, lekin har bir bosh qoramol uchun 4 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.
Mazkur subsidiyalar Agrar sohada to‘lovlar agentligi orqali moliyalashtiriladi. Mutaxassislar fikricha, bu choralar kelgusida go‘sht bozorida taklifni oshirib, narxlarni barqaror saqlashga xizmat qilishi mumkin.