1 oktyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi ?

1 oktyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi ?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 1-oktyabrdan O‘zbekistonda jamoat transporti tariflari o‘zgaradi, Toshkentda avtobus va metro uchun karta orqali to‘lovlar oshiriladi.
  • Shuningdek, ayrim toifadagi fuqarolar uchun shaharlararo transportda imtiyozlar joriy etiladi va Olmaota—Toshkent poyezdida ayollar uchun alohida vagon qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
  • Mamlakat bo‘ylab “Tozalik va ozodalik” ikki oyligi boshlanadi hamda elektrotexnika va go‘sht sanoati kabi sohalarga yangi subsidiya va kreditlar ajratiladi.

1 oktyabrdan O‘zbekiston hayotining turli sohalarida qator yangi tartib va qoidalar amal qila boshlaydi. Jumladan, Toshkentda avtobus va metro tariflari o‘zgaradi, ayrim toifadagi fuqarolarga shaharlararo transportda bepul yoki imtiyozli chiptalar taqdim etiladi.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab “Tozalik va ozodalik” ikki oyligi boshlanadi, go‘sht va elektrotexnika sohalariga yangi subsidiya hamda kreditlar ajratiladi. Pensiya va ijtimoiy himoya tizimida ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ayrim hududlarda ta’lim, tadbirkorlik va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar ham kuchga kiradi.

Respublika bo‘ylab “Tozalik va ozodalik” ikki oyligi boshlanadi

2026 yil 1 oktyabrdan O‘zbekiston hududida “Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi o‘tkaziladi. Uning dastlabki bosqichida yashil hududlarning joylashuvi aniqlanib, yer maydonlari ko‘chat ekishga tayyorlanadi. Shu bilan birga, ko‘chat va butalar zaxirasini shakllantirish ishlari ham amalga oshiriladi.

Ko‘chat ekish mavsumi hududlarning iqlim sharoitiga qarab turli sanalarda boshlanadi. Xususan, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 1 noyabrdan, Buxoro va Navoiyda 5 noyabrdan ko‘chat ekishga kirishiladi.

Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida mavsum 10 noyabrdan boshlanadi. Surxondaryo va Qashqadaryoda esa ko‘chat ekish ishlari 20 noyabrdan yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan “Yashil mahalla” loyihasi doirasida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etiladi. Uning doirasida mahallalarga o‘rmonchi-murabbiylar biriktiriladi.

Toshkentda avtobus va metro yo‘l haqi 2 500 so‘m bo‘ladi

1 oktyabrdan poytaxt jamoat transportida karta orqali to‘lanadigan yo‘l haqi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshiriladi. Naqd pulda to‘lash tarifi esa o‘zgarmay, 3 000 so‘m bo‘lib qoladi.

Transport kartasidan foydalangan yo‘lovchi avtobusdan boshqa avtobusga bir soat ichida o‘tsa, ikkinchi qatnov uchun 1 500 so‘m to‘laydi. Uchinchi va to‘rtinchi avtobuslarda esa qo‘shimcha yo‘l haqi undirilmaydi.

Metro bo‘yicha esa bir soatlik tarif doirasida faqat bir marta foydalanish imkoni beriladi.

Bir kunlik avtobus tarifi 11 500 so‘m, 30 kunlik tarif esa 250 ming so‘m etib belgilanadi. Metrodan foydalanishning kunlik tarifi 13 500 so‘m, oylik tarifi esa 345 ming so‘mni tashkil qiladi.

Olmaota—Toshkent poyezdida ayollar vagoni paydo bo‘ladi

1 oktyabrdan Olmaota—Toshkent xalqaro poyezd yo‘nalishida ilk bor ayollar uchun alohida vagon qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu vagon uchun chiptalar faqat xotin-qizlarga sotiladi. Yo‘lovchilarga esa ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, kattalar hamrohligida bo‘lgan 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning ham mazkur vagonda safar qilishiga ruxsat beriladi.

Chiptalarni temir yo‘l kassalaridan yoki bilet.railways.kz sayti orqali xarid qilish mumkin.

Ayrim fuqarolar shaharlararo transportda imtiyozga ega bo‘ladi

1 oktyabrdan urush nogironlari va ishtirokchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi halokat oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan fuqarolar uchun shaharlararo transportda yangi imtiyozlar amal qiladi.

Ularga havo, temir yo‘l va shaharlararo avtobus transportida bepul yoki 50 foiz chegirma asosida chiptalar beriladi.

Imtiyozli chiptani rasmiylashtirishda faqat ID-karta yoki biometrik pasport talab qilinadi.

2027 yil 1 yanvardan esa mazkur chiptalarni “Ijtimoiy karta”ning “Baraka” mobil ilovasi orqali ham xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochuvchilarga 7 foizli kredit

Qoraqalpog‘istonda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish niyatidagi tadbirkorlarga imtiyozli kredit ajratiladi.

Kredit 15 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan yillik 7 foiz stavkada beriladi.

Mamlakatning boshqa hududlarida esa kredit foizi hududning markazdan qanchalik uzoq joylashganiga qarab 7 foizdan 15 foizgacha belgilanadi.

