Xorijda o‘zbek restoranini ochgan tadbirkorga davlat xarajatlarning yarmini qoplab beradi

Xorijiy davlatlarda o‘zbek milliy taomlari restoranini ochgan yoki ochishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini davlat subsidiyasi orqali qoplashi mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan bepul ko‘rsatiladi. Undan O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar foydalanishlari mumkin.
Subsidiya olish uchun ariza beruvchilar xorijda ro‘yxatdan o‘tgan restoran va bino huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim. Bundan tashqari, sanitariya hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar, sarflangan xarajatlar va O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganiga oid hujjatlar talab qilinadi. Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishi aks etgan fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi. Zarur hollarda hujjatlarning rasmiy tarjimasi ham so‘ralishi mumkin.
Arizalar 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ma’qullangan taqdirda, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni davomida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Agar hujjatlarda kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etib, arizani qayta topshirish mumkin.
Tadbirkorlar subsidiya olish uchun arizalarni my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ayrim tibbiyot xodimlariga uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratilishi haqida ham xabar berilgan edi.































Izohlar 0
…