Sovitilgan mol va qo‘y go‘shti importiga subsidiya beriladi

2026 yil 1 oktyabrdan tadbirkorlik subyektlariga sovitilgan mol va qo‘y go‘shtini xorijdan olib kirishda har bir kilogramm mahsulot uchun 2 500 so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash mexanizmi 2027 yil 1 iyunga qadar amal qilishi belgilangan.

Bundan tashqari, 2026 yil hosili uchun paxta xomashyosining har bir tonnasiga 500 ming so‘mdan subsidiya ajratiladi. O‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlariga esa har bir gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya beriladi.

Buxoroning tarixiy hududida ayrim transport vositalari cheklanadi

1 oktyabrdan Buxoro shahrining tarixiy qismida elektroskuter, elektrosamokat, moped, to‘rt g‘ildirakli velosiped va kartingdan foydalanishga cheklov joriy etiladi.

Bundan tashqari, ushbu hududda ot va tuyada harakatlanish ham cheklanadi.

Yangi tartib Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambli, Haqiqat ko‘chasi orqali Labi Hovuz ansambligacha bo‘lgan hududni qamrab oladi.

Qaror turistlar va piyodalar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, jarohatlanish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Ishlamaydigan oila a’zolari uchun ijtimoiy soliq to‘lash imkoni paydo bo‘ladi

1 oktyabrdan fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat qilayotgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lasa, ularga bir yillik ish staji avtomatik tarzda hisoblanadi.

2027 yil 1 yanvardan esa rasmiy daromadga ega fuqarolar ishlamaydigan oila a’zolarining ish stajini shakllantirish uchun har oy ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash huquqiga ega bo‘ladi.

Buning uchun har oy 163 200 so‘m, ya’ni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash mumkin.

Elektrotexnika korxonalariga 5 mln dollargacha kredit ajratiladi

1 oktyabrdan elektrotexnika sanoatida faoliyat yuritayotgan korxonalarning aylanma mablag‘larini ko‘paytirish maqsadida tijorat banklari orqali 5 mln dollargacha kredit berish yo‘lga qo‘yiladi.

Kreditlar ikki yilgacha muddatga, uch oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz stavkada ajratiladi.

Shuningdek, kreditning 50 foizigacha bo‘lgan qismiga davlat kafilligi beriladi. Biroq kafillik miqdori 20 mlrd so‘m ekvivalentidan oshmasligi kerak.

Elektrotexnika, elektronika va robototexnika sohalariga kamida 50 mln dollar investitsiya kiritadigan tayanch investorlar uchun ham qator imtiyozlar belgilanadi.

Jumladan, ular 10 yil muddatga yer, mol-mulk va foyda soliqlaridan ozod etiladi.

Xavfli chiqindilar bo‘yicha korxonalar yangi hisobot tartibiga o‘tadi

1 oktyabrdan xavfli chiqindilar hosil qiluvchi korxonalar yil yakuni bo‘yicha statistik hisobotlarni shakllantirib, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalariga taqdim etadi.

Bundan tashqari, korxonalar har chorak yakunida, keyingi oyning 20-sanasiga qadar, yillik reja ko‘rsatkichlari, hosil bo‘lgan chiqindilar miqdori va ularning keyingi harakati haqidagi ma’lumotlarni agentlikning axborot tizimiga kiritib borishi lozim.

O‘zbekistonda 2030 yilgacha xavfli sanoat chiqindilarini qayta ishlash darajasini 20 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.

Xorazm va Navoiyda nogironligi bo‘lgan bolalar ehtiyojlari o‘rganiladi

1 oktyabrdan Xorazm va Navoiy viloyatlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning ehtiyojlarini erta va kompleks baholash bo‘yicha pilot loyiha ishga tushiriladi.

Baholash jarayonida ijtimoiy xodimlar ham ishtirok etadi.

2026/27-o‘quv yilidan maxsus maktablarda ta’lim jarayonini har bir bolaning individual ehtiyojlari va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda tuzilgan o‘quv rejasi asosida tashkil etish rejalashtirilgan.

Nogironligi bo‘lgan bolalarni assistiv vositalar bilan vaucher asosida ta’minlash esa 2027 yildan boshlanishi ko‘zda tutilgan.

Ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalarga imtiyoz

1 oktyabrdan qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga qabul qilgan korxonalar ushbu xodim uchun 2 foiz miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi.

Mazkur mexanizm aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda oilalar uchun doimiy daromad manbasini yaratishga qaratilgan.

15 oktyabrdan biznesni ro‘yxatga olish jarayoni boshlanadi

O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatga olish 15 oktyabrdan 30 noyabrgacha o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish jarayoni mamlakat hududida 2026 yil 1 oktyabr holatiga amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2027 yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari asosida aholining statistik registrini shakllantirish rejalashtirilgan.

Ushbu ma’lumotlar asosida aholi sonini hisoblash va uni muntazam ravishda e’lon qilib borish amaliyoti ham joriy etiladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar